Qavatma-qavat tuzilishi.
1.Terisi yupqa, mo‘y bilan qoplangan, yog‘ va ter bezlarini tutadi.
2.Teri osti kletchatkasi yupqa, unda nn.intercostobrachiales hamda nn.cutaneus brachii yotadi.
3. Xususiy fassiya (fascia axillaris) markazda g‘ovak bo‘lib, oldinda – ko‘krak fassiyasiga, orqada – fascia thoracolumbalis ga, medial tomonda – oldingi tishli muskulning fassiyasiga davom etadi.
4.Qo‘ltiq osti bo‘shlig‘i (chuqurchasi) – kesik to‘rt qirrali piramida shaklida bo‘lib, uning pastga va tashqariga qaragan asosi xususiy fassiya bilan qoplangan. Konusning uchi esa yuqori va ichkariga qaragan bo‘lib, o‘mrovning o‘rtasi, I qovurg‘a va m.subclavius bilan chegaralangan. Qo‘ltiq osti bo‘shlig‘ining oldingi devorini fascia clavipectoralis, katta va kichik ko‘krak muskullari; orqa devorini – kurak osti va katta yumaloq muskullar hamda orqaning serbar muskuli; lateral devorini – yelka suyagining ichki yuzasi va m.corasobrachialis hamda caput brevis m.bicipitis brachii; medial devorini – oldingi tishli muskul bilan qoplangan ko‘krak devori hosil qiladi. Qo‘ltiq osti bo‘shlig‘ining oldingi devorida quyidagi 3 ta bo‘lim ajratiladi:
Trigonum clavipectorale – o‘mrov suyagining pastki qirg‘og‘idan kichik ko‘krak muskulining yuqorigi qirg‘og‘igacha bo‘lgan joyni egallaydi; uchburchakning asosi to‘sh tomonga qaragan. Bu uchburchak o‘mrov osti sohasiga tegishli;
Trigonum pectorale – kichik ko‘krak muskuli shakliga to‘g‘ri keladi;
Trigonum subpectorale – kichik ko‘krak muskulining pastki qirg‘og‘idan katta ko‘krak muskulining pastki qirg‘og‘igacha davom etadi, uchburchakning asosi tashqariga qaragan. A.axillaris o‘mrov osti arteriyasining bevosita davomi bo‘lib, yelka arteriyasiga davom etadi. Trigonum clavipectorale da qo‘ltiq arteriyasining oldida fascia clavipectoralis, orqasida – yelka chigalining medial tutami, oldingi tishli muskul va I tashqi qovurg‘alararo muskul, lateral va yuqorida – yelka chigalining orqa va lateral tutamlari, ichkarida va pastda – qo‘ltiq venasi joylashadi. Qo‘ltiq arteriyasidan a.thoracica suprema hamda a.thoracoacromialis boshlanadi. Trigonum pectorale da qo‘ltiq arteriyasidan oldinda kichik ko‘krak muskuli, lateral tomonda – yelka chigalining lateral tutami, orqada – shu chigalning orqa tutami va kurak osti muskuli, medial tomonda – yelka chigalining medial tutami va qo‘ltiq venasi joylashadi. Bu yerda qo‘ltiq arteriyasidan a.thoracica lateralis boshlanadi. Trigonum subpectorale da qo‘ltiq arteriyasining oldida va medial tomonida qo‘ltiq venasi, lateral tomonida n.musculocutaneus, tumshuqsimon-elka muskuli va yelka ikki boshli muskulining kalta boshchasi; oldida n.medianus, medial tomonida yelka va bilakning medial teri nervlari va n.ulnaris; orqasida bilak va qo‘ltiq nervlari yotadi. Bu yerda a.axillaris dan a.subscapularis va aa.cirumflexa humeri anterior et posterior boshlanadi. A.cirumflexa humeri posterior qo‘ltiq osti nervi bilan birga to‘rt tomonli teshik orqali deltasimon muskul osti bo‘shlig‘iga kiradi. A.subscapularis 2 ta shoxga bo‘linadi: 1) a.circumflexa scapulae – 3 tomonli teshik orqali o‘tib, kurakning qirra osti o‘rindig‘iga kiradi; 2) a.thoracodorsalis.
Do'stlaringiz bilan baham: |