3.1.ILDIZ METAMORFOZI VA UNING ANATOMIK TUZILISHI.
Bir qancha o`simliklarning ildizlari o`z faoliyatlari davrida metamorfozga uchrab, oziq moddalar to`playdigan joy bo`lib xizmat qiladi. Shu munosabat bilan ular yo`g`on va etli bo`ladi. Ularning bir necha xili mavjud.
1. Ildizmevalar. Asosiy ildiz o`z shaklini o`zgartirib, yo`g`onlashadi va o`zida zapas oziq moddalarni to`playdi, Bunga sabzi, sholg`om, turp, rediska, petrushkalar kiradi.
2. Ildiz tuganak asosiy ildizlardan tashqari yon va qo`shimcha ildizlar ham metamorfozga uchrashi mumkin va oziq moddalari saqlanadigan yo`g`on joy ildiz tuganaklari yoki ildiz g`uddalari deyiladi. Ular qishni o`tkazish uchun emas, balki , vegetativ ko`payish uchun xizmat qiladi. Bularga kartoshkagul, eryong`oq;, batat kabi o`simliklarning ildiz tuganaklar misol bo`ladi.
3. Tayanch ildizlarni poyadan chiqqan qo`shimcha ildizlar hosil qilib, ular poyani tik tutib turish uchun xizmat qiladi. Bunday ildizlarni makkajo`xori, oqjo`xorida kuzatish mumkin.
4. So`rgich ildizlar. Tekinxo`r o`simliklarda xlorofill donachalari bo`lmaganligi sababli ular boshqa o`simliklarning oziq moddalari hisobiga yashaydilar. Bunday o`simliklarda asosiy ildizlar o`rnida so`rg`ich ildizlar bo`ladi. Bu xildagi ildizlar zarpechak va shumg`iyada uchraydi.
5. Havo ildizlari. Bu xildagi ildizlar tropik o`simliklarda uchrab, uning poyasidan ildizlar chiqib havoda ochilib turadi va undagi suv bug`larini o`zlashtiradi. Masalan, monstera o`simligi ildizi.
6. Nafas oluvchi ildizlar. Botqoqliklarda o`sadigan ayrim o`simliklar, masalan, botqoq sarvida ildizga qo`shimcha kislorod kerak bo`lganda ular nafas oluvchi ildizlarni hosil qiladi.
Ildizlar bajaradigan vazifasiga qarab har xil to`qimalardan tashkil topgan bo`lib, ular ildiz uchidan boshlab ma`lum tartibda joylashgan bo`ladi. Ildizning uchi, odatda ildiz qini bilan qoplangan bo`ladi va parenximatik hujayralardan iborat bo`ladi. Hujayralarning po`sti yupqa, tashqi tomoni shilimshiqdir. Bu esa tuproq zarrachalari orasida o`sayotgan ildizning harakatlanishini osonlashtiradi.
Ildiz qinining ustida uning o`sish nuqtasi yoki konusi joylashgan. O`sish konusining hujayralari bir xil meristema hujayralaridan iborat. SHu hujayralarning uzluksiz ketma-ket ajralishi natijasida aktiv bo`linadigan birlamchi meristema hosil bo`lib, ildizni o`stiruvchi va uning orqasida ko`plab bo`linadigan mayda meristema hujayralarini qoldiradi. Ularning to`plami bo`linish zonasi deb ataladi. Keyinroq meristema hujayralaridan cho`ziq va ingachka hujayralar gruppasi ajralib chiqadi va ular o`sish konusidan bir muncha yuqori (1-1,5 mm) joylashadi. Ular o`sish yoki cho`zilish zonasini tashkil etib, hujayralar bo`linishdan to`xtaydi. Ildizning birlamchi gistologik elementlari paydo bo`lishi bilan uning uchinchi zonasi boshlanib, so`rish zonasi deyiladi. Ildizning bu zonasidagi epiblema hujayralarining bir qismi tashqi tomonga bo`rtib o`sadi va tukchalar hosil qiladi. Ular suv va mineral moddalarni so`rish uchun xizmat qiladi. Ildiz tukchalarining umri juda qisqa bo`lib, birin-ketin yangi tukchalar hosil bo`laveradi. Har bir tukcha 10-20 kungacha yashaydi. Ba`zilari esa yog`ochlanib 2 yilgacha so`rish qobiliyatini yo`qotmaydi. Ildizning shu zonadan yuqori qismi o`tkazish zonasi deyilib, undan yon ildizlar chiqadi. Ularda ikkilamchi tuzilgan elementlar paydo bo`lib, o`tkazish vazifasini bajaradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |