Taraqqiyotning “O‘zbek modeli”. Iqtisodiy islohotlar.
Tarixdan ma’lumki, o‘z mamlakati milliy manfaatlarini hisobga olmay, Vatan taraqqiyoti va xalq farovonligini ta’minlash mumkin emas. Turli xorijiy mamlakatlar taraqqiyot modeliga ko‘r-ko‘rona tayanib, ish tutgan MDH doirasidagi ayrim mamlakatlarda islohotlarda depsinish hollari, tashqi qarzga botish, jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sharoitida ochilib, o‘zining zaif tomonlarini ko‘rsatdi. Dunyoda XX asrning boshlarida mamlakatlar iqtisodiy rivojlanishining Amerika va Evropa modellari, Ikkinchi jahon urushidan keyin esa o‘ziga xos Germaniya va YAponiya modellari shakllandi. Keyinchalik o‘zini to‘liq oqlagan Janubiy Koreya, Janubi-SHarqiy Osiyo mamlakatlarida taraqqiyot modellari yuzaga keldi. SHuningdek, mustaqillikka erishgan Osiyo va Afrika mamlakatlarida ko‘proq boshqa modellardan andoza olingan yo‘llar tanlandi. Lekin ushbu davlatlar tajribasi biron bir davlatning rivojlanish yo‘lini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul qilib bo‘lmasligini amalda isbotladi. YUqorida ko‘rib chiqilgan bozor iqtisodiyotiga o‘tishning turli modellari barcha mamlakatlarni bitta manzilga – erkin bozor iqtisodiyoti tizimiga olib keladi. Ammo, bozor munosabatlari shakllanishining ijtimoiy-iqtisodiy, tarixiy, milliy va xalqaro sharoiti har xil bo‘lganligi tufayli, unga o‘tishning milliy xususiyatlari ham mavjud bo‘ladi. SHu nuqtai nazardan biror mamlakatning taraqqiyot yo‘lini yoki taraqqiyot modelini borligicha qabul qilib bo‘lmaydi. Fransiyada chop etiladigan «Liberason» gazetasi muxbirining «Turkiya modeli» xususida bergan savoliga O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov quyidagicha javob bergan edi: «Turkiya bozor munosabatlari yo‘liga o‘tib erishgan tub o‘zgarishlari bilan ham hurmatga loyiqdir. Biroq, mustaqil O‘zbekiston Turkiya yo‘lidan ko‘r-ko‘rona nusxa ko‘chirmoqchi emas. Odamzod birovning bo‘yiga qarab o‘ziga to‘n bichmaydi». Joriy yilning 8 sentyabrida O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti SHavkat Miromonovich Mirziyoev Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisidagi nutqida xaqli ravishda ta’kidlaganidek: «Zamonaviy O‘zbekistonning tarixi - bu mamlakatimizning haqiqiy mustaqillikka erishish yo‘lida Islom Abdug‘anievich Karimov rahnamoligida olib borilgan o‘ta murakkab va og‘ir kurashlar tarixidir»1. CHorak asr mobaynida umrboqiy modelga aylanib ulgurgan, jamiyatimizni isloh etish, demokratlashtirish va liberallashtirish, mamlakatimizni modernizatsiya qilish hamda tub tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish bo‘yicha puxta o‘ylangan, dunyoda «o‘zbek modeli» nomi bilan tan olingan taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish orqali O‘zbekiston zamonaviy jadal va barqaror rivojlanib borayotgan davlatga aylandi2.
SHunday qilib, O‘zbekistonning o‘ziga xos taraqqiyot yo‘li nazariy va amaliy jihatdan belgilab olindi. Amaliy islohotlar jarayonida, xususan XXI asr arafasi va uning dastlabki yillarida mamlakatimizning rivojlanish strategiyasi, islohotlarni chuqurlashtirish va jamiyatni yangilash borasidagi faoliyatimizni jadallashtirish maqsadida bu tamoyillar Oliy Majlisning XIV sessiyasida (1999-yil 14- aprel) quyidagi oltita ustuvor yo‘nalish bilan to‘ldirildi:
Mamlakat siyosiy, iqtisodiy hayotini, davlat va jamiyat qurilishini yanada erkinlashtirish.
Jamiyat ma’naviyatini yanada yuksaltirish.
Kadrlar masalasi
Xalq turmush darajasining izchil va barqaror o‘sishi, aholini yanada kuchli ijtimoiy himoya qilish.
Iqtisodiyotda tarkibiy o‘zgarishlarni ta’minlash.
Jamiyatdagi barqarorlik tinchlik, millatlar va fuqarolararo totuvlikni sarhadlarimiz daxlsizligini, malakatimiz yaxlitligini ta’minlash3.
YAngi iqtisodiy munosbatlarga o‘tish tamoyillari asosida g‘oyat mas’uliyatli va murakkab vazifa–iqtisodiy islohotlar strategiyasi ishlab chiqildi. Iqtisodiy strategiyaning boshlang‘ich nuqtasi ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarning pirovard maqsadini belgilab olishdan iboratdir. Bu vazifa markazlashtirilgan, ma’muriy buyruqbozlikka asoslangan iqtisodiyotdan bozor munosabatlariga, bir sifat holatidan ikkinchi sifat holatiga o‘tishdan iboratdir.
Bozor islohotlarini amalga oshirish dasturiga ko‘ra ustuvor vazifalar bosqichma-bosqich hal qilinadi.
Birinchi bosqichda totalitar tuzumdan hozirgi zamon bozor munosabatlariga o‘tish davridagi bir-biriga bog‘liq ikki vazifani bir vaqtda hal qilishga to‘g‘ri keldi: ma’muriy buyruqbozlik tizimining og‘ir oqibatlarini tugatib, iqtisodni barqarorlashtirish va bozor munosabatlarining negizini shakllantirish. Bu bosqich jarayonida iqtisodiy islohotning asosiy yo‘nalishlari O‘zbekistonning Birinchi Pezidenti tomonidan belgilab berildi:
-o‘tish jarayonining huquqiy asoslarini shakllantirish, islohotlarning qonuniy-huquqiy bazasini mustahkamlash va rivojlantirish;
-qishloq xo‘jaligida mulkchilikning yangi shakllarini vujudga keltirish;
-ishlab chiqarishning pasayib borishiga barham berish4.
Dastlabki vaqtning o‘zida iqtisodiy munosabatlarning huquqiy negizini barpo etadigan 100 ga yaqin asosiy qonun xujjatlari qabul qilingan bo‘lib, ularni mazmun-mohiyati jihatidan quyidagi yo‘nalishlarga bo‘lish mukin:
1. Mulkchilik munosabatlari va ko‘p ukladli iqtisodiyotni shakllantiruvchi qonunlar. Bu yo‘nalish doirasida mulchilik to‘g‘risida, mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida, er to‘g‘risida, ijara to‘g‘risida, davlat uy-joy fondini xususiylashtirish to‘g‘risida va boshqa qonunlar qabul qilindi.
2. Xo‘jalik yuritishni tartibga soluvchi qonunlar, ya’ni xususiylashtirish, mulkchilik, tadbirkorlik, korxonalar, fermer xo‘jaligi, dehqon xo‘jaligi, shirkat xo‘jaligi to‘g‘risida qonunlar qabul qilindi. Bozor infratuzilmasini yaratuvchi va uning faoliyatini tartibga solib turuvchi banklar va bank faoliyati, pul tizimi, tadbirkorlik, sug‘urta, birjalar va birja faoliyati to‘g‘risida, qimmatli qog‘ozlar va fond birjasi to‘g‘risida va boshqa qonunlar qabul qilindi. Korxona bilan davlat o‘rtasidagi, korxonalar o‘rtasidagi munosbatlarni tartibga soluvchi, soliq kodeksi, bojxona kodeksi, monopolistik faoliyatni cheklash, korxonalarning bankrot bo‘lishi haqidagi qonunlar qabul qilindi.
O‘zbekistonning tashqi iqtisodiy faoliyatini belgilab beruvchi huquqiy normalar yaratildi. Tashqi iqtisodiy faoliyat to‘g‘risida qabul qilingan qonunlar, xalqaro pakt va bitimlar, ularning O‘zbekiston tomonidan belgilanishi mamlakatimiz tashqi aloqalarining rivojlanishi tarixida yangi sahifa ochdi.
O‘zbek modelining hayotga izchil tatbiq etilishi yurtimizning iqtisodiy va ijtimoiy qiyofasini tubdan o‘zgartirib yubordi. Bugun O‘zbekiston iqtisodiyoti izchil, barqaror va jadal o‘sayotgan jahondagi juda kam sonli mamlakatlar safidan mustahkam o‘rin oldi. Ijtimoiy, madaniy sohalarda erishilayotgan ulkan yutuqlar nufuzli xalqaro tashkilot va ekspertlar tomonidan keng e’tirof etilib, yuksak baholanmoqda.
Berlindagi Xalqaro iqtisodiyot akademiyasi direktori, professor Xans Yoaxim KNAUPE bu xususda shunday fikr bildiradi: «O‘zbekistonning g‘oyat mukammal, to‘g‘ri va aniq ishlab chiqilgan Inqirozga qarshi choralar dasturi bo‘hron sharoitida iqtisodiy islohotlarni qamrab olish barobarida, kelgusida — inqirozdan keyingi davrda ham taraqqiyot sari eltuvchi muhim ustuvor yo‘nalishlarni, chora-tadbirlarni aks ettirgan. Unda belgilangan vazifalar ko‘pgina mamlakatlar uchun istiqbolli dastur sifatida xizmat qilishi shubhasiz».
Haqiqatan ham, mamlakatimizda YAIM ishlab chiqarishning o‘sish sur’atlari global moliyaviy-iqtisodiy inqiroz davrida ham 8 foizdan yuqori bo‘lgani jahon ahlida, jumladan, xalqaro ekspertlar, mashhur iqtisodchilarda ham katta hayrat va havas uyg‘otmoqda. Jumladan, Xalqaro valyuta jamg‘armasining mamlakatimizga kelgan missiyalari bayonotida O‘zbekiston izchil o‘sishga erishgani va global moliyaviy inqirozga qarshi muvaffaqiyatli choralar ko‘rayotgani qayd etildi, shuningdek, o‘rta muddatli istiqbolda iqtisodiy o‘sishning yuqori sur’atlari saqlanib qolishi haqida ijobiy prognoz bildirildi.
Bu davlatimiz rahbarining O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yilda mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2013 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan majlisidagi ma’ruzasida ham alohida ta’kidlandi. Jahonda umume’tirof etilgan rivojlanishning «o‘zbek modeli» jahon iqtisodiyotida yuz berayotgan inqirozli holatlarga qaramay, 2012 yilda mamlakatimiz iqtisodiyotini o‘stirishning yuqori sur’atlari barqarorligi va makroiqtisodiy muvozanatni to‘la ta’minladi. Xususan, o‘tgan yilda mamlakatimiz YAIMning o‘sishi 8,2 foizni, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi o‘sishi 7,7 foizni, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari etishtirish hajmi o‘sishi 7,0 foizni tashkil etdi. Davlat byudjeti YAIMga nisbatan 0,4 foiz miqdorida profitsit bilan ijro etildi. Inflyasiya darajasi belgilangan prognoz ko‘rsatkichidan oshmadi.
Taraqqiyotning o‘zbek modeli yuksak zamonaviy texnika va texnologiyaning mavjudligi, ishlab chiqarishning industrial tavsifi, rivojlanishda axborot texnologiyalarining o‘rni va ahamiyatining yuqoriligi, xizmat ko‘rsatish sohasining muttasil o‘sib borishi, iqtisodiy o‘sishning intensiv yo‘li ustuvorligi, iqtisodiyotning ochiqligi, davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish, raqobat muhitini yaratish, erkin tadbirkorlikka keng yo‘l ochish orqali bozor munosabatlarini chuqurlashtirish, iqtisodiyotning ijtimoiy yo‘naltirilganligi, xalq farovonligining izchil yuksalishi, milliy iqtisodiyotning global iqtisodiyot bilan integratsiyalashuvining kuchayishi tendensiyalari bilan tavsiflanmoqda5.
Taraqqiyotning o‘zbek modeli qotib qolgan statik tushuncha emas, albatta. Uning xarakteri va shakl-shamoyilini belgilaydigan asosiy tamoyillar saqlanib qolgan holda doimo yangi vazifa va qoidalar bilan boyitilib, takomillashtirilib borilmoqda. Zero, hayot barcha tartib-qoidalarga o‘z tuzatishlarini kiritib boraveradi. Jamiyat hayotining barcha jabhalarini modernizatsiyalash, ishlab chiqarishning tarkibiy tuzilishini diversifikatsiyalash, innovatsion texnologiyani izchil rivojlantirish, sanoat mahsulotlari etkazib berishni yanada kengroq mahalliylashtirish — «o‘zbekcha taraqqiyot»ning mantiqiy davomidir.
YUqorida qayd etilgan Vazirlar Mahkamasi majlisidagi davlatimiz rahbari ma’ruzasida O‘zbekistonni joriy yilda rivojlantirishning 6 ta eng muhim ustuvor yo‘nalishi orasida iqtisodiyot va uning etakchi tarmoqlarini modernizatsiya qilish, texnik hamda texnologik yangilashni jadallashtirish, ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish markaziy o‘ringa qo‘yildi. SHu maqsadda 370 dan ortiq strategik loyihani ko‘zda tutadigan investitsiya dasturi ishlab chiqilgan. Barcha investitsiyalarning to‘rtdan uch qismi ichki manbalar hisobidan moliyalashtirilib, ular yangi quvvatlarni yaratish, rekonstruksiya va modernizatsiya qilishga yo‘naltirilmoqda. Bularning hammasi oxir-oqibatda milliy iqtisodiyotimiz rivojlanishini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish, o‘zbek modelining hayotbaxsh kuchini butun dunyoga yana bir bor namoyish etish imkonini beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |