Bog'liq Mavzu Yevropa mutafakkirlari Platon, Dekart va Yumning falsafag (1)
2. Uyg‘onish davri falsafasi Uyg‘onish davri ilk burjuaziya inqiloblarining g‘oyaviy va madaniy taraqqiyotining tarixiy jarayoni sifatida ifodalanadi. yevropa mamlakatlarida XII-XIII asrlardayoq sanoat, savdo-sotiq, dengizda yurish rivoji va harbiy ishning o‘sishi kuzatiladi. O‘rta asrlarning ilohiyotchiligi bilan kurashda birinchi o‘ringa insonparvarlik va inson maqomini ulug‘lash (antropotsentrizm) qo‘yildi. yerdagi dunyoviy ishlarga nafrat bilan qarash o‘rniga insonning ijodiy qobiliyati, aqli, baxt-saodatga intilishini tan olish qo‘yiladi. Insonparvarlik g‘oyalarini amalga oshirish o‘tmishdagi yutuqlarni o‘zlashtirishni taqozo etar edi, shuning uchun qadimgi davr falsafiy boyligini egallashga intilish boshlandi. Uyg‘onish bu eng avvalo qadimgi davrda yaratilgan asarlarni ozodona anglash bo‘lib, tayyor va o‘zgarmaydigan haqiqatlardan yuz o‘girishdir. Qadimgi davr faylasuflari gap tekizib bo‘lmaydigan obrumand odamlardan ko‘ra, ko‘proq ittifoqdosh shaxslar sifatida qabul qilina boshladilar. Olimlar va faylasuflar endi yopiq maktablarning vakillari sifatida emas, balki alohida olingan tadqiqotchilar sifatida namoyon bo‘la boshladilar. Voqyeylik ko‘proq hisobga olinadigan bo‘lib, diqqat-e'tibor amaliy ahamiyat va foyda keltiradigan masalalarga qaratiladigan bo‘ldi. Aqlni sxolastikadan qutiltirish boshlandi va faqat mantiqiy muammolardan ko‘ra dunyo va insonni tabiiy - ilmiy tushunishga o‘girilindi.
Nikolay Kuzanskiy (1401-1464) ta'limotida inson bilimining kuch-qudrati ta'kidlandi; insonning o‘zi ijodiy aqliy faoliyatining («inson uning aqlidir») vositasida qandaydir xudoga o‘xshash ekanligiga ishora qilindi. Kuzanskiyning faoliyatida dialektika unsurlarini ham topish mumkin.
Inson maqomini yuqori ko‘tarish g‘oyasi Piko della Mirandola (1463-1494) ijodida asosiy o‘rin tutadi. Inson tanlash erkinligiga ega va bu uni koinotga bog‘lab qo‘ymaydi va ijodiy qobiliyatini o‘z-o‘zicha namoyon qila olishligini ta'kidlaydi.
Nikolay Kopernikning (1473-1543) «Samoviy doiralarning aylanishi haqida» asari astronomiyada inqilob yasadi, negaki, quyidagilarni o‘z ichiga olgan geliotsentrizm sistemasini ta'kidladi: 1. yer Koinot markazida harakatsiz ravishda mavjud bo‘lmasdan, balki o‘z o‘qi atrofida aylanadi; 2. yer Quyosh atrofida aylanadi. Kopernikning geliotsentrik nazariyasi falsafa taraqqiyotiga sezilarli ta'sir ko‘rsatdi, ammo adashishlardan ham holi emas edi: birinchidan, Kopernik dunyoning oxiri bor degan hukmron aqidaga qo‘shilar edi, va, ikkinchidan, yerni Koinotning markazi bo‘lish imtiyozidan mahrum qilib, shunday markazni Quyoshga nisbatan saqladi.
Mashhur «Tajribalar» asarining muallifi Mishel Montenning (1533-1592) skeptitsizmi doimiy ijodiy izlanishlar va tinib - tinchmaslik aqlning ramzi edi. Uning fikricha, inson tafakkuri doimiy ravishda tabiatning tabiiy qonunlarini bilish asosida mukammallashib borishi lozim.
Uyg‘onish davri panteizmining eng yirik vakili Djordano Bruno (1548-1600) edi. Qarama-qarshiliklarning bir-biriga o‘xshashligi haqidagi dialektik g‘oyani ta'kidlagan holda, Bruno falsafiy bilimlarning maqsadi Xudo emas, balki tabiat deb hisoblab, shu bilan birga koinotda tabiatning va dunyolarning cheksizligi haqidagi taxminlarni ifodalab berdi.
Mumtoz mexanikaning tamal toshini qo‘ygan, tajribaviy-nazariy tabiatshunoslikning asoschilaridan biri G.Galiley (1564-1642) edi. Uning fikricha, bilish sohasida ikki usuldan, ya'ni tahlil (analiz) va sintezdan foydalanib, tabiat hodisalarini hissiy qabul qilishdan ularni nazariy tushunishgacha borib yetmoq lozim. Shu tarzda haqiqiy bilim tahliliy va sintetik, hissiy va abstraktlik birligida yagonaligida o‘z ifodasini topmog‘i lozim.
Uyg‘onish davrida shakllangan g‘oyalar kishilarni dunyo va undagi inson maqomiga bo‘lgan qarashlarini o‘zgartirib yubordi va bu bilan keyingi fan va falsafa xususiyatida chuqur iz qoldirdi.