Siyosat sub’yektining vositalari-bu siyosiy maqsad va funksiyalarni ro‘yobga chiqarishning, siyosiy g‘oyalarni real voqelikka aylantirishning qurollaridir. Ular, asosan, ikki qismga bo‘linadi:
1. Ma’naviy — mafkuraviy vositalar. Bu vositalarga falsafiy, siyosiy, huquqiy, iqtisodiy, axloqiy, estetik, ruhiy, diniy bilimlar, malakalar, mahorat va ish tajribalari kiradi.
2. Moddiy — texnikaviy vositalar. Bu vositalarga, pul mablag‘lari, har xil binolar, jihozlar, asbob-uskunalar, qurol-aslahalar, elektron hisoblash mashinalari, kompyuterlar va boshqalar kiradi.
Ushbu ma’naviy — mafkuraviy va moddiy — texnikaviy vositalarning rivojlanganlik darajasi qanchalik yuqori bo‘lsa, siyosiy soha ham shunchalik rivoj topadi.
Siyosat ijtimoiy hayotni tartibga solishda xilma—xil usullardan, eng avvalo, ishontirish, tarbiyalash usulidan keng foydalanadi. Bu usul ijtimoiy muammolarni hal etishda asosiy o‘rin egallaydi. Aynan ishontirish, tarbiyalash, usuli uning ijtimoiy mohiyatini to‘laroq ifodalaydi. Ijtimoiy hayotni tartibga solishda umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid, do‘q-po‘pisa qilmaslik, murosa-yu madora, xolisonalik, tenglik, manfaatdorlik, muntazamlilik, qat’iylik, izchillik, oshkoralik, ishontirish, tarbiyalash siyosatning asosiy tamoyillaridir.
Siyosatning ishontirish, tarbiyalash usuli ijtimoiy hayotni tartibga solishning eng maqbul va oqilona vositasidir. Chunki, bu usulning qo‘llanilishida ijtimoiy muammolar kuch ishlatmasdan, urush — so‘kishsiz, jabr- zulmsiz, ishontirish, real dalillarga tayanish, isbotlash, murosa-yu madora, mehr—shafqat asosida hal etiladi. Ishontirish, tarbiyalash vositalari—kuch ishlatish vositalaridan ustun turadi. Buyuk davlat arbobi va sarkarda Amir Temur bu haqda shunday degan edi: "Siyosatda maslahat, mulohazakorlik, o‘ylab ish qilish qurol kuchidan o‘n baravar foydaliroqdir". Xuddi ishontirish, tarbiyalash usuli tufayli davlat faoliyati ijtimoiy hayotni odilona va xolisona tartibga solishga qodir bo‘ladi. Siyosat—bu ijtimoiy muammolarni tushuntirish ishontirish asosida hal etish demakdir.
Biroq, siyosatning ishontirish, tarbiyalash usulini mutlaqlashtirib, uni faqat ushbu usul bilan cheklab bo‘lmaydi. Bu holda siyosatning iqtisodiy, ma’naviy va madaniy sohalardan farqi qolmaydi.
Siyosat o‘z oldida turgan funksiyalarni hal etishda kuch ishlatish, majburlash usulidan ham foydalanadi. Ijtimoiy hayotni tartibga solishda kuch ishlatish, majburlash usulidan foydalanish — siyosatning o‘ziga xos xususiyatidir. U ushbu usulni qo‘llash bilan jamiyatning iqtisodiy, ma’naviy va madaniy sohalaridan farq qiladi.
Siyosatning ishontirish, tarbiyalash usulini mutlaqlashtirish, uni universal usulga aylantirishga urinish jamiyat uchun zararlidir. Bu—siyosatning ijtimoiy tartibsizlik, qonunbuzarlikni jilovlash vositalaridan mahrum etishga va boshboshdoqlik, o‘zboshimchalik, safsatabozlik, mitingbozlik, jinoyatchilikning avj olishiga olib keladi. Shuning uchun ham, bu usulni mutlaqlashtirib bo‘lmaydi.
Siyosatning ijtimoiy hayotni tartibga solishda ishontirish, tarbiyalash usulidan foydalanish, uning kuch ishlatish, majburlash usulini qo‘llashni istisno etmaydi. Tarixiy tajriba shuni ko‘rsatadiki, ijtimoiy hayotni hamisha ham tinch, ishontirish, tarbiyalash usuli bilan tartibga solib bo‘lavermaydi. Ijtimoiy hayotda shunday muammolar borki, ularni kuch ishlatish, majburlash usulini qo‘llash orqaligina hal etish mumkin. Inson hayotiga, jamiyatning yaxlitligi, bir butunligi, tinch — totuvligi, xavfsizligi, barqarorligi, uyg‘unligiga tahdid soladigan yovuzliklarni faqat tushuntirish, ishontirish yo’li bilan hal etib bo‘lmaydi. Bunda xatti — harakatlarni kuch ishlatish, majbur etish usuli bilan hal etish mumkin. Siyosat qonunlarini qo‘pol ravishda buzgan kishilarni kuch ishlatish, majburlash usulidan foydalanish bilan buzilgan ijtimoiy adolat va tartib muvozanat tiklanadi, xalq manfaatini himoya qilinadi. Zotan, qonunbuzarlar jazolanmasdan qolar ekan, mavjud ijtimoiy muammolar yanada kuchayadi, odamlarning siyosatga bo‘lgan ishonchi so‘nadi.
Siyosatning kuch ishlatish, majburlash usuli ijtimoiy hayotni tartibga solishning maqbul usuli emas. Chunki, bu usul qo‘llanilganda, ijtimoiy muammolar kuch ishlatish, majburlash yuli bilan, murosasiz, ayovsiz, shafqatsizlik bilan hal etiladi, inson jismoniy va ruhiy tazyiqqa duchor qilinadi, jamiyatda moddiy va ma’naviy talofatlarga yo’l qo‘yiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |