Kombinatsiyalashgan chizma o‘zida bir xil usullar elementlarini jamlaydi va sanitariya-gigiyenik talablarni hisobga olgan holda binolarni qulay joylashtirishga imkon beradi. Hozirgi kunda bunday qurilish ko‘proq mos keladi va, ayniqsa, tumanlar rekonstruksiyasida juda qo‘l keladi.
Kichik tuman qurilish kompozitsiyasi turarjoy qurilishining yuqorida keltirilgan barcha usullaridan foydalanadi. Murakkablashtirilgan guruh kompozitsiyalari ham qo‘llanadi.
Qurilish usulini tanlashga tabiiy-iqlimiy omillar: doimiy esadigan kuchli shamollarning mavjudligi, quyoshli kunlar miqdori va hokazolar katta ta’sir ko‘rsatadi.
Turarjoy binolari hamda jamoat binolari orasidagi masofani soya solayotgan imorat qavati bo‘yicha qabul qilish lozim. Turar-joy binolarini magistral ko‘chalar qizil chizig‘idan kamida 6 m, mahalliy ko‘chalar qizil chizig‘idan kamida 3 m masofada joylashtirish lozim.
O‘zbekiston aholisining tez ko‘payib borishi va shaharlarning kengayishi uchun bo‘sh maydonlarning nihoyatda kamligi tufayli hududlardan foydalanish serunumligi, samaradorligini oshirish maqsadida turarjoylar zichligini oshirish respublikamiz katta shaharlari uchun tobora dolzarb masalaga aylanib bormoqda, shahar hududlarini tejab sarflash zarurati kuchaymoqda.
Qizil chiziq – magistrallar, ko‘chalar, maydonlar hududini qurilishga mo‘ljallangan hududdan ajratib turuvchi shartli chegara.
Qurilish chizig‘i – qurilayotgan hududning chegarasini belgilaydi. Ba’zan yuqorida keltirilgan chiziqlar mos tushishi mumkin, ammo odatda, qurilish chizig‘i kichik tuman va kvartallar ichiga (qizil chiziqdan kamida) 3–6 m ichkariga joylashtiriladi.
Qizil chiziq va qurilish chizig‘i orasidagi makon yashil himoya qismi uchun foydalaniladi. Tumanning me’moriy-makoniy kompozitsiyasiga quyidagi omillar ta’sir qiladi:
tabiiy-iqlimiy;
landshaft;
shaharning bosh rejasidan kelib chiqadigan, loyihalanayotgan tumanning mahalliy (tarhiy) shart-sharoitlari;
turarjoy muhitini qurish usullari;
turarjoy va jamoat binolari turlari, hududni obodonlashtirish.
Shu kunlargacha turarjoy binolari aholiga xizmat ko‘rsatish xonalaridan ajralgan holda qurib kelindi. Xizmat ko‘rsatish xonalari belgilangan masofalarga rioya qilingan holda takror yoki bir joyga to‘plangan holda joylashtirildi.
Shahar hududlaridan foydalanish samaradorligini oshirish muammosining yuzaga kelishi munosabati bilan aholiga xizmat ko‘rsatish xonalarini o‘z ichiga olgan turarjoy binolarini, ular majmuasini yaratish zarurati tug‘ildi. Bu esa turarjoy binolari arxitekturasidagi yangi masaladir. Bu yerda turarjoy binosi majmuasi aholisining optimal sonini topish talab qilinadi. Aholi soni xizmat ko‘rsatish xonalarining rivojlangan darajasini va ularning rentabel ishlashini ta’minlashi lozim.
Shovqindan himoya qilingan turarjoy binolarini yaratish.
Avtomobil va shahar transporti turlarining ko‘payishi hamda ular harakati tezligining oshishi tufayli shaharda shovqin darajasi va uning ta’siri kuchaydi. Ayniqsa, shahar katta ko‘chalari ta’siri ostidagi qismlarda sanitariya-gigiyena sharoitining yomonlashuvi yuz bermoqda. Bu esa turarjoy binolarini joylashtirish usullari bilan bir qatorda, binolarning rejaviy tuzilishini ham qayta ko‘rib chiqishni taqozo qilmoqda, ularning shovqindan himoyalanganligini oshirish talab etilmoqda.
Turarjoy tumanlari aholi joylarining katta qismini egallaydi, ularning qurilmalari me’moriy yashash muhitini tashkil etadi, jamoat va sanoat binolari arxitekturasi bilan birgalikda shaharning umumiy me’moriy ko‘rinishini belgilaydi.
Turarjoy tumaylarini rejalashtirish va qurishning me’moriy badiiy vazifalarini yechish ijtimoiy funksional, shaharsozlik va qurilish texnologik talablarni hisobga olgan holda amalga oshirilishi lozim.
Turarjoy binolari jamoat va sanoat binolariga nisbatan elementlarining (oyna, balkon, lodjiya va boshqa) hamda fasadlar plastikasining ritmik
bo‘linishlari va umuman hajmiy kompozitsiyasninig mayda me’moriy nisbatiga ega. Turarjoy binolari va komplekslari arxitekturasining jamoat binolarinikidan farqi, ularning kompozitsion qurilishidir. Jamoat binosi arxitekturasiga hajmlar va kompozitsion o‘qlarning bir-biriga bo‘ysunishi, asosiy o‘qlarni, ommaviy ko‘rinish joylarini va boshqa asosiy elementlarni ajratish xarakterlidir. Turarjoy binosi arxitekturasiga estetik kompozitsion o‘qlarning ritmik qaytarilishi asosida kompozitsiyali ko‘rinishlar xosdir.
Turarjoy binolari va ularning komplekslari arxitekturasining bu o‘ziga xos xususiyatlari yashil hovlilar, bolalar muassasalarining kichik jamoat binolari, kichik me’moriy shakllar bilan ancha tinch, xotirjam va shinam yashash muhitini belgilaydi.
Blok-seksiyalarni qo‘llash ochiq, yarim ochiq yopiq makonli hovlili turli xil makoniy kompozitsiyali qurilmalrni qo‘llashda, tarhi to‘g‘ri, eni va ko‘p burchakli imoratlarning bir yoki aralash qavatli turlaridan foydalanishga keng imkoniyatlar yaratadi. Loyihalashda
«blok-seksiyali» usulni qo‘llash me’moriy-makoniy yechimni iqlim, relyef, shaharsozlik sharoitlari xususiyatlariga moslashtirish imkonini beradi.
Turarjoy tumanlari va kichik tumanlarning me’moriy-tarhiy yechimlarini shaharning hamma aholi yashaydigan qismi me’moriy- makoniy tuzilishining elementi sifatida qarash lozim, bu tuzilishdagi umumiy me’moriy g‘oyani rivojlantirish qo‘shni tumanlar arxitekturasi bilan kompozitsion aloqani amalga oshirishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |