OVQAT HAZM QILISH A’ZOLARI FUNKSIYALARI
Ovqat hazm qilish - avvalo fizik o’zgarishdan ( ovqat moddasi maydalanib, aralashib eriydi ) boshlanadi. Hazm yo’lida joylashgan bez shiralari ovqat moddalarining parchalanishida o’z kimyoviy ta’sirini ko’rsatadi. Oqsil, yog’ , uglevodlar bez shiralarining tarkibidagi fermentlar ta’sirida oddiy kimyoviy birikmalarga aylanadi. Oqsillar aminokislotalarga ., uglevodlar monosaxaridlarga , yog’lar glitserin bilan yog’ kislotalarga parchalangandan so’ng ichak so’rg’ichlari orqali qon va limfaga shimilib hujayralar , to’qimalarga tarqaladi . Suv , mineral tuzlar va vitaminlar qonga o’zgarmagan holda o’tadi. Odam hazm organlar sistemasida ovqat moddalarining parchalanib shimilishi uchun bir kecha kunduzda o’rtacha 10 l gacha (taxminan 1,5 l so’lak, 2,5 l me’da shirasi, 1 l me’da osti bezi shirasi , 1,2 l jigar o’ti , 2,5 l ichak shiralari va 1,5-2 l istemol qilingan suyuqlik) suyuqlik kerak bo’ladi.Shira tarkibidagi fermentlar spetsifik xususiyatga ega bo’lib , tananing optimal (qulay) (36*-37*)tempraturasidagina ma’lum bir moddani parchalay oladi.
OG‘IZ BO‘SHLIG‘I
Og‘iz bo‘shlig‘i (cavitas oris, 112- ) hazm a’zolari sistemasining boshlanish qismi, ovqat birinchi marta shu bo‘shliqda qabul qilinib, tishlar vositasida maydalanadi va so‘lak yordamida namlanadi va kimyoviy parchalanish boshlanib, me’daga o‘tkazish uchun tayyorlanadi.
Og‘iz bo‘shlig‘i, og‘izning kirish qismi – dahlizi (vestibulum oris) va xususiy og‘iz bo‘shlig‘i (cavitas oris propria) dan iborat.
112- . Og‘iz bo‘shlig‘i.
1–philtrum; 2–tuberculum labii superioris; 3–labium superioris; 4–palatum durum; 5–palatum molle; 6–uvula; 7–commisura labiorum; 8–bucca; 9–isthmus faucium; 10–labium inferius; 11–sulcus mentolabialis; 12–arcus dentalis inferior; 13–dorsum linguae; 14–arcus palatoglossus; 15–tonsilla palatina; 16–arcus palatopharyngeus; 17–raphe palati; 18–arcus dentalis superior.
O g‘ i z d a h l i z i old tomondan yuqori va pastki lablar, yon tomondan lunjlar, orqa tomondan yuqori va pastki jag‘ tishlar hamda milklar bilan chegaralanadi.
Lablar (labia oris) tashqi tomondan teri, ichki tomondan shilliq parda bilan qoplanib, uning asosini lablarning aylanma joylashgan mimika muskuli (m. orbicularis oris) tashkil etadi. Tepa va pastki lablar o‘rtasidagi yoriq og‘izga kirish teshigi (rima oris) deb ataladi. Lablarning shilliq qavatida juda ko‘p bezlar joylashgan. Lablarning shilliq qavati tishlarni o‘ragan milklargacha (gingiva) davom etib, markaziy qismida yuqori va pastki burmalar (frenulum labii superior et inferioris) ni hosil qiladi.
Lunj (buccae) lablarning bevosita davomi bo‘lib, uning chuqur qatlamida yog‘ qavatlari, shilliq pardasida esa mayda bezchalar joylashgan. Og‘iz dahlizi lunj vositasida (oziq tish orqasida) xususiy og‘iz bo‘shlig‘iga qo‘shiladi.
Xususiy og‘iz bo‘shlig‘i –cavitas oris propria ni berk turganda ikki yon va old tomondan tishlar chegaralaydi. Yuqori devorini qattiq va yumshoq tanglay hosil qiladi hamda burun bo‘shlig‘ini og‘iz bo‘shlig‘idan ajratib turadi. Og‘iz bo‘shlig‘i (tubi)ni pastki jag‘ diafragmasi (diaphragma oris), bir juft m. mylohoideus berkitib turadi. Og‘iz bo‘shlig‘ining shilliq pardasida mayda bezlar ko‘p joylashgan.
Tanglay (palatum) ikki qism (qattiq va yumshoq tanglay)dan iborat: qattiq tanglay – palatum durum yuqori jag‘ning tanglay o‘sig‘i bilan tanglay suyagining ko‘ndalang (gorizontal) o‘siq bilan birlashishidan hosil bo‘lgan. Uni o‘rab turgan shilliq pardasida bezlar ko‘p uchraydi.
Yumshoq tanglay (palatum molle) muskullardan iborat bo‘lib, orqa tomoni halqumga osilib turadi. Uning o‘rtasida tilcha – uvula joylashgan. Qattiq tanglay shilliq pardasi yumshoq tanglayga bevosita davom etadi. Yumshoq tanglaydan oldinda til tanglay ravog‘i – arcus palatoglossus, orqada tanglay halqum ravog‘i – arcus palatopharyngeuslar bo‘ladi. Bu ravoqlar orasida murtak bo‘shlig‘i bo‘lib, tanglay murtagi – tonsilla palatina joylashgan. Murtak anatomik tuzilishi jihatidan limfo-epitelial to‘qima, uning kattaligi vertikal yo‘nalishda –20–25 mm, old-orqa yo‘nalishda –15–20 mm, ko‘ndalangiga 12–15 mm ni tashkil qiladi.
Yumshoq tanglay tarkibiga quyidagi muskullar kiradi:
Do'stlaringiz bilan baham: |