O‘zbekistonda statistikaning tashkiliy tuzilishi
Statistika o‘z ob’ektlarini o‘rganadigan Fan bo‘lib qolmasdan, Amaliy faoliyatda ham mavjud. Hozirgi paytda har bir firma, korxonalardan ya’ni barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlardan boshlab, tuman, viloyat va mamalakat miqyosida barcha iqtisodiy-ijtimoiy voqea, hodisalar to‘g‘risida ma’lumotlarni to‘plash, qayta ishlash va ularni saqlash statistika organlariga yuklatilgan. Statistika ishlarini tashkil etishni yaxshilash va uning ma’lumotlaridan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida tegishli me’yoriy hujjatlar qabul qilingan. 2002 yil 12 dekabrda O‘zbekiston Respublikasining «Davlat statistikasi to‘g‘risida»gi qonuni (yangi tahrirda) qabul qilindi. Bu qonunda Davlat statistika organlarining asosiy vazifalari ijtimoiy-iqtisodiy hodisalar, jarayonlar, hamda ularning natijalari to‘g‘risidagi statistik ma’lumotlarni yig‘ish, qayta ishlash, to‘plash, saqlash, umumlashtirish va tahlil etish bilan bir vaqtda davlat organlari, yuridik shaxslar, davlat muassasalari, xalqaro tashkilotlar, shuningdek jamoatchilikni belgilangan tartibda statistika ma’lumotlari bilan ta’minlash ham yuklatilgan. Demak statistika organlari yuqoridagi sub’ektlarni o‘z vaqtida, ijtimoiy-iqtisodiy voqealarnireal ifodalaydigan ma’lumotlar bilan ta’minlab turishi lozim. Statistik ma’lumotlar asosida, korxonalar, firmalar, hududlar, mamlakat iqtisodiy xolatlari o‘rganiladi va iqtisodiy ko‘rsatkichlarni yaxshilash istiqbollari belgilanadi. 2002 yil 24 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Karimovning “O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligini qayta tashkil etish to‘g‘risida” farmoni qabul qilindi. Bu Farmonga asosan Respublika Iqtisodiyot vazirligi va alohida O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi tashkil etildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlarda va Toshkent shahrida – statistika boshqarmalari, respublikaning boshqa shaharlarida va tumanlarida – statistika bo‘limlari faoliyat yuritmoqda. Tegishli hokimlarga qarashli bu statistika organlari, barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlardan hisobotlar va boshqa ma’lumotlarni qabul qiladi, to‘g‘riligini nazorat qiladi va qayta ishlab, umumlashtirib, mamlakatning boshqaruv organlari va qiziquvchilarga yetkazib beradi. O‘zbekiston Respublikasining “Davlat statistikasi to‘qrisida”gi qonunning 6- moddasida “Davlat statistika organlarining huquqlari” shunday ifodalangan:
• davlat statistikasi sohasida muvofiqlashtirib borish va funksional tartibga solish ishlarini amalga oshirish;
• davlat statistika organlari va boshqa davlat organlari tomonidan olib boriladigan davlat statistika kuzatuvlari dasturlarini tasdiqlash hamda idoraviy xususiyatdagi statistika kuzatuvlari shakllarini kelishib olish;
• moliya, bojxona, soliq organlaridan, banklardan, boshqa idoralar va xizmatlardan, yuridik shaxslar hamda ularning vakolatxonalari va filiallaridan, jismoniy shaxslar, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlardan davlat statistika hisobotlari, idoraviy hisobga olish ma’lumotlari hamda davlat statistika ishlarini olib borish uchun zarur bo‘lgan boshqa ma’lumotlarni (ularni tayyorlashning har qanday bosqichida), shuningdek ularga ilova etiladigan tushuntirish-izohlarni so‘rash hamda olish va statistika maqsadlarida foydalanish;
• korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda statistika ma’lumotlari ishonchliligini tekshirish, qoida buzarliklar aniqlangan taqdirda ularni bartaraf etish haqida ko‘rsatma berish va statistika ma’lumotlariga tegishli tuzatishlar kiritish;
• olinayotgan statistika ma’lumotlarining to‘liqligi hamda holisligini ekspertizadan o‘tkazish;
• statistika ma’lumotlarini taqdim etayotgan davlat organlari, yuridik shaxslar, ularning vakolatxonalari va filiallari, jismoniy shaxslar, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlar bajarilishi majburiy bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish;
• davlat statistika hisobotlarini taqdim etish tartibini buzgan shaxslarga nisbatan qonunga muvofiq ravishda jarima sanksiyalarini qo‘llash;
• yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ishini amalga oshirayotgan organlardan korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registrini yuritish uchun zarur ma’lumotlar olish; Davlat statistika ishlari dasturiga kiritilmagan statistikaga oid, tahliliy, axborot, noshirlik xizmatlari va boshqa xizmatlarni shartnoma asosida qonun hujjatalrida belgilangan tartibda ko‘rsatish;
• boshqa davlatlarning statistika organlari va xalqaro statistika tashkilotlari bilan hamkorlik to‘g‘risida bitim tuzish;
• ayrim vazifalarni bajarish uchun funksional bo‘linmalar tashkil etish.
Do'stlaringiz bilan baham: |