Boshqarish tizimi vazifalarni muvaffaqiyatli bajarishi uchun quyidagi talablarga javob berishi kerak. 1.Barcha vazifalarni toʼliq qamrab olish va ularning bosqichlar, boʼlimlar va vazifalar boʼyicha optimal taqsimlanishi. 2.Boshqarishning har bir bosqichida har bir boʼlim va maʼsul shaxsga ularga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun kerakli boʼlgan vakolatlarni ajratish. 3.Vazifa yoki maʼsuliyatli burchlarni bajarishni taʼminlash uchun qatʼiy javobgarlikni oʼrnatish; 4.Boshqaruvchanlikni taʼminlash; 5.Yakkaboshlik va buyruq berishning ahamiyati va printsiplariga rioya qilish; 6.Boshqaruv harajatlaridagi mutanosiblik, moslashuvchanlik, tejamkorlik. Keltirilgan talablar ichida eng asosiysi-bu boshqaruv tizimi tejamkorligi va faoliyatchanligidir. Bu xoʼjalik yuritishning bozor munosabatlari sharoitida ishlab chiqarishni, xodimlarning minimal miqdori va boshqaruvning kam sarf-harajatlar bilan samarali boshqarishda namoyon boʼladi. Bunda boshqaruv xodimlari va harajatlarni xaddan tashqari oshirib yuborish ham, kamaytirib yuborish ham notoʼgʼri boʼladi. «Oʼzbekiston respublikasi davlat arxitektura va qurilish qoʼmitasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida» Oʼzbekiston respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qaroriga koʼra quyidagilar Oʼzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʼmitasining muhim vazifalari hisoblanadi: shaharsozlik va shaharsozlik faoliyati sohasida davlat siyosatini oʼtkazish, loyihalashtirish va qurilish-montaj ishlari sifati, shahar va qishloq aholi yashash punktlarini rejalashtirish va qurishda shaharsozlikka oid qonun hujjatlari, shaharsozlik normalari, qoidalari va standartlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish; kapital qurilishda islohotlarning borishini muvofiqlashtirish va uning monitoringini olib borish, tanlov savdolarini tashkil etish va oʼtkazishning belgilangan tartibiga rioya etilishini nazorat qilish, shartnoma munosabatlarining rolini oshirish, qurilishda narxlarni shakllantirish tizimini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish; loyihalashtirish va pudrat ishlari, qurilish materiallari bozorlarida raqobat muhitini shakllantirish, qurilishning bozor infratuzilmasini yanada rivojlantirishga koʼmaklashish; kapital qurilishda iqtisodiy islohotlarning borishini aks ettiruvchi koʼrsatkichlar tizimini ishlab chiqish va joriy etish; tanlov savdolari natijalariga koʼra tuzilgan shartnomalar majburiyatlari bajarilishining monitoringini olib borish, obʼektlarni qurish sifati va muddatlarini nazorat qilish.
Do'stlaringiz bilan baham: |