Mavzu: O‘zbekistonning konfessial manzarasi
Diniy konfessiya – muayyan diniy ta’limot doirasida shakllangan va o‘ziga xos xususiyatlarga ega e’tiqod va ushbu e’tiqodga ergashuvchilar jamoasi. Konfessiya umumiy atama bo‘lib, xristianlik, buddaviylik kabi katta dinlar ham, ularning zamirida paydo bo‘lgan pravoslavlik, katoliklik, lamaizm, dzen-buddizm kabi yo‘nalishlar ham shunday nom bilan atalaveradi.
O‘zbekiston Respublikasida 2017-yil dekabr holatiga ko‘ra 16 konfessiya faoliyat ko‘rsatmoqda. • Ular quyidagilardir: • – Islom (O‘zbekiston musulmonlari idorasi); • – Pravoslavlik (Toshkent va Markaziy Osiyo yeparxiyasi); • – Katoliklik (Rim-katolik cherkovi); • – Lyuteranlik (Nemis-lyuteran cherkovi); • – Arman-apostol cherkovi; • – Pyatidesyatniklar (To‘liq injil xristianlari); • – Baptistlar (Yevangel-xristian baptistlar cherkovi); • – Novoapostol cherkovi; • – Yettinchi kun adventistlari; • «Golos bojiy»; Iegovo shohidlari; • – Koreys protestant cherkovlari; • – Yahudiylik; • – Bahoiylik; • – Krishnani anglash jamiyati; • – Buddaviylik. • - «O‘zbekiston bibliya kitob jamiyati» esa diniy tashkilot hisoblanib, boshqa konfessiyalardan alohida faoliyat olib borsa-da, diniy konfessiya maqomiga ega emas.
O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan konfessiya vakillari turli e’tiqodda bo‘lgan fuqarolar o‘rtasidagi totuvlik va do‘stlik rishtalarini mustahkamlashda o‘z hissalarini qo‘shmoqdalar. Bugungi kunga qadar yurtimizda bag‘rikenglikning ijtimoiy mohiyati, namoyon bo‘lish shakllari, jamiyat taraqqiyotini ta’minlashdagi o‘rni va ahamiyati kabi masalalarga bag‘ishlangan bir qancha tadqiqotlar amalga oshirildi. Diniy soha vakillari o‘z faoliyatlarini din va davlat munosabatlaridagi asosiy jihat – dinning siyosatga aralashmasligi, har qanday din, birinchi o‘rinda, ma’naviy-axloqiy jihatlarni o‘z ichiga olishi haqidagi tamoyilga tayangan holda amalga oshirishlari maqsadga muvofiqdir. Tolerantlik (bag‘rikenglik) tushunchasi bu nafaqat ma’naviy burch, balki siyosiy va huquqiy ehtiyoj. Tarixiy manbalar o‘lkamizda qadim zamonlardanoq zardushtiylik, buddaviylik, yahudiylik, nasroniylik kabi murakkab mafkuraviy tizimga ega dinlar tinch-totuv faoliyat olib borganliklaridan darak beradi. Bunday holatni hozirgi O‘zbekistondagi islom, xristian, yahudiy dinlari va boshqa konfessiyalarning o‘zaro munosabatlari misolida ham ko‘rish mumkin. Konstitutsiya asosida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi Qonuniga muvofiq: «Davlat diniy konfessiyalar o‘rtasidagi tinchlik va totuvlikni qo‘llab-quvvatlaydi. Bir diniy konfessiyadagi dindorlarni boshqasiga kiritishga qaratilgan xatti-harakatlar (prozelitizm), shuningdek, boshqa har qanday missionerlik faoliyati man etiladi. Ushbu qoidaning buzilishiga aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlikka tortiladilar».
Do'stlaringiz bilan baham: |