2-MA’RUZA
MAVZU: RAQAMLI IQTISODIYOTNING TEXNOLOGIK ASOSLARI VA RAQAMLI TRANSFORMATSIYA JARAYONI
Mavzu rejasi:
1. Raqamli iqtisodiyotning texnologik asoslari.
2. Raqamli transformatsiya jarayoni.
Tayanch so`zlar va iboralar: Buyumlar Interneti, sun’iy intellekt, robototexnika, 3D printer, virtual haqiqat, kengaytirilgan haqiqat, blokcheyn, kriptovalyuta, bulutli tenologiya, raqamli transformatsiya.
Odatda raqamli iqtisodiyotning quyidagi 8 ta tenologik asoslari ajratiladi:
Buyumlar Interneti;
Sun’iy intellekt;
Robototexnika;
3D printerlar;
Virtual haqiqat;
Kengaytirilgan haqiqat;
Blokcheyn;
Bulutli tenologiyalar.
Buyumlar interneti - bu nima degani o‘zi?
Insoniyat o‘z tarixida uchta axborot inqilobini amalga oshirgan.
Birinchisi - yozuvning kashf etilishi bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchisi - kitob bosishning ixtiro qilinishi edi. Uchinchi axborot inqilobi esa Internet bo‘lgan.
Hozirda internet orqali yozishmalar, videoqo‘ng‘iroqlar va hatto savdo ishlarining bajarilishi hamma uchun odatiy holga aylandi. Hatto hukumat ham o‘z funksiyalarining muayyan qismini internet orqali bajarmoqda. Lekin, global tarmoqning imkoniyatlari bu bilan ham cheklanib qolayotgani yo‘q.
Qizig‘i shundaki, internetdan foydalanishni endi nafaqat odamlar, balki, buyumlar ham «uddalaydigan» zamonga qadam qo‘ymoqdamiz. Ha, hayron bo‘lmang. Aslida internetdan foydalanadigan buyumlar zamonasi ham allaqachon boshlangan. Shu sababli ham bu soha «buyumlar interneti» deb nomlanish olgan bo‘lib, axborot texnologiyalari evolyutsiyasi bir kun kelib bu jarayonga kirishishi albatta tabiiy hol edi.
«Buyumlar interneti» konsepsiyasi hamda, termining o‘zi dastlab 1999-yilda Massachusets texnologik instituti xodimi Kevin Eshton tomonidan o‘rtaga tashlangan edi. Unga ko‘ra, biz kundalik turmushda foydalanadigan eng oddiy ro‘zg‘or buyumlari, masalan, choynak, eshik qulfi, muzlatgich singarilardan tortib, ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan texnik vositalar, masalan, ko‘cha chiroqlari, eskalatorlar, avtomobil to‘xtash joylari (parkovka) va shahar xavfsizlik xizmatlarigacha, yoki tibbiyotda qo‘llaniladigan yuqori texnologik qurilmalar - masalan, kardiostimulyatorlardan boshlab, ishlab chiqarish jarayonlarini boshqarishgacha bo‘lgan barcha-barcha jabhalarni internet bilan qamrab olish ko‘zda tutilgan. Bunda, mazkur sohalarning internet qamrovi odam ishtirokini istisno qilishi, ya'ni, buyumlar odam ishtirokisiz ham internet orqali o‘zaro «muloqot» qilishi nazarda tutiladi. «Buyumlar interneti» deyilishning sababi ham shunda.
Do'stlaringiz bilan baham: |