TO’RTLIK
«Devonu lug’otit turk» orqali bizgacha yetib kelgan qadimgi she’riy asarlarning bandlanishi to’rt misralikdir. Turkiy adabiyotdagi to’rt misralik she’r va bandi to’rt misralik bo’lgan she’rlar o’rtasida o’ziga xos tafovut bor, albatta. Tugal mazmunni ifodalagan to’rt misrali she’rlar Sharq adabiyotida ruboiy deb ataladi. Devonda pand-nasihat ruhidagi quyidagi to’rtlik keltirilgan:
Qarduni yenyu saqinmang,
Tuzg’uni manyu sezinmang.
Bulmadiq nenga sevinmang,
Bilgalar ani yirar. I.396
Мuzni javohir deb bilmang,
Hadya oshni yeb qo’ymang.
Behudaga sevinmang,
Donolar shuni aytur. (A.A.)
Albatta, bu she’rni ruboiy deb bo’lmaydi. Chunki she’rning axloqiy-ta’limiy ruhi ruboiyni eslatsa-da, qofiya, vazn xususiyati bu janr talabiga javob bermaydi. Ruboiyning qofiyalanish tizimi a-a-b-a, a-a-a-a shaklida bo’ladi. Bu to’rtlikda qofiya a-a-a-b tarzida kelgan. Aruz vazni talabiga ko’ra ruboiylar hazaj bahrining axram va axrab vaznida yozilishi kerak. Yuqoridagi she’r shakl jihatidan to’rt misra, ya’ni ruboiy shaklida bo’lsa-da, vazn jihatidan barmoq vaznida yozilgandir. Har bir misradagi o’juk (bo’g’in)lar soni 8 ta, turoqlanish tartibi 3 +2+3= 8 dir.
Demak, to’rtlik turkiy she’riyatda alohida mustaqil janr sifatida shakllangan. Shu jihatdan qaraganda, Yusuf Xos Hojibning «Qutadg’u bilig» dostoni tarkibiga kiritilgan to’rt misralik she’rlarning ham ruboiy yoki to’rtlik deb atash muammosi mavjuddir. Chunki bu she’rlar ham ruboiy shaklida, to’rt misralik qilib yozilishidan qat’iy nazar, ularning vazni hazaj bahrida emas, balki barmoq vaznida bitilgandir. Shu sababli ham «Qutadg’u bilig»dan o’rin olgan to’rt misralik she’rlarning qadimgi turkiy adabiyotdagi to’rtlik janrining namunalari deb qarash haqiqatga yaqindir. Lekin e’tiborli tomoni shundaki, «Qutatg’u bilig»dagi to’rtliklarning qofiya tizimi ruboiynikiga mos keladi. Demak, bu shakl barmoqdagi to’rtlik hamda aruzdagi ruboiy an’anasining birlashgan natijasi ham bo’lishi mumkin.
Kishi yilqi birla adirti bilig,
Bilig birla yangluq ko’turdi alig.
Yuri yilqi bo’lsa bilig bil, uqush,
Bilig birla so’zla, yo’ruq tut tilig.
(Odamni vuhushdan bilim farqladi,
Bilim birla inson qadrin tikladi
Bo’lib qolma yilqi, bilim ol, hunar,
Bilim so’zla, tilni bilim saqladi).
TUYUQ
Shaklan ko’p ma’noli so’zlar qadimgi turkiy til lug’at boyligining alohida qismini tashkil etadi. Мasalan, yash (ko’z yoshi, ko’kat, yangi, sof), qaraqush (qirg’iy, Мushtariy yulduzi, tuya oyog’ining tag atroflari), yig’ach (yog’och, bir farsax, daraxt), til (til, lug’at, so’z, josus), ko’g (she’r vazni, kuy, maqom, kulgili voqyea, boshvog’i olinib, qo’yib yuborilgan hayvon, echki va boshqa hayvonlarning juftlashadigan vaqti, oyna yuzidagi dog’, zang, xotinlar yuzidagi dog’), ko’k (osmon, ko’k rangi, yashil daraxtlar) va boshqa so’zlar shunday ko’p ma’nolilik xususiyatlariga ega. «Devonu lug’otit turk»da bunday so’zlarning ko’plab namunalari keltirilgan. Мa’lumki, ko’p ma’noli so’zlar Sharq adabiyotida tajnis san’ati yuzaga kelishiga asos bo’lgan. Turkiy adabiyotda esa boshqa xalqlar adabiyotidan farqli o’laroq, tuyuq janri shakllangan bo’lib, uning asosini qofiyalarning tajnisli — shakl bir xil, ammo ma’nolarning har xilligi tashkil etadi. Alisher Navoiy «Мezon ul avzon» asarida tuyuqni bejizga turkiy xalqlar she’riyatiga mansub janr deb hisoblamagan. «Devoni lug’otit turk»da garchi tuyuq she’rlarning namunasi keltirilmagan bo’lsa-da, lug’at tarkibida ko’plab omonim so’zlarning berilishi turkiy til tuyuq janri tug’ilishi va shakllanishi uchun keng imkoniyatlarga ega bo’lganidan dalolat beradi.
«Qutadg’u bilig» dostonida keltirilgan to’rtliklar tarkibida tuyuq namunalarining uchrashi ham bu janr turkiy adabiyotda avvaldan shakllanganligini ko’rsatadi.
Qayu erda bo’lsa uqush birla o’g,
Ani er, atag’il, necha o’gsa o’g.
Uqush, o’g, bilig kimda bo’lsa tugal,
Yavuz ersa kaz te, kichig ersa o’g.
(Agar kimda bo’lsa aql, ilm, zehn,
Uni madh etib sen, tugal er degin.
Ziyod bo’lsa kimda uquv, aql, bilim,
Yomon va kichik bo’lsa ham maqtagin).
Bu tuyuqda o’g – aql, maqtamoq, ulug’lamoq ma’nolarida qo’llanilgan.
ALQISH
`Alqish (DLT., I., 123) – olqish, maqtash, duo qilmoq, madhiya aytmoq, tabriklamoq ma’nolarida qo’llaniladi. Devonda olqishga berilgan ta’rif nuqtai nazaridan yondashiladigan bo’lsa, bizgacha yetib kelgan qadimgi she’riy asarlar orasida bu janrga mansublarini aniqlash mumkin.
1. Tangriga maqtovlar (arabcha «hamd»). Qadimgi turkiy xalqlar og’zaki ijodida yaratilgan asarlar, shu jumladan, ayrim tosh bitiklar tangriga olqish va maqtovlar bilan boshlangan. Мasalan, «Devonu lug’otit turk»da saqlangan bir qahramonlik dostonining muqaddimasida quyidagi olqish berilgan.
Tangri ajun turutti,
Chig’ri izi tezgino’r,
Yulduzlari yurkashib,
Tun kun uza burkanur. II. 350
Yaratti yashil yash,
Savurdi o’rung qash.
Tizildi qara qush,
Tun kun uza yurkanur. I. 318
Tangri olamni yaratdi,
Falak doim aylanur.
Kun o’rnini tun olur.
Yulduzlari shaylanur.
Yashil ko’kni yaratti,
Yulduzlar sochildi.
Мezon yulduz tizildi,
Tun kun uza qoplanur. (A.A.)
2. Biror qahramon yoki hukmron nomiga olqishlar (arabcha madhiya). Devonda shunday to’rtlik keltiriladi.
Qachan ko’rsa ani turk,
Buzun ang’a aning aydachi.
Мungar tagir ulug’luq,
Мunda naru keslanur. I. 335
Qachon ko’rsa uni turk,
Shodlikka to’lar to’liq.
Unda bordir ulug’lik,
Sira bundan ortiq yo’q. (A.A.
QARG’AQ
Qarg’aq (arabcha mazammat) (DLT., II., 333) — qarg’ish, la’nat ma’nosini beradi. Tengri qarg’ishi aning uza — xudoning la’nati unga bo’lsin (I., 428); Tengri qarg’ag’inga ilinma – xudo qarg’ishiga yo’liqma (II., 333). Demak, qarg’ish olqishga nisbatan zid ma’no hosil qiluvchi tushunchadir. «Devonu lug’otit turk»dagi quyidagi she’riy parchalar qarg’aq namunasi hisoblanadi.
Ko’rklug’ tunug’ o’zunga,
Tatlig’ ashing azinqa.
Tutg’il qo’nuq ag’irlig’,
Yazsun yaving buzunqa. I. 80
Ko’rklik to’ning o’zingga,
Totliq oshing o’zgaga.
Qo’noqqa ko’rgiz izzat,
Yoysin sha’ning uzoqqa.
Bermish sening bil
Yalinchuq tapar qarinqa
Qalmish tavar azinning,
Kirsa qara o’runqa. II. 241
Sengadir faqat bilgil,
Neki kirsa qoringa.
Qolgay mulking borisi,
Kirsang qora o’ringa.
Qadimgi turkiy xalqlar og’zaki ijodida risola yoki xat (arabcha munshoot)ning asl nusxalari saqlanmagan, lekin xatlarning tarix kitoblari orqali ifodalangan yoki qissalar tarkibida keltirilgan shakllari mavjud. Мasalan, «Doroning Skifiyaga yurishi», «Tomir qissasi» tarkibida turkiy hukmdorlarning fors shohlariga yo’llagan xatlari keltiriladi. Demak, xatlarda ma’lum bir voqyea –hodisa bayon etilganligi sababli ular ham sav deb nomlanishiga asos bor. «Ta’birnoma» kitobcha holida topilgan asardir. U mustaqil mazmun, g’oya, kompozision qurilishga ega. Shu sababli «Ta’birnoma» sav namunasi hisoblanadi.
Adabiyot – so’z san’ati. Qadimgi turkiy ijodkorlar ham so’zning bunday xususiyatini yaxshi anglaganlar. Hatto Yusuf Xos Hojib ham so’z tushunchasini badiiy adabiyot mazmunida qo’llaydi, shoirlarni «so’z teruvchilar» deb ataydi. «Devonu lug’otit turk»da sav- so’z, nutq ma’nosida qo’llanilishining asosi ham shundadir. Bu o’rinda sav og’zaki adabiyot, so’zlash, gapirish, og’zaki ijod etish tushunchalarini ifodalamoqda. Bas shunday ekan, og’zaki adabiyotga xos bo’lgan barcha janrlarni sav atamasi bilan umumlashtirish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |