Respublikamiz Mustaqilligi yillarida iqtisodiyotning boshqa soha va tarmoqlar qatori qurilish materiallari ishlab chiqarish sanoati ham jadal taraqqiy etdi. Davlatimiz rahbarining tashabbuslari va ezgu g‘oyalari bilan bugun mamlakatimizning barcha shahar va tumanlarida keng ko‘lamdagi qurilish-bunyodkorlik, yaratuvchanlik ishlarining jadallik bilan olib borilayotganligi, qurilish tarmog‘i va hajmi yil sayin rivojlanib borayotganligi sohani yanada taraqqiy ettirishni taqoza etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 20 fevraldagi PQ-4198-sonli “Qurilish materiallari sanoatini tubdan takomillashtirish va kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini yanada qisqartirish, qurilish materiallari sanoatini boshqarish tizimining samaradorligini oshirish, mahalliy xom ashyoni chuqur qayta ishlashni tashkil etishni rag‘batlantirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turlarini diversifikatsiya qilish va eksport hajmini kengaytirish, tarmoqqa investitsiyalarni jalb qilish, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi va O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasida belgilangan vazifalarni izchillik bilan amalga oshirish maqsadida qabul qilindi.
Mazkur qarorga ko‘ra, O‘zbekiston qurilish materiallari sanoati korxonalari uyushmasi (keyingi o‘rinlarda – «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi) tashkil etiladi. «O‘zqurilishmateriallari» aksiyadorlik jamiyatining boshqaruv organlari yig‘ilishlarida uning xo‘jalik jamiyatlari ustav kapitallaridagi aksiyalari (ulushlari) paketlarini O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkazish orqali jamiyatni tugatish masalalarini ko‘rib chiqish tashabbusi bilan chiqish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berildi.
Mazkur hujjatga asosan: qurilish materiallari sanoatining ixtiyoriy asosda kiruvchi korxonalari «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasining a’zolari hisoblanadi; «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi ijro etuvchi apparatining tuzilmasi uyushma ta’sischilarining umumiy yig‘ilishi qarori bilan tasdiqlanadi; «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasining raisi va uning o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi taqdimnomasi bo‘yicha uyushma ta’sischilarining umumiy yig‘ilishi qarori bilan saylanadi; «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasini joriy ta’minlash va uning faoliyatini moliyalashtirish uyushma a’zolarining badallari va ajratmalari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi. Quyidagilar «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilandi: davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi a’zolari manfaatlarini ifoda etish va himoya qilishni ta’minlash, shuningdek, qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish bo‘yicha ularga takliflar kiritish;
yuqori qo‘shilgan qiymatli qurilish mahsulotlarini ishlab chiqarish, korxonalarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, shuningdek, ixtisoslashgan yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan qo‘shma ishlab chiqarishlarni tashkil etish bo‘yicha yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni o‘zlashtirish uchun investitsiyalar, birinchi navbatda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni keng jalb etishda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan hamkorlik qilish; talab etilayotgan sifatli mahsulot ishlab chiqarish turlarini kengaytirish, ichki bozorni import o‘rnini bosuvchi va raqobatbardosh qurilish materiallari hamda mahalliy ishlab chiqarilgan buyumlar bilan to‘ldirish, shuningdek, tarmoqning eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi a’zolari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash; hududlarning salohiyatini yanada rivojlantirish istiqbollaridan, xom ashyo bazasi, infratuzilmalar, mehnat va boshqa resurslar hamda bozorlarning mavjudligidan kelib chiqqan holda korxonalarni joylashtirishga ko‘maklashish. Qarorning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, 2022 yil 1 yanvarga qadar korxonalarning shartnomalar bo‘yicha «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasiga to‘lanadigan ajratmalari yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i bo‘yicha soliq solinadigan bazadan chiqarib tashlanishi belgilab qo‘yildi.