XIV asrdan XX asrning 90-yillarigacha bo’lgan davrda tarbiya va ta’lim tizimi
Ma’lumki, Sharq Uyg’onish davrida ma’naviy-ma’rifiy sohada asosiy masala inson muammosi bo’lgan. Shuning uchun ham ta’lim-tarbiya masalalariga katta e’tibor berilgan. Didaktik asarlarda Sharqqa xos bo’lgan insonning axloqiy, ruhiy kamoloti, oliy darajadagi yuksalish muammosi etakchi g’oya bo’lgan. Insoniylik, insonni ulug’lash g’oyasi ta’lim-tarbiyaga oid yaratilgan asarlarning asosiy o’zagi sanalgan. Bu g’oyani, ya’ni insonparvarlik g’oyasini amalga oshirishning asosiy vositalari sifatida yuksak axloqiy odatlar, insoniy munosabatlar va xislatlarni tarkib toptirishga olib keluvchi ta’lim-tarbiyani amalga oshirish muhim masala qilib qo’yilgan. Zero, insoniylik g’oyasida yuksak axloqiy xislatlar ifodalangani uchun ham Sharq Uyg’onish davri falsafasi va pedagogikasida ta’limiy-axloqiy yo’nalish muhim ahamiyat kasb etdi. Axloq masalasi faylasuflarning ham, buyuk mutafakkirlarning ham, tarixchi-yu shoir hamda adiblarning ham birdek diqqat markazida bo’ldi. Ta’limiy-axloqiy risolalar paydo bo’lib, axloqning ham nazariy, ham amaliy masalalari tahlil etildi. «Qutadg’u bilig», «Axloqi Nosiriy», «Qobusnoma», «Hibbat ul-haqoyiq», «Guliston», «Bo’ston», «Axloqi Jaloliy», «Axloqi Muhsiniy», «Mahbub ul-qulub» kabi Yusuf Xos Hojib, Nasiriddin Tusiy, Kaykovus, Ahmad Yugnakiy, Muslihiddin Sa’diy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, jaloliddin Davoniy, Husayn Voiz Koshifiylarning ta’limiy-axloqiy asarlari yuqorida ta’kidlaganimiz inson shaxsini ma’naviy-axloqiy shakllantirish muammosini hal etish sohasida yaratilgan sof pedagogik asarlar sifatida muhim ahamiyatga ega. Mazkur ta’limiy-axloqiy asarlarda insonning ma’naviy kamolga etishida yuksak axloqqa ega bo’lishi ilm-fanni egallashi asosidagina amalga oshishi mumkin, degan g’oya ilgari surildi.
Chunki biz nazarda tutayotgan davrdan boshlab savod o’rgatish «Qur’on» va «Hadis»larni o’rganish va ulardagi ko’rsatmalarni o’zlashtirib olib bilan birga olib borilgan. Shunga ko’ra, «Qur’on» va «Hadis»lardagi pand-nasihatlar ham olimlar, ham adiblar ijodiga ta’sir etgan. Hadislarning ta’siriga sabab umuminsoniy fazilatlarga alohida urg’u berilgan. Ularda ilgari surilgan musulmonlikning muhim xislatlari: halollik, saxovat, himmat, mehru-oqibat, ehson, sharm-hayo, ilm izlash, muomala qoidalari, axloq mezonlari va boshqalar o’z ifodasini topgan va Sharq adabiyotiga, jumladan, ta’limiy-axloqiy asarlarga ta’sir etgan. Ta’limiy-axloqiy asarlar bevosita Hadislarda ilgari surilgan g’oyalar asosida yaratildi. Hadislar ta’siri Yusuf Xos Hojibning «Qutadg’u bilig» asaridan boshlanib, Kaykovusning «Qobusnoma», Ahmad Yugnakiyning «Hibbat ul-haqoyiq», Sa’diyning «Guliston», Alisher Navoiyning «Mahbub ul-qulub» va boshqa asarlar negizida ko’rinadi. Ham g’oya, ham mazmun, ham shakl buning dalilidir.
Masalan «Qur’on»da ham, «Hadis»larda ham, ta’limiy-axloqiy dostonlarda ham ilm ta’rifi bilan birga, xulq-odob qoidalari, turmush odobi yoritiladi.
Xullas, Sharq ta’lim-tarbiyasida ilmni targ’ib etish, xulq-odob qoidalari islomiy tamoyillarga asoslangan, ta’limiy-axloqiy asarlardagi mundarijalarning o’xshashligi ular tayangan ma’naviy zaminga bog’liqdir.
Qariyb bir yarim asr davomida mo’g’ullar istibdodi ostida xonavayron bo’lgan Movarounnahr xalqi XIV asrning boshlariga kelib mo’g’ul istilochilari zulmidan qutula boshladi. Movarounnahrda kuchli davlat tuzishga bo’lgan intilish g’olib keldi. Mo’g’ul istilochilariga qarshi Buxoroda xalq Mahmud Torobiy boshchiligida qo’zg’oldi, Samarqand va Xurosonda esa Sarbadorlar qo’zg’olonlari ro’y berdi. Natijada Sarbadorlar uzoq muddat hatto hokimiyatni ham boshqarib turdilar.
XIV asrning ikkinchi yarmida Movarounnahrning feodal tarqoqligiga barham berildi, mamlakat mo’g’ul bosqinchilaridan tozalandi. XIV asrning oxiri va XV asrlarda Markaziy Osiyoda feodal munosabatlar yanada rivoj topa boshladi.
Sohibqiron Temur va dastlabki temuriylar hukmronlik qilgan davr Movarounnahr tarixida alohida o’rin egallaydi.
Markazlashgan buyuk Temur davlatining barpo etilishi bilan Movarounnahrda yana fan va madaniyat, maorif qaytadan ravnaq topa boshladi.
Shuning uchun ham XIV asrning ikkinchi yarmi va XV asr tarixda Sharq Uyg’onish davrining ikkinchi bosqichi deb ataladi. Chunki, bu davr madaniyati o’z tamoyillari, yo’nalishi, iqtisodiy asosi jihatidan IXXII asr madaniyatining davomi sanaladi.
Shu bois XIV asr oxiri va XV asrlarda Movarounnahrdagi Sharq Uyg’onish davri madaniy ravnaqini IXXII asrlardagi madaniy rivojlanishidan ajratib olib ko’rsatish mumkin emas. XIV asrning uchinchi choragi va XV asrda Markaziy Osiyoda iqtisodiyot, fan va madaniyat o’sdi. Amir Temur hukmronligi davrida jahonning ko’plab shaharlarida Samarqandga hunarmandlar, olimu fozillar, san’atkorlar, muhandislar olib kelindi va ularning boy tajribalari, ijodiy mahoratlaridan ilm- ma’rifat, madaniyat, qurilish jabhalarida keng foydalanildi. Samarqand va Hirotda madrasalar, kutubxona va rasadxona qurildi. Tibbiyot ilmini o’rganishga qiziqish yanada kuchaydi. Riyoziyot, falakiyot, jo’g’rofiya, tarix, adabiyot, falsafa hamda tarbiyashunoslikka oid asarlar yaratildi. Forobiy, Ibn Sino, Beruniy, Umar Xayyom, Sa’diy meroslarini, shuningdek, yunon-rim madaniyatini o’rganishga havas kuchaydi.
Shuni ta’kidlash kerakki, Temur va uning izdoshlari, temuriylar davrida fan va madaniyat rivojlandi. Ayniqsa Samarqand va Hirot shaharlari madaniyat, ilm-ma’rifat markaziga aylandi.
Amir Temur saltanatni bino qilish va uni mustahkamlash uchun juda katta xizmat qildi. Ana shunday buyuk xizmatlaridan eng muhimi mamlakatda ta’lim tizimini rivojlantirish sohasiga qaratilganligi edi. Chunki uning e’tiqodiga ko’ra bilimdon va tadbirkor insongina mamlkatning rivojlanishiga hissa qo’sha oladi. Shuning uchun ham sohibqiron bilimli va ishbilarmon, tadbirkor kishilarni tarbiyalashga katta e’tibor beradi. Bu borada ta’lim tizimining o’ziga xos o’rni bo’lishi kerakligini anglagan holda maktab va madrasalar qurdiradi. Saltanat poytaxti Samarqand atrofida o’n ikki bog’ va qasr yaratadi, shahar arki Ko’ksaroy, uning atrofida esa Bo’stonsaroylar bino etadi. Jome’ masjidi, maqbaralar, me’moriy yodgorliklar qurdiradi. Bu ishlarga faqat Amirning o’zi emas, uning atrofidagi yaqinlari ham turli madrasalar qurishga bosh-qosh bo’ladilar. Bulardan Amir Temurning amirlaridan Idigu Temur, mavlono Qutbiddin, umr yo’ldoshi Saroymulkxonim, nabirasi Muhammad Sultonlar ham madrasalar qurdiradilar.
Madrasalar ma’lum darajada ixtisoslashgan edi. Masalan, boshqaruv kadrlarni tayyorlash Muhammad Sulton madrasasida, diniy muassasalar uchun kadrlar tayyorlash mavlono Qutbiddin sadr madrasasi, umumiy mutaxassislar, ya’ni ziyoli, imom, olim, maktab o’qituvchisi tayyorlashga Idigu Temur, Saroymulkxonim madrasalari ixtisoslashgan. Lekin ularning hammasida Qur’on, Hadis, fiqh o’rganilgan. Shuningdek madrasalarning ixtisosligiga ko’ra umumi aqliya, umumi askariya, umumi ma’muriyalar ham o’rgatilgani haqida ma’lumotlar bor.
Ko’rinib turibdiki, Amir Temur mazkur talablarga rioya etgani tufayli uning saltanati rivoj topdi, fan va madaniyat taraqqiy etdi, davlatining nufuzi oshib, nafaqat Sharqda, balki G’arbda ham mashhur bo’ldi.
Bu o’n ikki qoidaga rioya qilishdan tashqari, Amir Temur o’zining hayoti tamoyillari haqida shunday degan:
«Men o’z hayotim mobaynida besh narsaga qat’iy e’tiqod qo’ydim va hamishalig’ ularga amal qildim, ular ushbulardir:
Do'stlaringiz bilan baham: |