Ishlab chiqarish omillari nisbati nazariyasi
Nisbiy narxlardagi farq mamlakatlarning ishlab chiqarish omillari bilan notekis ta’minlanganligi bilan tushuntiriladi degan g‘oyani ilgari suruvchi xalqaro savdo nazariyasi ham mutlaq va nisbiy ustunlik nazariyalari kabi bir qator gipotezalarga asoslangan.
Ishlab chiqarish omillari nisbati nazariyasi ishlab chiqarish omillari, bozor, ishlab chiqarish, tovarlar tabiatiga o‘ziga xos munosabat jihatidan gipotezalarga asoslangan. Bu gipotezalarning ko‘pchiligidan mutlaq va nisbiy ustunlik nazariyalarida ham foydalanilgan. Farqi shundaki, ishlab chiqarish omillari nisbati nazariyasida avvalgidek ikki mamlakat va ikki tovar bo‘lsa-da, tovarning biri mehnat sig‘imli, ikkinchisi kapital sig‘imli bo‘lib, ishlab chiqarish omillari ham ikkita: mehnat – L hamda kapital – K. Bundan tashqari har ikki mamlakat ishlab chiqarish omillari bilan bir xil ta’minlanmagan. Mehnatning qiymat nazariyasi inkor etilmaydi, faqatgina qiymatning yaratilishida mehnatdan tashqari boshqa ishlab chiqarish omillari ham ishtirok etadi, degan fikr bilan to‘ldiriladi. Ayni paytda mamlakat u yoki bu tovarga to‘liq ixtisoslashmaydi va har ikki mamlakatda texnologiya bir xil. SHunday qilib, ishlab chiqarish omillari nisbati nazariyasidagi asosiy gipotezalardan biri alohida olingan tovarning mehnat yoki kapital sig‘imliligi hamda mamlakatlarning ishlab chiqarish omillari bilan bir xil ta’minlanmaganligi hisoblanadi.
Omillar intensivligi (factor intensity) — ma’lum bir tovarni yaratish uchun ishlab chiqarish omillari nisbiy sarfini belgilovchi ko‘rsatkich.
2-tovar 1-tovarga nisbatan kapital sig‘imliroq hisoblanadi, agar bu tovarni ishlab chiqarishda sarflangan mehnat va kapital xarajatlari nisbati 1-tovarga sarflangan xuddi shu xarajatlar nisbatidan ko‘proq bo‘lsa, ya’ni:
(K2/L2) > (K1/L1)
Omillar serobligi (factor abundance) — mamlakatning ishlab chiqarish omillari bilan nisbiy ta’minlanganligini belgilovchi ko‘rsatkich.
Omillar serobligi ikki usul bilan aniqlanishi mumkin: har bir ishlab chiqarish omilining nisbiy narxlari orqali va ishlab chiqarish omillarining mutlaq miqdori orqali. II mamlakat kapital bilan yaxshiroq ta’minlangan sanaladi, agar bu mamlakatda kapital va mehnat narxlari nisbati birinchi mamlakatdagi xuddi shu nisbatdan kichikroq bo‘lsa, ya’ni kapital II mamlakatda I mamlakatga nisbatan arzonroq bo‘lsa:
(Pk*/PL*) < (Pk/PL)
Odatda kapital bahosi deganda foiz stavkasi, mehnat bahosi deganda esa ish haqi tushuniladi. Bu erda ham gap omillari intensivligi holatidagi kabi nisbiy ko‘rsatkichlar haqida ketyapti.
Agar omillar serobliligini ishlab chiqarish omillarining mutlaq miqdori bilan aniqlaydigan bo‘lsak, u holda II mamlakatda mavjud kapital umumiy hajmining ishchi kuchi umumiy hajmiga nisbati I mamlakatdagi xuddi shu nisbatdan yuqoriroq bo‘lsa, II mamlakat I mamlakatga nisbatan kapitalga boy sanaladi:
(Tk/TL) > (Tk*/TL*)
Omillar serobliligining birinchi ta’rifi bozor muvozanatining har ikki tomoni – talab va taklifni hisobga oladi, chunki ta’rif omillar narxi orqali berilyapti, narx esa talab va taklifning muvozanati natijasidir. Ishlab chiqarish omillari narxi u yoki bu mamlakatda ularga ega bo‘lish imkoniyati darajasini hamda uning texnologik rivoji saviyasini aks ettiradi. Ikkinchi ta’rif esa talabni inkor etgan holda faqatgina taklifni inobatga oladi. Taklif ham ushbu holatda juda muhim, chunki u yaratilishida ishlab chiqarish omillari foydalaniladigan pirovard tovarlarga bo‘lgan talabdan kelib chiqyvchi hosilaviy talab hisoblanadi.
Turli ta’riflardan foydalanish ham bir xil, ham turli natijalarga olib kelishi mumkin. Agar birinchi va ikkinchi tovarlarga har ikki mamlakatda talab bir xil bo‘lsa, har bir ta’rifdan foydalanish natijasi bir xil bo‘ladi: YAponiyada kapitalning umumiy miqdorining mehnatning umumiy miqdoriga nisbati O‘zbekistondagiga nisbatan kamroq bo‘lgani bois YAponiya har ikki ta’rif bo‘yicha kapital serob mamlakat hisoblanishi mumkin. Agar O‘zbekistonga nisbatan YAponiyada kapitalga talab ortib bordi deb faraz qilsak, bu mamlakatda kapital taklifi nisbatan ko‘p bo‘lishidan qat’iy nazar, YAponiyada kapitalning nisbiy narxi O‘zbekistonga nisbatan yuqori bo‘ladi. Bu vaziyatda YAponiya ikkinchi ta’rifga ko‘ra, mutlaq miqdor bo‘yicha kapital serob, ammo nisbiy narxlarga asoslangan birinchi ta’rifga ko‘ra esa mehnat serob mamlakat hisoblanadi, chunki bu mamlakatda mehnat narxi nisbatan arzon bo‘ladi. SHunga o‘xshash ziddiyatlarga duch kelmaslik uchun u yoki bu mamlakatda omillar serobligini aniqlashda birinchi ta’rifdan foydalangan ma’qulroq.
Do'stlaringiz bilan baham: |