Yengil atletikada maxsus tayyorgarlik bo’yicha mahoratni oshirish.
Yengil atletikaning ko’pchilik turlari (yugurish, uzunlikka, balandlikka sakrash, o’quv granatini uloqtirish va boshqalar) shunchalik tabiiyki, ularni hatto endi boshlayotgan sportchilar ham texnikani qiyinchiliksiz bajara olishi mumkin. Lekin yengil atletikaning har qanday turida bu mashqlarni bajarish uchun maxsus ishlab chiqilgan vazifalar ketma-ketligi asosida texnikani shug’ullanuvchilarga o’rgatish birmuncha oson kechadi. Avvalo, “Sport texnikasi deganda nima tushuniladi?”, “Texnikaning o’zi nima?”, degan savolga javob berish o’rinli.
“Texnika” – grekcha so’zdan olingan bo’lib, sportda ma’lum bir harakatni “bajara olish san’ati” deb tushuniladi. Jismoniy mashq texnikasi doimiy ravishda o’zgarib turadi va takomillashib boradi. Takomillashgan harakat texnikasi yuqori natija ko’rsatish imkonini beradi. Unda sportchining mashg’ulotlarda uzluksiz ishtirok etishi natijasida jismoniy tayyorgarligi ortishi, unng tana tuzilishida o’zgarishlar sodir bo’lishi, mushak guruhlarining shakllanishi ifodalanadi.
Sport texnikasi – biror bir sport mashqini sportchi tomonidan o’zining psixofunksional imkoniyatidan kelib chiqib samarali tarzda bajara olish qobiliyati deb tushuniladi.
Sport texnikasi – muayyan harakatni tejamli va samarali ravishda ma’lum qoidalarga rioya etish orqali bajarish demakdir.
Takomillashgan texnika deganda, eng yaxshi natijalarga erishishga imkon beradigan, sport mashqlarini bajarishning eng samarali usullari tushuniladi.
Sport texnikasi har bir sport turida turlichadir. Yengil atletika mashqlari qanday usulda bajarilmasin, u har doim sportchining ongiga, uning jismoniy imkoniyatlari va irodaviy fazilatlariga, ma’lum ko’nikma malakalariga, organizmning funksional tayyorlik darajasiga, tashqi muhitning ta’siriga va harakat faoliyatiga bog’liqdir. Har bir yengil atletika mashqi o’z shakli va mazmuniga ega.
Yengil atletika mashqlari shakli – harakatlar yo’nalishlari, amplitudalari, harakat tezligi, sur’ati, bajarilish ritmi, yaxlit faoliyatdagi bir vaqtda va ketma-ket ijro etiladigan harakatlar muayyan mosligining kinematik tuzilishidir.
Yengil atletika mashqlari mazmuni – avvalo, harakat malakasining tuzilishi, boshqarilishi va ko’pgina boshqa tomonlarini belgilab beradigan irodaviy kuch ko’rsatish va asab jarayonlari tizimi, mushaklar kuchlanishi va qisqarishi bilan tezlik, kuch, chidamlilikning optimal daraja ko’rsatish bilan tavsiflanadi.
Yugurish, sakrash va uloqtirish texnikasi biomexanik nuqtai nazaridan rasional bo’lishi kerak.
Harakat yoki ishni erkin, yengil, ortiqcha qiynalmay bajaradigan bo’lish juda muhim. Hatto maksimal kuch sarflash zarur bo’lganda ham ishlamay turgan mushaklarni ma’lum vaqt ichida bo’shashtira olish lozim. Eng yuqori tezkor va chidamli bo’lish uchun maksimal kuch ko’rsatib, sportda yuqori natijalarga erishish ahamiyatlidir. Mushaklarning ortiqcha kuchlanishdan holi bo’lishi harakatlarni tejamli va samarali bajarish imkonini beradi. Ayniqsa, bu o’rta, uzoq, o’ta uzoq masofalarga yuguruvchilar va tez yuruvchilar uchun muhimdir. Harakatlarni tejamli bajarish – yuqori ish qobiliyatini uzoq vaqt saqlab qolish shartlaridan biridir. Shuning bilan birga, maksimal kuchlanish vaqtida harakatlarni rasional bajarish, sportchiga mashqlarni samaraliroq bajarish imkonini beradi.
Sportchining nafas olishi – sport texnikasining uzviy qismidir. Nafas tezligi va chuqurligi, nafas olish va chiqarish fazalarining davomiyligi va tanaffuslar harakat amalining hajmi, amplitudasi va sur’ati bilan chambarchas bog’liqdir.
Demak, sport mashqlari texnikasini ma’lum sharoitlarda yaxlit ishni bajarish usuli, deb bilmoq kerak. Shuning uchun ham yengil atletikachi harakatlarini boshqarish to’g’risida emas, balki aniq sharoitda uning hamma psixik va jismoniy faoliyatini boshqarish haqida ham gapirsa bo’ladi.
Sport texnikasini o’rgatish va uni tahlil qilishni yengillashtirish uchun yaxlit harakatlarni – yugurish, sakrash, uloqtirishni qismlar va fazalarga bo’lib, vazifalar ketma-ketligi asosida o’rgatish maqsadga muvofiqdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |