Muhokama uchun savollar:
Ijtimoiy hayotdagi qaysi voqealar tasavvufning shakllanishiga o‘z ta’sirini o‘tkazdi?
Qur’on va hadislar Sharq xalqlari axloqiy-ma’naviy qarashlarining manbai ekanligi haqidagi qarashlarni qaysi ijodkorlarning asarlarida kuzatish mumkin?
Muhammad payg‘ambarning oila muhiti va shaxsiy fazilatlari haqida so‘zlang.
3-asosiy masala bo‘yicha darsning maqsadi: Talabalarga tasavvufning islomiy manbalari hisoblangan “Qur’oni karim” va “Hadisi sharif” haqida ma’lumot berish.
Identiv o‘quv maqsadlari:
1. “Qur’oni karim” va “Hadisi sharif” haqida ma’lumot beradi.
2. “Qur’oni karim” va “Hadisi sharif” – tasavvufning g‘oyaviy sarchashmasi, tayanchi, poydevori asosini tashkil etuvchisi ekanligini tushuntiradi.
3. “Sura” lar nomlarini o‘rgatadi, ularning maqsadlari haqida ma’lumot beradi.
3-asosiy masalaning bayoni:
Fiqh tafsir, hadis va kalom kabi ilmlardan tashqari, mustaqil bir fan sifatida VIII asrning oxiridan shakllana boshlangan va unda tasavvufning o‘ziga xos ba’zi xususiyatlari mavjud. Jumladan, tasavvuf asos e’tibori bilan Qur’oni karim va hadisi shariflarga asoslangan ilmdir. Islomning asosiy aqida va g‘oyalari muqaddas Qur’onda o‘z ifodasini topgan. Shuningdek, unda musulmonchilik e’tiqodining asosiy talablari, huquqiy va axloqiy me’yorlari, cheklash va ta’qiqlari ham aks etgan. Qur’oni karim 114 suradan iborat. Har bir sura esa o‘z navbatida oyatlarga bo‘lingan. Shunga ko‘ra har bir suraning alohida belgilangan nomi bor. Masalan, 1-sura “Fotiha”, 2- sura “Baqara”, 3-sura “Oli imron”, 4- sura “Niso” deb nomlanadi va hokazo. Suralardagi oyatlarning miqdori turlicha.
Islomiy manbalarning xabar berishicha, Qur’on kitobi Muhammad payg‘ambarimizga ramazon oyining 27- kuni kechasi nozil qilina boshlangan. Bu muqaddas tunni “Laylat ul-qadr”, ya’ni “Qadr kechasi, ilohiy qudrat nomoyon bo‘lgan kecha”, deb ulug‘lanishi ham shu bilan bog‘liqdir.
“Hadis” esa arabcha so‘z bo‘lib, “so‘z, hikoya, naql, rivoyat” singari ma’nolarni anglatadi. Islom dini ta’limoti bo‘yicha fiqh ilmi uchun eng asosiy manba bu - “Qur’on”dir. Hadislar ana shu muqaddas asardan keyingi o‘rinda turuvchi mo‘’tabar g‘oyaviy asos hisoblanadi. Hadislar Muhammad payg‘ambarimizning hayoti va faoliyati, shuningdek, uning turli insoniy fazilatlari, xilma xil diniy, falsafiy, axloqiy-ta’limiy mavzularda aytgan fikrlari, bergan ko‘rsatmalarining majmui, yig‘indisidir. Islomiy adabiyotlar hadislarning yuzaga kelishini uch omil bilan ko‘rsatishadi: 1.Muhammad payg‘ambarning aytgan so‘zlari; 2.Payg‘ambarimizning o‘z hayoti davomida qilgan ishlari; 3. Payg‘ambarimiz tomonidan kechirilgan, kuzatilgan va ta’qiqlanmagan ishlar2.
Yuqoridagi har uch holatning har biri “sunnat” deyiladi. “Sunnat” arabcha so‘z bo‘lib, uning lug‘aviy ma’nosi “yo‘l, ravish, odat” demakdir. Uning umumiy ma’nosi esa, payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi va sallamdan meros qolgan urf-odatlardir. Ularni imkon qadar bajarish, har bir mo‘min kishi uchun vojibdir. Ularda islom diniga oid ahkom-hukmlar, ularning talqini, xususan, farz, vojib, sunnat, halol, harom, makruh kabi me’yorlar va ularning izohi o‘z aksini topgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |