Hozirgi zamon siyosatshunosligining asosiy oqimlari va yangi tamoyillari
Siyosiy fikr taraqkiyotining asosiy yo‘nalishlari tahlil etilar ekan, ana shu rivojlanishni ta’minlovchi siyosatshunoslikning asosiy milliy maktablari haqidagi tasavvurlarni ham ko‘zda tutish lozim bo‘ladi.
Bu sohada hozirgi davrda oldingi o‘rinlardan birida turuvchi va eng ko‘zga ko‘ringani AQSH siyosatshunoslik fanidir. AQSH siyosatshunoslik fanining taraqqiyotida quyidagi davrlar alohida ajratiladi:
XIX asr oxiridan birinchi jahon urushiga qadar;
Har ikki jahon urushlari o‘rtasidagi davr;
Ikkinchi jahon urushidan keyingi davr.
1930-1940 yillarga kelib Fap6 siyosatshunosligidan ko‘ra Amerika siyosatshunosligi tobora ustunlik qila boshladi. ta’siri ustun bo‘lib qoldi. Mazkur davrda ijtimoiy va gumanitar fanlarning rivojlanish markazi AQSHga ko‘chdi. Evropaning totalitar davlatlarida bu sohadagi tadqiqotlar o‘z ahamiyatini yo‘qotdi yoki to‘laligicha hukmron rejimlarning g‘oyaviy va siyosiy-tashviqot maqsadlari uchun xizmat qila boshladi. Tarixda misli ko‘rilmagan «aqllilarning oqib ketishi» va intellektual hamda ijodiy elitaning Evropa kit’asidan Amerikaga ko‘chib ketishi hodisasi yuz berdi. Natsizm davrida nemis siyosatshunosligi amalda yo‘q qilindi.
1932 yildan 1938 yilgacha oliy maktab o‘qituvchilarining yarmidan ko‘prog‘i hamda intellektual va ilmiy elitaning ko‘plab atoqli namoyandalari, masalan, Z. Freyd, K. Levin, K. Mangeym, E. Fromm va boshqalar Germaniyani tark etdilar. Italiyada va boshqa ko‘pchilik Evropa davlatlarida ham siyosiy fanning taqdiri shunday bo‘ldi.
Urushdan keyingi davrda Amerika siyosatshunosligining ta’siri faqat Evropa qit’asiga emas, balki Lotin Amerikasi, Osiyo va Afrika mamlakatlariga ham keng tarqaldi. Urushdan keyingi o‘n yilliklarni siyosiy fan rivojida yangi bosqich sifatida qarash mumkin. Ushbu davrda Evropa mamlakatlarida siyosiy fanning qayta tiklanishi va yanada rivojlanishining keng miqyosdagi jarayoni avj oddi.
Bunda, eng avvalo, siyosiy fan doirasining to‘xtovsiz kengayib borishi dikqatni jalb etadi. U siyosiy tizimlar, siyosiy jarayon va siyosiy harakatlarni qamrab oldi. Metodologik muammolarga, xususan Evropa siyosiy fanida, katta e’tibor berildi. AQSHda ham, boshqa mamlakatlarda ham siyosatning turli-tuman masalalariga oid ulkan adabiyotlar oqimining paydo bo‘lishi, yangi ilmiy markazlarning yaratilishi va boshqalar Amerika siyosiy fanining gullab-yashnayotganidan dalolat berar edi.
XX asrning 1940-1950 yillari oxirlarida dunyo siyosiy fanida amerikaliklar muhim rol o‘ynashda davom etdilar. Mazkur davrda amerikalik siyosatshunoslar asta-sekin siyosiy jarayonlarni qiyosiy-tarixiy tasvirlashdan ularni ijtimoiy jarayonlar bilan o‘zaro bog‘liqlikda o‘rganishga o‘ta boshladilar.
Ular ayrim kishilar va ijtimoiy guruhlar xulq-atvori ruhiy asoslanishining jamiyatdagi siyosiy jarayonlarga ta’sirini o‘rganishga alohida e’tibor berdilarki, bu hol siyosiy fanga bixeviorizmning kirib kelishiga va siyosatshunoslikda bixevioristik yo‘nalishning shakllanishiga olib keldi. 1930-yillarda siyosiy munosabatlarning shakliy tuzilmasini insonning «tabiiy» mohiyatidan keltirib chiqarishga uringan CH. Merriam boshchiligidagi bir guruh CHikago universiteti olimlarini bu yo‘nalishning asoschilari deb hisoblaydilar. Bu doktrinani yanada rivojlantirish ustida Garold Lassuel ishladi. 1960-yillarda tadqiqotchi bixevioristlar orasida D. Iston, R. Dal va boshqa ko‘zga ko‘ringan nazariyotchilar bor edi.
Hozirgi paytda Amerika siyosatshunosligida bu fanga oid tadqiqotlarning asosiy yo‘nalishlari quyidagilardir:
1) Amerika boshqaruvi va siyosati asoslarini - umummilliy siyosiy institutlar, saylov texnologiyalari, siyosiy yo‘lboshchilik, siyosiy xulq-atvor va boshqalarni o‘rganish;
2) ko‘p mamlakatlardagi siyosiy muammolarni tadqiq etish bilan bog‘liq bo‘lgan qiyosiy siyosat;
3) xalqaro munosabatlar va xalqaro siyosat, urush va tinchlik, xalqaro ijtimoiy harakatlar, qurollanish va qurolsizlanishni nazorat qilish, xalqaro tashkilotlar faoliyatiga oid muammolar o‘rganiladi;
4) siyosiy falsafa va siyosiy fan, siyosiy fikrning tarixidan boshlab uning hozirgi falsafiy talqinlarigacha qamrab olgan muammolarning keng doirasi ishlab chiqiladi;
5) siyosatni ijtimoiy hayotning muayyan sohalarida – shaxs miqyosidan ijtimoiy guruhlar, ishlab chiqarish, ishbilarmonlik va boshqa sohalarda faoliyat ko‘rsatishning amaliy jihatlarini tadqiq etuvchi amaliy siyosatshunoslikning mazmun va usullarini ishlab chiqish.
Hozirgi zamon siyosiy fanining asoschilaridan biri — Charlz Merriam (1874-1953). U 17 yil davomida Chikago universitetininig siyosiy fanlar bo‘limiga boshchilik qildi va ana shu bo‘lim doirasida siyosiy tadqiqotlarning Chikago maktabi shakllandi. Siyosiy fanni siyosiy xulq-atvor haqidagi fan sifatida tasavvur qilishni uning nomi bilan bog‘laydilar.
O‘zining «Siyosatning yangi jihatlari» nomli tadqiqotida Ch. Merriam o‘tgan yuz yil davomida siyosiy tadqiqotlar sohasida erishilgan va katta ilmiy salohiyatga ega bo‘lgan yutuqlarni tadqiq etib chiqdi. Uning fikricha, ularning ilmiyligi siyosiy g‘oyalar, institutlar, jarayonlarni siyosiy o‘rganishga, geografik muhitni, etnik va biologik xususiyatga ega fanlarni tahlil qilishga, ijtimoiy va iqtisodiy kuchlarni siyosiy jarayonlar bilan bog‘liq ravishda o‘rganishga, siyosiy g‘oyalar va institutlarning kelib chiqishini biologiyada evolyusion nazariyaning kashf etilishi bilan bog‘chab tadqiq etishga, siyosiy jarayonlarning statistik yoki matematik tahlili shaklidagi siyosiy hodisalarning miqdoriy o‘lchovlaridan foydalanishga intilganliklarida namoyon bo‘ladi. «O‘ylaymanki, - deb qayd qilgan edi u, - siyosatni, balki, ehtimol umuman ijtimoiy fanlarni tadqiq etishning miqyoslari va usullarida yuz beradigan muhim o‘zgarishlar arafasida turibmiz»22.
Ch.Merriam ijtimoiy fanlar sohasida fanlararo tadqiqotlar o‘tkazishga, siyosiy hodisalarni tahlil etishda tabiiy fanlarning ma’lumotlaridan keng foydalanishga da’vat etdi. «Biologiya, psixologiya, antropologiya, meditsina haqidagi fanlar o‘z tadqiqotlari natijalaridan ijtimoiy vaziyatlarda foydalanish yo‘lidan olg‘a bormoqda. Ularning vakillari hamma erda - Kongressda, markazlarda, sudlarda bor. Garchi tabiiy fanlar bilan shug‘ullanuvchi olimlarning da’volari va ijtimoiy aqidalari ko‘p bo‘lsa ham, siyosatshunoslar ularga bepisandlik bilan qaramasliklari kerak Muhimi, siyosatshunoslik va boshqa ijtimoiy fanlar bir-birlariga qarab yo‘nalmoqdalar, jamiyatshunoslik va tabiatshunoslik bir-birini to‘ldirgan holda, o‘z kuch-g‘ayratlarini birlashtirib, insoniyat oldida turgan ulug‘vor vazifani ratsional bilish va odamlarning xulq-atvorini nazorat qilish vazifasini hal etmoqdalar»23.
Ch. Merriam yangi fanning metodologik muammolarini hal qilishdan tashqari siyosiy hokimiyat va demokratiya nazariyasi masalalarini o‘rgandi, yangi metodlar yordamida Amerika siyosiy partiyalar tizimini va siyosiy liderlik muammolarini tadqiq etdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |