Mavzu:Tarix falsafasining nazariy asoslari. Reja - Tarix falsafasining tuzilishi.
- Tarix falsafasi ontologiyasi
- Tarix falsafasi antropologiyasi
Tarix falsafasining tuzilishi.
Tarix falsafasining tuzilishini tavsiflar ekanmiz, bu element tarix falsafasi u yoki bu yo‘nalishi namoyandalarining metodologik mo‘ljallari bilan uzviy bog‘liq, degan xulosaga kelishimiz mumkin.
Ayni vaqtda, ahamiyatsiz tafovutlarni e'tibordan soqit etsak, aksariyat yo‘nalishlar doirasida o‘rganiladigan asosiy muammolarni qayd etishimiz mumkin.
Tarix falsafasining asosiy tarkibiy qismlarini aytib o‘tamiz va ularga qisqacha to‘xtalamiz
Tarix falsafasi ontologiyasi – bu tarix falsafasining tarixiy borliq muammolari, chunonchi: tarixning mazmuni va yo‘nalishi, ijtimoiy taraqqiyot, ijtimoiy determinizm, yagona tarixiy makonning vujudga kelishi, jahon tarixining yagonaligi asoslarini, insonning koinotdagi o‘rnini aniqlash, tarixiy vaqt masalasi va hokazolarni o‘rganish bilan shug‘ullanuvchi tarkibiy qismi.
Mazkur bo‘limda jamiyatning rivojlanish mantig‘ini, uning turli tomonlari o‘rtasidagi aloqalar va o‘zaro bog‘lanishlarni o‘rganish ham muhim o‘rin egallaydi.
Tarix falsafasi gnoseologiyasi asosiy e'tiborni tarixiy bilish muammolariga, aniqroq aytganda, tarixiy faktlar va voqyealarni o‘rganish, tahlil qilish va tushuntirish, tarixiy bilimning o‘ziga xos xususiyatlarini aniqlash, shuningdek tarixiy bilishda haqiqatning tagiga yetishga qaratadi.
Tarix falsafasi tarixi tarix falsafasining vujudga kelishi va rivojlanishi, tarix falsafasi predmetining shakllanishi muammolarini, tarix falsafasining turli yo‘nalishlar va oqimlar vujudga kelishiga sabab bo‘lgan ichki differensiatsiyalanish jarayonini o‘rganadi.
Tarix falsafasi mazkur bo‘limining muhim muammolari qatoriga tarixiy jarayonni davriylashtirish, boshqa ijtimoiy fanlar orasida tarix falsafasining o‘rnini aniqlash masalalari ham kiradi.
Tarix falsafasi antropologiyasi insonning tarixiy jarayondagi o‘rnini, bu jarayonda tarix sub'ektlarining rolini aniqlaydi va «Tarixni kim harakatga keltiradi?», degan savolga javob beradi.
Odatda, tarix falsafasining turli yo‘nalishlari tarixiy jarayon sub'ektlari qatoriga xalq, millat, omma, olomon, ijtimoiy sinflar va atoqli shaxslarni kiritadi va qo‘yilgan savolga har xil javob beradi.
Tarix falsafasining funksiyalari.
Tarix falsafasining funksiyalari to‘g‘risidagi masalani hal qilmasdan uning predmeti va o‘ziga xos jihatlarini to‘la anglab yetish mumkin emas.
Tarix falsafasi falsafaning tarkibiy qismi ekanligiga asoslanib, tarix falsafasining funksiyalari umuman falsafaning funksiyalari bilan asosan bir xil, deb taxmin qilish mumkin.
Ayni vaqtda shuni ham unutmaslik kerakki, tarix falsafasi o‘z alohida ob'ekti, predmeti, metodlari, tadqiqot maqsadlari va vazifalariga ega va bu uning muayyan xususiyatlari mavjudligidan dalolat beradi. Quyida ularni ko‘rib chiqamiz
Do'stlaringiz bilan baham: |