Agar yuqoridagi qoidalarga yoki O‘zbekiston Respublikasining soliq solish masalalari bo‘yicha xalqaro shartnomalariga muvofiq, bir vaqtning o‘zida jismoniy shaxsni ham O‘zbekiston Respublikasining soliq rezidenti, ham chet davlatning soliq rezidenti deb tan olish uchun asoslar bo‘lsa, uning soliq rezidentligi shunday xalqaro shartnomaning qoidalariga muvofiq jismoniy shaxs hayotiy manfaatlarining markazi asosida belgilanadi. Bunda quyidagi shartlardan hech bo‘lmaganda bittasi bajarilgan taqdirda, jismoniy shaxs hayotiy manfaatlarining markazi O‘zbekiston Respublikasida deb e’tirof etiladi:
1) jismoniy shaxsning eri (xotini) va (yoki) yaqin qarindoshlari O‘zbekiston Respublikasida yashasa;
2) O‘zbekiston Respublikasida jismoniy shaxsga va (yoki) uning eriga (xotiniga) va (yoki) uning yaqin qarindoshlariga mulk huquqida yoki boshqa asoslarda tegishli bo‘lgan, istalgan vaqtda uning yashashi va (yoki) eri (xotini) va (yoki) uning yaqin qarindoshlari yashashi mumkin bo‘lgan ko‘chmas mulkning mavjudligi.
Agar jismoniy shaxsning O‘zbekiston Respublikasi hududida yashash joyi mavjud bo‘lmasa, Soliq Kodeksining maqsadlari uchun yashash joyi bu jismoniy shaxsning iltimosiga binoan uning bo‘lib turgan joyi bo‘yicha belgilanishi mumkin. Bunda jismoniy shaxsning O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda vaqtincha yashab turgan va ro‘yxatdan o‘tgan joyi (manzili) jismoniy shaxsning bo‘lib turgan joyi hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasining soliq rezidentlari bo‘lmagan jismoniy shaxslar O‘zbekiston Respublikasining norezidentlari deb e’tirof etiladi
Yuridik shaxslar
Quyidagilar yuridik shaxslardir:
1) O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq tashkil etilgan yuridik shaxslar (O‘zbekiston Respublikasining yuridik shaxslari);
2) chet davlatlarning qonunchiligiga muvofiq tashkil etilgan, fuqarolik huquqiy layoqatiga ega bo‘lgan chet el yuridik shaxslari (shu jumladan kompaniyalar va boshqa korporativ tuzilmalar);
3) xalqaro tashkilotlar.
Yuridik shaxsning hududiy jihatdan alohida bo‘lgan, turgan yeri bo‘yicha doimiy ish joylari jihozlangan har qanday bo‘linmasi O‘zbekiston Respublikasi yuridik shaxsining alohida bo‘linmasidir.
Yuridik shaxsning alohida bo‘linmasini e’tirof etish, unga qanday vakolatlar berilganligidan va uning tashkil etilishi bo‘yicha yuridik shaxsning ta’sis hujjatlarida yoki boshqa tashkiliy-boshqaruv hujjatlarida aks ettirilganligi yoki aks ettirilmaganligidan qat’iy nazar, amalga oshiriladi.
Agar ish joyi bir oydan ortiq muddatga yaratilgan bo‘lsa, u doimiy hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi yuridik shaxsi alohida bo‘linmasining joylashgan yeri ushbu yuridik shaxs mazkur alohida bo‘linma orqali faoliyat olib boradigan joydir.