Barqaror iqtisodiy rivojlanish va makroiqtisodiy siyosatni amalga oshirish usullarining bozor instrumentlaridan foydalanish asosida tubdan qayta ko‘rib chiqilishi munosabati bilan ichki bozordagi narxlar barqarorligini ta’minlash pul-kredit siyosatining bosh maqsadi sifatida belgilandi.
Bunda inflyatsiya sur’atini pasaytirish va uni past darajada saqlab turish o‘rta muddatli istiqbolda makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda asosiy shart sifatida qaraladi.
Ichki valyuta bozorining liberallashtirilishi pul-kredit siyosatining tamoyil va usullarini bosqichma-bosqich inflyatsion targetlashga qaratish uchun zarur bo‘lgan asosni yaratadi. O‘rta va uzoq muddatli istiqbolda narxlar barqarorligini ta’minlashda inflyatsion targetlash samarali usul hisoblanadi. Xususan, valyuta almashuv kursini targetlash rejimida kursning doimiy tarzda maqsadli darajada saqlab turilishi xalqaro rezervlarni sezilarli darajada kamaytirib, valyuta inqirozining kelib chiqish xatarini oshiradi.
Valyuta almashuv kursini targetlash rejimida valyuta kursini mos ravishda o‘zgartirish orqali tashqi salbiy ta’sirlarni mo‘tadillashtirish imkoniyati cheklanadi. Bundan tashqari, mazkur rejimda Markaziy bankning asosiy e’tibori faqatgina valyuta almashuv kursining maqsadli darajasini ta’minlashga qaratilishi tufayli ichki maqsadlarga qaratilgan mustaqil pul-kredit siyosatini amalga oshirish imkoniyati cheklanadi.
Boshqa tomondan, iqtisodiyotni liberallashtirish va tarkibiy o‘zgartirish, shuningdek, xufyona iqtisodiyotning sezilarli darajada mavjud bo‘lishi sharoitlarida pul agregatlarining keskin o‘zgarishi kuzatilishi mumkin. Bu esa, o‘z navbatida, monetar targetlash rejimi doirasida maqsadli ko‘rsatkichlarni o‘rnatish va unga erishish vazifasini murakkablashtiradi. Shu bilan birga, pul agregatlari va inflyatsiya orasidagi barqaror bog‘liqlikning pasayishi monetar targetlash rejimi samaradorligini kamaytiradi.
Mamlakatimizda valyuta siyosatini liberallashtirish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar hamda narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha aniq maqsadlarning belgilanishi inflyatsion targetlashga o‘tish uchun tayanch shart-sharoitlar yaratadi.
Xalqaro tajribaga asosan, inflyatsion targetlash rejimiga o‘tish quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha makroiqtisodiy sharoitlar mavjudligini va kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishini talab qiladi:
makroiqtisodiy prognozlash va tahlil qilish salohiyatini mustahkamlash;
pul-kredit siyosatining pirovard maqsadi va qo‘llaniladigan instrumentlar to‘g‘risida keng jamoatchilikni xabardor qilish maqsadida pul-kredit siyosatining aniqligi va shaffofligini oshirish;
Markaziy bankning institutsional bazasini rivojlantirish;
moliya bozorini, shu jumladan, davlat qimmatli qog‘ozlar bozorini rivojlantirish;
makroiqtisodiy siyosatni samarali muvofiqlashtirish;
iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida tarkibiy islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish.
Umuman olganda, inflyatsion targetlashga o‘tish pul-kredit siyosatining barcha asosiy yo‘nalishlarini tubdan qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirishni talab qiladi. Ushbu konsepsiyada nazarda tutilgan tadbirlarning bosqichma-bosqich amalga oshirilishi bozor mexanizmlari va instrumentlari asosida pul-kredit siyosati samaradorligini oshirish bo‘yicha strategik vazifalar bajarilishi uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.