Hujjatlar avvalo davlat tilida yozilishi kerak Insoniyat tarixining mukammal yaratilishi, ajdodlar yaratgan maʼnaviy, ilmiy, maʼrifiy boyliklarning avlodlardan avlodlarga o‘tishi yozuvning ixtiro qilinishi bilan bog‘liq. Turkiy xalqlar ijod qilgan turk-run va uyg‘ur hamda uzoq tarixda isteʼmolda bo‘lgan boshqa ko‘plab yozuvlar tufayli eng qadimgi zamonlardan boshlab ota-bobolarimizning yaqin-yiroq mamlakatlar bilan o‘zaro turli-tuman munosabatlarini aks ettiruvchi yozishmalar, yilnomalar, hujjatlar, yaratilgan ming-minglab badiiy, ilmiy, tarixiy, maʼrifiy asarlar yetib kelgan. - Tarixda miloddan avvalgi 1792-1750-yillarda Bobilda podshohlik qilgan Hamurappi, miloddan avvalgi 2112-2094-yillarda hukmronlik qilgan Ur-Nammularning “Qonunlar majmui” eng qadimgi va nodir hujjatlar sanaladi. Hujjatchilik borasidagi bu anʼana turk hoqonlarining “Qonunnoma”sida ham davom ettirilgan bo‘lib, unda Buyuk turk hoqonligining davlatni idora qilish tartib-qoidalari, turli mansab egalarining vazifalari, soliq solish va uni to‘plash tartibi, harbiy yurishlar o‘tkazish, qo‘zg‘olonlarni bostirish qoidalari bayon etilgan. Xondamirning “Qonuni Humoyun”, Ro‘zbehxonning “Suluk al-muluk” kabi noyob tarixiy manbalar ham turkiy xalqlar tarixida hujjatchilik anʼanalari juda qadimgi davrlarda boshlanganligidan dalolat beradi. Qayd etib o‘tilgan tarixiy manbalardan tashqari, hoqonliklar, shohliklar, xonliklar, amirlik va bekliklarda yuritilgan farmonlar, bitimlar, arznomalar, yorliq, tilxat, qarznoma, guvohnoma kabi ko‘plab hujjatlarning turli-tuman yozuvlarda tayyorlangan noyob nusxalari, namunalari ham bizgacha yetib kelgan.
- Bizgacha yetib kelgan hujjatlar ichida eng muhimi va butun dunyoga tarqalib, shohlar va sarkardalar, davlat arboblari uchun dasturilamal vazifasini o‘tab kelgan noyob manba buyuk bobokalonimiz sohibqiron Amir Temurning “Temur tuzuklari”dir. Tuzuklar o‘rta asrlar davlatchiligining asosiy qonuni sifatida mashhur bo‘lib, unda davlatni idora qilishda kimlarga tayanish, toju taxt egalarining tutumi va vazifalari, vazir va qo‘shin boshliqlarini saylash, sipohiylarning maoshi, boj va soliq to‘lash tartib-qoidalari, mamlakatlarni boshqarish tartibi, davlat arboblari va qo‘shin boshliqlarining burch va vazifalari, vazirlar va boshqa mansabdorlarning toj-u taxt oldida ko‘rsatgan alohida xizmatlarini qay tarzda taqdirlash tartibi va boshqa shu kabi muhim qoidalar o‘z ifodasini topgan. Shuningdek, o‘sha davr huquqni nazorat va muhofaza etuvchi mutasaddilar – qozilar tomonidan tasdiqlangan meros mulkni taqsimlash, bolalarni hunar o‘rganish uchun shogirdlikka berish, korxonalar, savdo do‘konlari, yer-suv hamda uy-joy, mol-mulkni sotish, sotib olish yoki ijaraga berish, qullar mehnatidan foydalanish yoki ularni ozod etish, oila, nikoh, taloq, sulh kabi qator huquqiy munosabatlar aksini topgan vasiqalar to‘plamlari ham fikrimizni asoslaydi.
- Hazrat sohibqiron Amir Temur va uning avlodlari tomonidan boshqarilgan yurtlarda davlat ishlari turkiy (o‘zbek) tilda yuritilgan. Boburning “Boburnoma” asari bunga yaqqol guvohlik beradi.
- Bu o‘rinda, ayniqsa, sulton Husayn Boyqaro hukmronligi davrida alohida eʼtibor bilan qaralganligini taʼkidlab o‘tish lozim. Ularning bu anʼanalari keyingi asrlarda Buxoro, Qo‘qon, Xiva xonliklari tomonidan davom ettirildi.
- Afsuski, bu jarayon chor Rossiyasining Markaziy Osiyoni bosib olishi bilan to‘xtab qoldi, anʼanalar unutildi. Hujjatchilik tanazzulga uchradi. Mamlakatning boshqaruv-nazorat organlarida barcha hujjatlar rus tilida yuritishga o‘tkazildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |