1-topshiriq. Quyidagi gaplarda so‘z tartibining buzilishi bilan bog‘liq uslubiy xatolarni aniqlang. Ularni o‘z o‘rniga qo‘yib, tahrir qilib ko‘chiring.
1. Astoydil fermer xo‘jaligi a’zolari mehnat qilmoqdalar. 2. Biz xalq shevalarini tasvirlaymiz va o‘rganamiz. 3. Texnika - chinakam dehqonning do‘sti. 4.U suv ichdi va qaynatdi. 5. Muharrir bo‘lib ishlayman jurnalda. 6. Nigora Ahmedovaning yaqinda quvonchli hodisa hayotida yuz berdi.
Muloqot faqat insonlar o‘rtasidagina amalga oshirilishi mumkin. Inson bolasi aynan boshqalar bilan muloqotda, munosabatda bo‘lish jarayonida ijtimoiylashib, shaxsga aylanib boradi. Muloqot tufayli inson ijtimoiy tajriba va madaniyatni egallaydi. Muloqotning kommunikativ jihatida individlarning o‘zaro ma’lumot almashinishi sodir bo‘ladi. Muloqotning interaktiv jihatida individlar nafaqat bilim va g‘oyalar, balki harakatlar bilan ham o‘zaro ta’sirni amalga oshiradilar. Yanada aniqlik kiritadigan bo‘lsak, muloqot shaxslararo birgalikdagi harakat, ya’ni odamlarning hamkorlikdagi faoliyati jarayonida tarkib topadigan aloqalari va o‘zaro bir-birlariga ta’sirining yig‘indisi sifatida yuzaga chiqadi. Hamkorlikdagi faoliyat va munosabat ijtimoiy qoidalar – odamlarning birgalikdagi harakati va o‘zaro munosabatlarini qat’iyan belgilab qo‘yadigan hamda jamiyatda udum bo‘lgan xulq-atvor namunalari asosida amalga oshiriladigan ijtimoiy nazorat sharoitida yuz beradi.
Jamiyat ijtimoiy qoidalar sifatida qabul qilgan, ma’qul topgan, udumga aylangan va tegishli vaziyatda turgan har bir kishidan bajarilishini kutayotgan namunalarning o‘ziga xos tizimini yaratadi. Ularning buzilishi qoidadan chetga chiqadiganlarning xulq-atvori to‘g‘rilanishini ta’minlaydigan ijtimoiy nazorat mexanizmlari (ma’qullamaslik, ta’na qilish, jazolash)ni o‘z ichiga oladi. Muloqotning pertseptiv jihati muloqot jarayonida o‘zaro bir-birini idrok qilish orqali tushunishdir, ya’ni muloqotning ushbu jihatida bir kishining ikkinchi kishi tomonidan idrok qilinishi, tushunilishi, baholanishi kuzatiladi. Muloqotning mazkur jihatida idrok qilinayotgan odamni idrok qiluvchi o‘zining shaxsiy xislatlari bilan qiyoslash natijasida anglaydi va tushunadi. Idrok qilinayotgan shaxsning o‘rniga idrok qiluvchi o‘z xohishi bo‘yicha mulohaza yuritishi, uni tushunishga intilishi o‘z-o‘zini anglash negizida namoyon bo‘ladi.
Yuqorida qayd etilgandek, muloqot – bu birinchi navbatda axborot bilan bog‘liq noyob hodisa, o‘ziga xos axborot jarayonidir. Umuman olganda, axborot jarayonlari axborotni qabul qilish, saralash, saqlash, uzatish va boshqalardan iborat ijtimoy jarayonlardir. Axborot jarayonlari butun jamiyat organizmini qurshab olib, barcha ijtimoiy tizimlarni qamraganligi, ijtimoiy hayotning har qanday, hatto, eng kichik qismida ham mavjudligi bilan ahamiyatlidir. Ko‘rinib turibdiki, ijtimoiy axborot asosiy turlari ichida axborot almashinuvidan iborat muloqot turi ustunlik qiladi. Insonlar muloqotining chuqur ijtimoiy determinatsiyasi hayot faoliyati va umuman olganda, butun jamiyat rivojlanishi uchun axborot almashinuvining o‘rni qanchalik muhimligidan dalolat beradi.
«Kommunikatsiya» atamasi fanga XX asrning boshida kirib kelgan. «Kommunikatsiya» lotincha communicatio, communico so‘zlaridan kelib chiqqan bo‘lib, bog‘layman, muloqot qilaman ma’nolarini anglatadi.
Ijtimoiy fanlarda kommunikatsiya birgalikda harakat qilish, o‘zaro ta’sir haqidagi ilmiy bilim sohasi hamda ushbu jarayonlar va ularning natijalarini ifodalash uchun qo‘llaniladi. Kommunikatsiya muammolariga tadqiqotchilar, ayniqsa, Ikkinchi jahon urushidan keyin qiziqa boshlashdi. Bunga yaqqol misol sifatida 1960-yillar boshiga kelib, falsafa va sotsiologiya ilmiy adabiyotlarida kommunikatsiya tushunchasining yuzdan ortiq ta’riflari mavjud bo‘lganini aytish mumkin. Tasavvur hosil bo‘lishi uchun mazkur ta’riflardan faqat to‘rttasni keltirib o‘tamiz:
1. «Kommunikatsiya – bu murakkab dinamik tizimlar va uning axborotni qabul qilish, to‘plash, o‘zgartirish imkoniga ega qismlari o‘rtasida axborot almashinuvi».
2. «Kommunikatsiya – bu axborotni o‘ziga xos almashish, uning emotsional va intellektual mazmunini aks ettirish jarayoni».
3. «Kommunikatsiya – insonlarning kongitiv va mehnat faoliyati jarayonida o‘zaro munosabatlarga kirishishning o‘ziga xos shakli».
4. «Kommunikatsiya – noverbal va verbal harakatlar natijasida axborot olish».
Ko‘rinib turibdiki, bu ta’riflarda mazkur fenomenning ayrim jihatlarigagina urg‘u berilgan. Shuning o‘zi kommunikatsiyaning naqadar qamrovi keng va murakkab hodisa ekaniga ishoradir.
Kibernetika asoschisi Norbert Viner ta’kidlashicha: «Axborot almashinuvi – bu jamiyatni birlashtiruvchi sement» Ijtimoiy kommunikatsiya – insonlarning o‘zaro munosabatlarga kirishishning o‘ziga xos shakli bo‘lib, unda axborot uzatish til va boshqa belgilar tizimlari yordamida amalga oshiriladi. Kanadalik sotsiolog Marshal Maklyuen fikricha, kommunikatsiya usulining almashishi tarixning rivojlanish bosqichlarini ifoda etadi. Shunga ko‘ra u insoniyat rivojlanishning quyidagi davrlarini ajratgan:
— og‘zaki kommunikatsiya (bu davrda jamoa doirasida kommunikativ muhit kommunikantlarni bevosita har tomonlama qamrab olgan);
— yozma kommunikatsiya (yozilgan xabarlar vaqt va makon to‘siqlarini kesib o‘tgan);
— nashr-kommunikatsiya (kommunikantlarni yalpi qamrab olishning oshishi, «Gettenberg galaktikasi»ning yaratilishi, ya’ni bosma kitoblar chop etish texnologiyasining ixtiro qilinishi);
— multimedia kommunikatsiyasi (bevosita muloqotga global miqyosda kirishish). M.Maklyuenning g‘oyasiga binoan, kommunikativ muhit madaniyat xususiyatlarini belgilab beradi. Uning fikricha, zamonaviy madaniyat mazmunan vizual, XIX asr oxiri XX asr boshi madaniyati esa asosan yozma bo‘lgan. Shunday qilib, hozirgi vaqtda sotsiomadaniy kommunikatsiya – bu umume’tirof qilingan tushunchalarda asoslangan, kommuntatorlar o‘zaro munosabatlari mazmuni hamda ularning ijtimoiy muhiti bilan shartlangan xabarlarni almashish bo‘yicha ikki tomonlama jarayon.
Do'stlaringiz bilan baham: |