SUYAKLAR RIVOJLANISHI Odam embrionida suyaklar to`qimasi boshqa hamma to`qimalarga nisbatan kechroq yoki ona qornidagi paytning 6-8 haftalarida mezenxima (embrion biriktiruvchi to`qimasi) dan rivojlanadi. Suyaklar takomil etish davrida hammasi ham bir rivojlanmaydi, balki ba`zi bir suyaklar biriktiruvchi to`qimadan taraqqiy etadi, bular birlamchi suyaklar yoki biriktiruvchi to`qima suyaklari deyiladi. Birlamchi suyaklarga kallaning miya qismidagi qoplovchi suyaklar va barcha yuz suyaklari kiradi: boshqa suyaklar tog`aydan takomil etadi, ikkilamchi suyaklanish deb shunga aytiladi. Umuman suyaklanish jarayoni quydagi to`rt: 1) endesmal; 2) perixondral; 3) periostal va 4) enxondral turlarga bo`linadi.
1. Endesmal suyaklanish ( en – ichida, desma – aloqa) biriktiruvchi to`qimadan boshlanadi, birlamchi suyaklanish vujudga keladi. Embrionning yosh briktiruvchi to`qimasining ma`lum bir nuqtasi ( keyingi suyak nuqtasi – punctum ossificationis ga yaqin joy) dan osteoblastlar zo`r berib ko`payib, qator joylashadi va suyakning asosiy moddasini hosil qiladi, o`zi suyak hujayralariga aylanadi. Natijada suyaklanish nuqtasi (yadrosi – punctum ossificationis) hosil bo`ladi. Suyaklanish nuqtasi turli tomonga qarab o`sadi.
2. Perixondral suyaklanish (peri – atrof, xondal – tog`ay) mezenxima to`qimalaridan kelgusida hosil bo`ladigan suyaklar shaklida vujudga keladi. Keyinchalik bular yaxlit gialin tog`ayiga aylanib, ustini tog`ay usti pardasi (perichondrium) qoplaydi. Perixondriumning ichki qavatidagi hujayralar zo’r berib ko’payishi natijasida osteoblastlar (suyak moddasi) ni hosil qiladi. Suyak moddasi asta-sekin tog’ay moddasini egallaydi va suyakning zich (kontakt) moddasini hosil qiladi.
3. Suyaklarning rivojlanishida tog’aydan iborat bo’lgan suyak modeli suyaklanib bo’lgandan keyin tog’ay pardasi suyak usti pardasiga aylanadi. Keyinchalik suyaklarning eniga o’sishi asosan suyak usti pardasi hisobiga bo’lganligidan periostal suyaklanish (peri – atrofi , usti – ostal – suyaklanish ) deb ataladi. Shunday qilib, perixondral va periostal suyaklanish davrlari bir-biri bilan bog’langan bo’lib birin-ketin boshlanadi. Periostal suyak eniga o’sadi, ya`ni kengayib yo’g’on tortadi.
4. Enxondral (ichida) suyaklanishda suyak perixondrumning ishtiroki bilan osteoblastlar yordamida vujudga keladi. Bunday tog’ayning markazida suyak orolchasi (yadrosi yoki nuqtasi) paydo bo’lib, periferiyaga qarab o’sadi va suyakning g’ovak qismini vujudga keltiradi.
Bu xildagi suyaklanishda tog’aylar to’g’ridan-to’g’ri suyak moddasiga aylanmasdan, balki ular yemirilgandan keyin suyak moddalari vujudga keladi. Shuning uchun bu shakladagi suyaklanish ikkilamchi suyaklanish deb ataladi, bunga kalla tubi (asosi) misol bo’ladi. Suyaklanish jarayoni suyaklarning bajaradigan vazifalariga qarab ularning tanasida paydo bo’ladi. Asosiy og’irlik hamma vaqt suyakning diafiziga tushadi, shu sabali suyaklanish nuqtasi birinchi diafizdan boshlanadi. Qo’shimcha suyaklanish nuqtalari naysimon suyaklarda suyakning metafiz va epifizlarida, so’ngra muskul va boylamlar yopishadigan joylari apofiz (do’mboqlar, qirralar) da kechadi. Shu sababli suyaklar odamda 20 – 25 yoshgacha bo’yiga o’sadi. Oxirgi suyaklanish nuqtalari suyaklarning apofizida 30 – 35 yoshlarda tugallanadi.