Suyuq muhitda gomogen reaksiyalar o׳tkazish reaktorlari. Sanoat sharoitida gomogen suyuq muhitli kimyoviy reaksiyalar davriy, yarim davriy va uzluksiz ishlovchi qurilmalarda o׳tkaziladi. Tajribaviy va kichik unumdorli ishlab chiqarishlarda jarayonning texnologik kattaliklarini oson o׳zgartirish mumkin bo׳lgan davriy reaktorlar qo׳llaniladi. Katta miqdorda issiqlik ajralib chiquvchi ekzotermik reaksiyalar uchun yarim davriy jarayonlar qo׳llaniladi. Reagentlardan biri qurilmaga uzluksiz uzatib turiladi, ikkinchi reagent esa davriy tarzda beriladi, bu esa katta miqdordagi issiqlikni ajratib olish imkoniyatini beradi. Uzluksiz ishlovchi qurilmalar asosan yuqori unumdorli, katta quvvatli ishlab chiqarishda qo׳llaniladi. Suyuq muhitda gomogen reaksiyalar o׳tkazish reaktorining konstruksiyasi ko׳p hollarda muhitning qovushqoqligiga bog`liq bo׳ladi. O׳rtacha qovushqoqlikka ega bo׳lgan suyuq muhitlarda reaksiyani o׳tkazish uchun keng tarqalgan aralashtirgichli reaktor. Propellerli yoki parrakli aralashtirgich reaktor hajmida harorat va konsentratsiyani tenglashtirish uchun etarli jadallikda muhitni aralashtirishi mumkin. Bunday konstruksiyali reaktorlar organik va noorganik kimyo sanoatida keng qo׳llaniladi.
Suyuq muhitda getorogen reaksiyalar o׳tkazish reaktorlari.
Bunday ko׳rinishdagi getorogen reaksiyalar ikki yoki undan ortiq o׳zaro aralashmaydigan yoki qisman aralashadigan suyuqliklar tizimida kechadi. Misol sifatida uglevodorodlarni sulfidlash yoki nitratlash reaksiyalarini keltirish mumkin. Reaksion aralashma ikki tarkibda uglevodorod ushlagan organik va kislotali fazanoorganik fazalardan iborat. Reaksiya fazalar ajralish yuzasida hamda organik yoki noorganik fazalar ichida ro׳y beradi. Jarayon tezligi reaksiya zonasidagi komponentlarning diffuzion tezligiga bogliq.
Aralashtirgichli reaktor
Bunday reaksiyalarni o׳tkazish reaktorlarining konstruksiyasi sodda bo׳lishi va quyidagi talablarga javob berishi lozim:
reaksiya issiqligini tez chiqarish uchun etarli sovitish yuzasiga ega bo׳lishi;
fazalar orasida eng katta kontakt yuzasini ta’minlashi;
kislotali muhit korrozion ta’siriga qarshilik ko׳rsatishi.
Suyuqlik-suyuqlik getorogen sistemalarida jarayonlar o׳tkazish reaktorlari davriy, yarim davriy va uzluksiz ishlashi mumkin. Kichik hajmda berilgan darajada o׳zgartirishni ta’minlash uchun reaktorlarni ketma-ket ulash sxemalari qo׳llaniladi.