2.2. “Alutex” QK ning iqtisodiy va marketing faoliyati tahlili
“Alutex” (Alyumin texnologiyalari) nomi ostida 1999 – yildan boshlab O’zbekiston – Britaniya qo’shma korxonasi ish boshladi. Shu davrdan boshlab korxona alyumin profillari va jihozlarining ulgurji savdosi bilan shug’ullana boshlagan, ya’ni ularni tayyor holda import qilib, sotgan. Keyinchalik, 2003-yilda “alyumin profillarini o’zbekistonda ishlab chiqarish” loyihasini amalga tatbiq qildi va hozirgi kunda, loyihani yanada rivojlantirish ustida ishlar olib borilmoqda.
Alutex QK alyumin profillari va jihozlari uchun ixtisoslashtirilgan O’zbekistondagi birinchi korxona hisoblanadi. ISO 9001, DIN 1055 (Germany), TS 498 (Turkey), GOST 8617-81 (Russia) standartlari, korxona tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarning asosiy normativ hujjatlari bo’lib hisoblanadi. Alutex alyumin profillari sohasida ilg’or rivojlanayotgan korxonalardan biridir.
Alyumin profillarini ishlab chiqarishda eng zamonaviy texnologiyalardan foydalaniladi va bu omil sifatli mahsulotning garovi hisoblanadi. “O’zbekistondagi 1-raqamli profil” – korxona mahsulotlariga bunday nomning berilishi bejiz emas albatta, chunki Alutex QK MDH davlatlarida marketing tadqiqotlari agentligi tomonidan har yili o’tkaziladigan “Yil tanlovi” konkursida bir necha yillardan beri birinchi o’rinni egallamoqda. Korxonaga Germaniyaning “Grenier Extrusion GmbH” korxonasi tomonidan berilgan DIN 1055 sertifikati esa, korxona mahsulotlarining Yevropa standartlariga to’liq javob berishini bildiradi.
Mahsulot tayyor bo’lishi uchun bir necha bosqichlarni bosib o’tadi. Ular quyidagilar:
Eritish
Korxonaning eritish sanoati presslash bo’limini alyumin qotishmalari bilan ta’minlab beradi. Bunda A7 A8 markali quyma birlamchi alyumin ishlatiladi. Presslash bo’limini uzluksiz ta’minlash uchun 22 tonnali shaxta tipidagi 2ta eritish, quyish pechi ishlab ishlab turadi. Avtomatlashtirilgan stanok yordamida yarim tayyor mahsulot profillarga bo’linadi va presslash bo’limiga jo’natiladi. Presslangan profillarning nomenklaturasi 500dan ortiq va bo’limda 7ta presslash liniyasi ishlab turadi.
Anodlash
Profil tayyor bo’lgach anodlash vannalariga botiriladi va 25-85 daqiqa anodlanadi. Anodlash - profil sirtini elektroliz usulida oksid pardasi bilan qoplash hisoblanadi. Bundan profillarni turli xil kislotalar ta’siri natijasida o’z sifatini yo’qotmasligi uchun foydalaniladi.
Bo’yash
Zavodda profillarni kukunli emal bilan bo’yaydigan 3 ta avtomatlashtirilgan bo’yash liniyalari bor. Profillarni bo’yash uchun ko’p yillar xizmat qiladigan, tashqi ko’rinishi o’zgarmaydigan elektrostatistik bo’yash usuli qo’llaniladi. bu ham sifatli mahsulot uchun xizmat qiladi, uning yaroqlik muddatini oshiradi. Emallar RAL katalogi bo’yicha tanlanadi.
Bezash
Alyumin profillarini bezash – bu daraxt yoki toshlarning har xil ko’rinishlarini aks ettirish texnologiyasidir. Bu jarayon vakumli termokamerada amalga oshiriladi. U yerda kukun profil ustiga singib ketadi va profilni ko’rganingizda huddi taxtadan yasalgandek taassurot qoldiradi
Qadoqlash
Tayyor mahsulot maxsus himoya plyonkasi bilan qadoqlanadi. Odatda bitta qadoqda 6ta profil joylashgan bo’ladi, profillarning uzunligi 6 metrdan.
Laboratoriya
Alyumin qotishmasi kimyoviy tarkibining nazorati Foundry Master laboratoriyalari va kompyuter texnologiyalaridan foydalangan holda amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |