Grammatik va leksik ma’no munosabati. Daryo bo‘ylab katta masofada ish girdobi qaynar edi (Oybek) gapini olaylik. Aytilganidek, mustaqil so‘z o‘zida bir vaqtda leksika va grammatikani birlashtiradi. [Daryo] so‘zida ikki xil ma’no anglashilib turadi:
lug`aviy ma’no (“ko‘p miqdordagi suvni ozida sig‘dirib oquvchi suv inshooti‘”);
grammatik ma’no (“turdosh ot, birlik son, bosh kelishikdagi so‘z ko‘makchi bilan kelgan, hol vazifasida”).
Bu so‘z leksik va grammatik ma’noni o‘zida mujassamlashtirgan. Shuning uchun so‘zlar grammatik va leksik birlik sifatida so‘z turkumlariga guruhlanadi. Bunda guruhlash, avvalo, leksik asosda, ya’ni ularning lug‘aviy ma’nosiga asoslangan holda amalga oshiriladi, guruhlashning yuqori bosqichida u grammatik xarakter kasb etadi. Masalan, [o‘qituvchi], [doktor], [ishchi], [injener] otlari bir butun holda “kasb oti” lug‘aviy guruhini tashkil etadi va birlashish leksik asosda. Chunki bu so‘zlar boshqa guruh otlaridan farqli o‘ziga xos, qandaydir ayricha grammatik xususisyatga ega emas. Lekin bu otlarning boshqa tur otlari bilan birlashib hosil qilgan katta guruhi, deylik, turdosh otlar atoqli otlardan farqli grammatik xususiyatga ega. Masalan, turdosh ot birlik va ko‘plikda qo‘llanadi, atoqli ot esa, asosan, birlikda qo‘llanadi. Shuning uchun otning atoqli va turdosh otga ajratilishi grammatik ahamiyatga ega. Deylik, narsa-buyum otlari va o‘simlik oti orasida grammatik farqlar bo‘lmaganligi sababli bu bo‘linish leksik tabiatli. Chunki bu ikki guruhga kiruvchi so‘zlar turlanish, son, tuslanish va boshqa grammatik omilga bir xil munosabatda.
So‘z grammatik birlik sifatida morfologik ma’no tizimiga ega. Shunga ko‘ra, grammatik ma’noni quyidagi tipga bo‘lish mumkin:
ma’lum bir turkumga kiruvchi so‘zning ular qaysi morfologik shaklda bo‘lishidan qat’i nazar barchasi uchun birday tegishli bo‘lgan grammatik ma’no (masalan, otlarda predmetlik, sifatlarda belgilik, fe’llarda jarayonlilik);
bir turkumdagi biror guruhning qanday grammatik shaklda bo‘lishidan qat’i nazar barcha so‘zlarga xos bo‘lgan grammatik ma’no (masalan, ozaytirma daraja sifatning faqat rang bildiruvchi turlariga xos);
biror turkumdagi ma’lum bir so‘zning ma’lum bir shakldagi turigagina xos bo‘lgan grammatik ma’no (masalan, o‘zlik olmoshiga kelishik qo‘shimchasi faqat egalik qo‘shimchasidan keyin qo‘shiladi, olmoshning boshqa turlarida bunday holat kuzatilmaydi, yoki [-yap] qo‘shimchali aniq hozirgi zamonshakli III shaxsda [-di] shakli bilangina voqelana oladi).
Do'stlaringiz bilan baham: |