Mavzu: O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi asosiy qonun hujjati sifatida.
REJA.
1.Konstitutsiya so‘zining lo‘g‘aviy ma’nosini bilasizmi?
2. Konstitutsiya qachon va qayerda qabul qilingan?
3.Konstitutsiyaning o‘ziga xos xususiyatlari.
Konstitutsiya (lotincha “Constitution” – tuzilish, tuzuk) – davlatning Asosiy qonuni. U davlat tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv organlari tizimini, ularning vakolati hamda shakllantirilish tartibi, saylov tizimi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va shaxsning o‘zaro munosabatlari, shuningdek, sud tizimini hamda davlat va jamiyatning o‘zaro munosabatlarini belgilab beradi.
Konstitutsiyani yaratish yo‘lidagi birinchi huquqiy qadam – o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishidir.
“O‘z ona tilini bilmagan odam o‘zining shajarasini, o‘zining ildizini bilmaydigan, kelajagi yo‘q odam, kishi tilini bilmaydigan uning dilini ham bilmaydi, deb juda to‘g‘ri aytishadi”. “Har qaysi millat, katta yo kichikligidan qat’iy nazar, o‘z ona tilini hurmat qiladi”.
“Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunda mustahkamlangan muhim huquqiy qoidalar endilikda Asosiy Qonunimizning 4-moddasida quyidagicha muhrlab qo‘yildi:
“O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir. O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi”.
Konstitutsiyani yaratish yo‘lidagi ikkinchi huquqiy qadam – Prezidentlik instituti ta’sis etilishi va yangi davlat ramzlarini tayyorlash bo‘yicha komissiya tuzilishi bilan bog‘liq.
Konstitutsiyani yaratish yo‘lidagi uchinchi huquqiy qadam – “Mustaqillik deklaratsiyasi”ning e’lon qilinishidir.
O‘zbekiston Oliy Kengashi tomonidan 1990-yil 20-iyunda e’lon qilingan “Mustaqillik deklaratsiyasi”ning 8-bandida O‘zbekiston “o‘zining taraqqiyot yo‘lini, o‘z nomini belgilaydi va davlat belgilarini (gerb, bayroq, madhiya) o‘zi ta’sis etadi” degan qoida mustahkamlangan.
Konstitutsiyani yaratish yo‘lidagi to‘rtinchi huquqiy qadam – Konstitutsiyaviy komissiyaning tashkil etilishiga borib taqaladi.
Konstitutsiyani yaratish yo‘lidagi beshinchi huquqiy qadam – Birinchi Prezidentimizning Hindistonga 1991-yilgi tashrifi bilan chambarchas bog‘liq.
Bir so‘z bilan aytganda, istiqlol arafasida vujudga kelgan og‘ir sharoit, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy qiyinchiliklarga, turli to‘siqlarga qaramasdan, xalqimiz o‘zining asriy orzusi – O‘zbekistonning davlat suvereniteti va mustaqilligi sari qat’iyat bilan harakat qilishda davom etdi. O‘sha beorom davrda qabul qilingan Prezident farmoni va qarorlarida aks etgan muhim huquq va qoidalar keyinchalik Konstitutsiyamizning asosiy bo‘lim, bob va moddalari sifatida mustahkamlandi.
Konstitutsiyani yaratish yo‘lidagi oltinchi huquqiy qadam – Davlat mustaqilligining e’lon qilinishidir.
Mamlakatimiz rahbarining 1991-yil 31-avgustda, o‘n ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari oltinchi sessiyasida so‘zlagan nutqi, ayniqsa, o‘sha nutqdagi: “Men shu bugundan e’tiboran 1-sentabrni respublikamizda Mustaqillik kuni, umumxalq bayrami deb e’lon qilishni taklif etaman”, degan otashin so‘zlari Vatanimiz tarixiga oltin harflar bilan manguga yozilgandir.
Shu kuni “O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun qabul qilindi. Undan bo‘lajak Konstitutsiyaning o‘zak qoidalarini o‘zida aks ettirgan bir qator muhim moddalar joy oldi. Jumladan, mazkur Qonunga muvofiq:
“O‘zbekiston Respublikasi to‘la davlat hokimiyatiga ega, o‘zining milliy-davlat va ma’muriy hududiy tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv idoralari tizimini mustaqil belgilaydi” (3-modda);
“O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va uning qonunlari ustundir. O‘zbekiston Respublikasi Davlat idoralarining tizimi hokimiyatni qonun chiqaruvchi, ijroiya va sud hokimiyatiga ajratish tartibi asosida quriladi” (5-modda).
Bu Konstitutsiyaviy qonun Asosiy Qonunimiz qabul qilinguniga qadar, ya’ni 1992-yil 8- dekabrgacha biz uchun kichik Konstitutsiya vazifasini bajarib turdi.
Konstitutsiyani yaratish yo‘lidagi yettinchi huquqiy qadam – 1991-yil 29-dekabrda Prezident saylovi va Davlat mustaqilligi to‘g‘risidagi referendumning o‘tkazilishiga taalluqli.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi va Respublika davlat mustaqilligi to‘g‘risidagi referendum 1991-yil 29-dekabrda bo‘lib o‘tdi. Xalq davlat mustaqilligini qo‘llab ovoz berdi va Prezidentni sayladi. 1992-yil 4-yanvar kuni Oliy Kengashning ana shu saylov va referendum yakunlariga bag‘ishlangan to‘qqizinchi sessiyasi ochildi.
Konstitutsiyani yaratish yo‘lidagi sakkizinchi huquqiy qadam – birinchi Konstitutsiya loyihasining ilk bor matbuotda umumxalq muhokamasi uchun e’lon qilinishidir.
Loyiha e’lon qilingach, uning umumxalq muhokamasi juda keng tus oldi. Bu ochiq-oshkora muhokamalar 1992-yilning sentabr oyi oxiridan dekabr oyi boshlarigacha fuqarolarning siyosiy faolligi, ijodiy ko‘tarinkiligi ruhida o‘tdi hamda O‘zbekistonda demokratiya rivojining samarali va amaliy maktabi bo‘ldi.
Konstitutsiyaviy komissiyaga fikr-mulohazalar bildirilgan 600 taga yaqin xat kelib tushdi. Respublika matbuotining o‘zida Konstitutsiya loyihasiga bag‘ishlangan yuzdan ortiq materiallar e’lon qilindi. Fuqarolarimiz bildirgan takliflar soni 5 mingdan oshib ketdi.
Konstitutsiyani yaratish yo‘lidagi to‘qqizinchi huquqiy qadam – Konstitutsiya loyihasining ikkinchi marta matbuotda umumxalq muhokamasi uchun e’lon qilinishidir.
Konstitutsiya loyihasini ikki bosqichda muhokama etish uchun matbuotda e’lon qilinishining ma’nosi shundan iborat ediki, fuqarolar Konstitutsiyaning qayta ishlangan variantida Konstitutsiya loyihasini muhokama qilishdagi o‘z ishtiroklarining natijasini ko‘ra oldilar.
Konstitutsiya loyihasining yangi variantida umumxalq muhokamasining dastlabki bosqichida kelib tushgan ko‘plab fikr-mulohazalar va takliflar o‘z ifodasini topdi. Fuqarolarimiz Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan ularning ovozi eshitilganiga, takliflari tegishli ravishda ko‘rib chiqilib, inobatga olinganiga ishonch hosil qildilar.
Konstitutsiyani yaratish yo‘lidagi o‘ninchi huquqiy qadam – Konstitutsiya loyihasining qabul qilinishidir.
Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan 1992-yil 6-dekabrda Konstitutsiya loyihasi oxirgi marta muhokama etildi.
Parlament deputatlari tomonidan loyiha moddama-modda muhokama qilinib, unga yana bir qator o‘zgartishlar kiritilgach, 1992-yil 8-dekabr kuni Bosh Qomusimiz Oliy Kengashda qabul qilindi. Shu kundan e’tiboran, 8 dekabr – umumxalq bayrami deb e’lon qilindi.
Mustaqil O‘zbekistonning birinchi Konstitutsiyasi yangi mustaqil jamiyatning ishonchli huquqiy kafolatlarini shakllantirdi va mustahkamladi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi matni 7543 ta so‘zdan tarkib topgan. Bunda «respublika» so‘zi – 390, O‘zbekiston – 354, qonun – 210, davlat – 98, huquq – 90, konstitutsiya – 70, fuqaro – 66, Prezident – 62, Qoraqalpog‘iston – 33, shaxs – 32, erkin(lik) – 27,xalq – 24, demokratiya – 7 marotaba qo‘llangan.
Prezident Shavkat Mirziyoev O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 26 yilligiga bag’ishlangan tantanali tadbirdagi nutqida: “Farzandlarimizning qobiliyatini ro’yobga chiqarishga bolalikdan e’tibor berib, ularning kamoloti uchun barcha imkoniyatlarimizni safarbar etsak, yurtimizdan yana ko’plab Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulug’beklar etishib chiqadi. Men bunga ishonaman”,- dedi. Buning uchun albatta o’sib-unib kela yotgan yoshlarimiz har tomonlama ham ma’nan, ham aqlan, ham jismonan sog’lom, teran fikrlovchi, o’zining nuqtai-nazariga ega, o’z erkinligining chegarasini biluvchi va o’zgalar huquqini hurmat qiladigan, bir so’z bilan aytganda har tomonlama madaniyatli bo’lishlari talab etiladi.
Prezident Konstitutsiya kuniga bag’ishlangan tadbirda huquqiy madaniyat haqida ham fikr bildirdi va: “Har qanday qonun ma’lum huquq berish bilan birga, zimmamizga majburiyat ham yuklaydi.
Asosiy qonunimiz bilan barcha fuqarolar zimmasiga Konstitutsiya va qonunlarga amal qilish, boshqalarning huquqlari, erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish majburiyati yuklatilgan.
Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatning shakllanishi, avvalambor, tarbiya va muhit bilan bevosita bog’liqdir. Qonunlarga hurmat odamlarimizning huquqiy ongi va madaniyati asosida shakllanadi. Ya’ni, ayrim kishilar jazodan qo’rqib qonunga itoat etsa, boshqalar bolalikda olgan tarbiyasiga ko’ra qonunni hurmat qiladi.
Shu bois birinchi navbatda aholi, ayniqsa, yoshlar o’rtasida huquqiy tarbiyani keng yo’lga qo’yishimiz lozim.
Oddiy qilib aytganda, farzandlarimizga bolalik paytidan “yaxshi” va “yomon”, “mumkin” va “mumkin emas” degan tushunchalar o’rtasidagi farqni o’rgatishimiz, o’zimiz esa ularga doim shaxsiy namuna bo’lishimiz kerak”,- dedi.
Asosiy qonunimizning mazmun-mohiyatini bilish bugungi kunning zarurati ekanligini har birimiz anglab etishimiz kerak.
O’zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov Konstitutsiyaning 8-yilligiga bag’ishlangan tantanali marosimda shunday degan edi: “Men Konstitutsiyani bolalar bog’chasidan boshlab o’rganishni, maktablarda darslik tariqasida o’qitishni, oliy o’quv yurtlarida mahsus bir dars sifatida o’rganishni bugun barcha mutassaddi raxbar va tashkilotlarimizga topshiriq tariqasida aytmoqchiman. Toki unib o’sib kelayotgan yosh avlodimiz Konstitutsiyaning mazmun-mohiyatini, u
xalqimizning istiqlol yillarida erishgan ulkan tarixiy yutuq ekanini teran anglab etsin”.
Har bir suveren davlatning bosh huquqiy asosi bu uning Konstitutsiyasidir. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yaratilishi o’ziga xos rivojlanish yo’lini bosib o’tganligi bilan tavsiflanadi. O’tish davridagi murakkab zamonda yaratilgan ushbu bebaxo va benazir hujjat asosiy qonun shaklida jamiyatning, xalqning manfaati xamda kelajagiga umid va ishonch uyg’otdi, ijtimoiy taraqqiyotga mo’ljal oluvchi yo’lchi yulduz bo’lib xizmat qilib kelmoqda.
2017 yil 7 dekabr kuni bo’lib o’tgan O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligiga bag’ishlangan tantanali marosimda O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev Konstitutsiyaning qabul qilinish tarixi, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, mamlakatimizda Konstitutsiya va qonunlar asosida amalga oshirilayotgan islohotlar va istiqboldagi vaziflar to’g’risida to’xtalib o’tdi.
Ma’lumki O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qizg’in muxokamalar natijasida suveren demokratik davlatning Konstitutsiyasi sifatida 1992 yil 8 dekabrda qabul qilindi. Asosiy qonunimiz davlat mustaqilligining mevasi, mahsuli xalq manfaatini ta’minlovchi oliy qonun sifatida yaratildi va hurligimiz madhiyasi sifatida yashamoqda. Konstitutsiya kelajagi buyuk O’zbekistonning qad rostlashi uchun, adolatli huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etish uchun mustahkam huquqiy poydevor bo’lishi shak-shubxasizdir.
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining o’ziga xos xususiyatlarini quyidagilarda:
birinchidan, ushbu hujjatda huquqiy va siyosiy ongning eng yuksak yutuqlarini, hozirgi zamon, konstitutsiyaviylik ilmini o’ziga jalb etgani, o’zbek xalqi madaniyati va milliy an’analarining chuqur ildizlariga suyanilganligi;
ikkinchidan, bu hujjatda, O’zbekiston Respublikasidagi avvalgi ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy tizimni amalda boshqa tizimga aylanganligini, tubdan o’zgarish ro’y berganini Konstitutsiyaviy mustahkamlaganligini ko’rish mumkin.
Bir so’z bilan aytganda O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi mazmunan yangi siyosiy hujjatdir. Unda ijtimoiy-siyosiy xususiyat, uni rivojlantirishning asosiy g’oyalari, respublika ichki va tashqi siyosatining eng muhim yo’nalishlari belgilab berildi. Asosiy qonun dunyo siyosiy xaritasida yangi suveren davlat - O’zbekiston Respublikasi paydo bo’lganligini mustahkamlab qo’ydi.
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qoidalari xamisha ustuvor, birlamchi kuchga egadir. Boshqa qonunlarning barchasi u yoki bu tarzda konstitutsiyaviy me’yorlar asosida yaratiladi, uni rivojlantiradi va ro’yobga chiqaradi. Uning asosida me’yoriy – huquqiy hujjatlar ishlab chiqiladi. Mamlakatimiz Konstitutsiyasi kuchli axloqiy zaminga egadir. Unda avvalo insonparvarlik, adolat g’oyalari mustahkamlab qo’yilgan. Konstitutsiyaning “insonga qaratilganligi” xususiyatini alohida ajratib ko’rsatish lozim. Konstitutsiyaning markazida inson, fuqaro, uning huquqlari va qonuniy manfaatlari turadi. Islom Karimov ta’kidlaganidek “Endilikda inson, uning hayoti, erki, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquq xamda erkinliklari muqaddas sanalib, ular davlat tomonidan kafolatlanadi”.
O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi o’z maqomi, tuzilishi, yo’nalishi xamda asosiy tamoyillari, yaxlit mundarijasiga, ya’ni Muqaddimasidan boshlab so’nggi moddasiga qadar mustaqillik va istiqlol ruxi, demokratik tamaddun mazmuni bilan ajralib turadi. Shu o’rinda aytish o’rinliki, demokratik huquqiy davlat qurish xamda jamiyatni umuminsoniy qadriyatlar asosida tashkil etishda, shubhasiz Konstitutsiyaning tutgan o’rni va ahamiyati beqiyos ekanligini e’tibordan qoldirmaslik zarur. Mazmun mohiyati bilan huquqiy demokratik davlatda
hech bir fuqaro hech bir odam o’z ijtimoiy-shahsiy hayotini, o’z huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni Konstitutsiyasiz tasavvur qila olmaydi. Shuning uchun ham biz Konstitutsiyamiz mazmun-mohiyatini chuqur bilishimiz, oldimizda turgan muammolarni echishda Asosiy Qonunimizdan javob topishga intilishimiz lozim.
Mustaqil davlatimizning Konstitutsiyasi kelajagi buyuk davlatning ishonchli huquqiy kafolatlarini mustahkamlaydi. U bizga inson huquqlari, demokratiya, erkinlik, barqarorlik va taraqqiyot tamoyillari yig’indisini ifodalaydigan huquqiy va adolatli davlat qurish yo’llarini aniq ifoda etgan va xalq manfaatlarini himoya qiluvchi eng oliy qonun sifatida doimiy yo’lchi yulduz bo’lib xalqimiz borayotgan yo’lni yoritib boradi.
Asosiy Qonunimizning oldingi qonunlardan va boshqa davlatlarning Konstitutsiyalaridan ajralib turadigan o’ziga xos jihatlari quyidagilardan iborat:
birinchidan, 1992 yilgi Konstitutsiyamiz o’zining tub mohiyati va falsafasi, maqsadlari va g’oyalariga ko’ra yangi hujjatdir;
ikkinchidan, O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi o’zining ichki tuzilishi va yangi konstitutsiyaviy institutlari bilan ajralib turadi;
uchinchidan, Asosiy Qonun boshqa konstitutsiyalardan farqli o’laroq, o’ta mafkuralashtirish va siyosatlashtirish ruhi bilan sug’orilmagan. Unda kommunistik mafkura, sinfiylik, partiyaviylikdan asar ham yo’q;
to’rtinchidan, Konstitutsiyamiz jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilgan xalqaro huquq talab va qoidalariga javob beradigan tarzda tayyorlangan;
beshinchidan, Konstitutsiyamiz jahon konstitutsiyaviy tajribasiga keng tayanishi va ijobiy tomonlardan atroflicha foydalanganligi bilan ham ajralib turadi. Konstitutsiyamiz eng taraqqiy etgan mamlakatlar, xususan, AQSh, Turkiya, Frantsiya, Germaniya Shvetsiya, Italiya kabi Farb davlatlari, ruhiyati va etnik jihatlardan bizga yaqin
bo’lgan Yaponiya, Misr, Hindiston va boshqa Sharq davlatlarining boy tajribasidan eng demokratik jihatlarini, insonparvarlik g’oyalarini tarannum etuvchi xalqaro hujjatlarning talablarini o’zida jamlagan;
oltinchidan, Konstitutsiyamizni mustaqil davlatimiz ravnaqining huquqiy kafolati darajasiga ko’taruvchi eng muhim belgi unda jahonning ilg’or konstitutsiyaviy tajribasini milliy-ma’naviy va huquqiy qadriyatlarimizga, o’zbek xalqining boy tarixiga uyg’unlashtirilib qo’llanilganidadir.
Mustaqil davlatimizning 1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan Konstitutsiyasi avvalgi Konstitutsiyalardan o’zining yuridik mazmun va mohiyati jihatidan farq qilib, bu Konstitutsiyada davlatning mustaqilligi mustahkamlandi. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaning asosiy mohiyati uning xalq manfaatlari uchun xizmat qiladigan, huquqiy demokratik davlat qurish asoslari belgilab berilganligidadir.
Bizga ma’lumki, 1993 yil 28 dekabrda birinchi bor O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 77-modda 1-qismiga o’zgartirish va qo’shimcha kiritilgan.
Konstitutsiyaviy qonun asosida 2003 yil 24 apreldagi "O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o’zgartirishlar va qo’shimchalar kiritish to’g’risida"gi O’zbekiston Respublikasining Qonuniga muvofiq Konstitutsiyaning XVIII, XIX, XX, XXIII boblariga o’zgartirishlar va qo’shimchalar kiritildi. Jumladan, Konstitutsiyamizning O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deb nomlangan XVIII- bobi ilgari bir palatali parlamentga bag’ishlangan bo’lsa endilikda mazkur bobda ikki palatali parlament O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi (quyi palata) va Senati (yuqori palata)ga bag’ishlangan. Xususan, O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 76, 89- moddalar, 93 - moddaning 6 va 23-bandlariga, 98-moddaning 5-qismiga, 117-moddaning 2-qismiga, 127- moddaga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritilgan.
O’zbekiston Respublikasining 2007 yil 11 aprelda qabul qilingan Qonuni bilan O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 89-moddasiga, 93- moddaning 15-bandiga, 102-moddasining ikkinchi qismiga tuzatishlar kiritilgan.
O’zbekiston Respublikasining 2008 yil 25 dekabrda qabul qilingan Qonuni bilan O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 77-moddasining birinchi qismga o’zgartirish kiritilgan.
O’zbekistan Respublikasinin Qonunchilik palatasi tomonidan 2011yil 4 martda qabul qilingan, Senat tomonidan 2011 yil 25 martda ma’qullangan, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2011 yil 18 aprelda № URK – 284 imzolangan O’zbekistan Respublikasi Qonunining 78, 80, 93, 96 va 98-moddalariga o’zgartish va qo’shimchalar kiritildi.
O’zbekiston Respublikasining 2011 yil 12 dekabrda qabul qilingan qonuni bilan O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 90- moddasi ikkinchi qismiga tuzatish kiritilgan.
O’zbekiston Respublikasining 2014 yil 12 aprelda qabul qilingan qonuni bilan O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi 32, 78, 93, 98, 103 va 117-moddalariga o’zgartish va qo’shimchalar kiritilgan.
O’zbekiston Respublikasining 2017 yil 6 aprel kuni qabul qilingan Qonuni bilan Konstitutsiyaning 80, 81, 93, 107, 110, 111-moddalariga tegishli o’zgartirish va qo’shimchalar kiritildi.
O’zbekiston Respublikasining 2017 yil 31 may kuni qabul qilingan Qonuni asosida Konstitutsiyaning 80, 93, 108 va 109-moddalariga o’zgartirishlar kiritilgan.
O’zbekiston Respublikasining 2017 yil 29 avgust kuni qabul qilingan Qonuni asosida Konstitutsiyaning 99 va 102-moddalariga o’zgartirishlar kiritilgan.
O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga ushbu o’zgartish va qo’shimchalar hokimiyat va boshqaruv tizimini yanada demokratlashtirish, “kuchli davlatdan — kuchli fuqarolik jamiyati sari” printsipi bosqichma-
bosqich amalga oshirilishini ta’minlash, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining davlat hokimiyati organlari tizimidagi rolini, ichki va tashqi siyosatning strategik vazifalarini amalga oshirishdagi huquq va vakolatlarini kengaytirish, Vazirlar Mahkamasi hamda ijro etuvchi organlar faoliyati ustidan qonun chiqaruvchi oliy organning, hokimiyat vakillik organlarining nazorat funktsiyalarini kuchaytirish, shuningdek hukumatning, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalarini ro’yobga chiqarish borasidagi masuliyatini oshirish, sud-huquq tizimini isloh qilish va sudyalarning mas’uliyatlarini kuchaytirish maqsadida kiritilgan.
O’zbekiston Respublikasi demokratik huquqiy davlat qurish va fuqarolik jamiyatini shakllantirish uchun xarakat qilar ekan, xar tomonlama rivojlangan, erkin shaxsni shakllantirishni o’zining asosiy vazifalaridan biri deb biladi. Ta’lim soxasida maqsadga yo’naltirilgan davlat siyosatini olib borish va bu vazifani echishda asosiy vositalardan biridir.
Ta’lim olish huquqi shaxsning asosiy huquqlaridan biridir. O’zbekiston Respublikasi Inson huquqlari umumjaxon deklaratsiyasida (1948 yil 10 dekabr) asoslab berilgan huquqni amalga oshirishning faoliyat ko’rsatayotgan mexanizmini yaratdi.
Ta’lim olish huquqiga tegishli halqaro hujjat (1960 yil 14 dekabrdagi Ta’lim soxasidagi kamsitishlarga qarshi kurash to’g’risidagi Konventsiya) shuni e’tirof etadiki, “ta’lim” iborasi o’qitishning barcha turlarini va bosqichlarini qamrab oladi va ta’lim olish imkoniga ega bo’lish, ta’limning darajasi va sifati, shuningdek, ta’lim berish sharoitlarini o’z ichiga oladi.
Xalqaro huquq normalari boshlang’ich ta’limning majburiy va bepul qilishni, o’rta ta’limni uning barcha turlarida umum erishadigan qilishni va undan hammaning foydalanishini ta’minlashni, oliy ta’limni to’la tenglik asosida va har bir kishining qobiliyatidan kelib chiqib barcha
erisha oladigan qilishni, qonunda belgilangan o’qishning majburiyligini ta’minlashni tavsiya etadi.
O’zbekiston Respublikasi o’zi olgan majburiyatlarga amal qilib uzluksiz ta’limning barqaror tizimini yaratdi, shaxsning ta’lim olish huquqini amalga oshirish mexanizmini mustaxkamlab qo’ydi.
Ta’lim shakli va bosqichlarining ko’p xilliligi shaxsning ehtiyojlari va qiziqishlaridan kelib chiqqan holda uning ta’lim olish huquqini iloji boricha to’laroq amalga oshirishga imkon beradi.
Ta’lim olish huquqining mazmuni shundan iboratki, u O’zbekiston Respublikasining har bir fuqarosi uchun ta’lim va tarbiyaning barcha shakllaridan teng foydalanish imkoniyatini beradi.
Ta’lim olish huquqini amalga oshirish quyidagilar orqali ta’minlanadi:
ta’lim olish uchun zarur ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarni yaratish;
davlat va nodavlat ta’lim muassasalarining tarmog’ini yaratish;
davlat ta’lim standartlari doirasida ta’lim olishning barcha uchun imkoniyati borligi;
davlat ta’lim muassasalaridagi ta’limning bepulligi;
tayanch ma’lumoti olishning majburiyligi;
ta’limning turli shakllarini qo’llash;
ta’lim muassasalarining siyosiy partiyalar va ijtimoiy-siyosiy xarakatlarga qaram emasligi.
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 41-moddasida “Har kim bilim olish huquqiga ega. Bepul umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi. Maktab ishlari davlat nazoratidadir” deb ko’rsatilgan.
Davlat faqat ta’lim olish huquqini amalga oshirish uchun sharoitlar yaratibgina qolmay, mamlakatdagi maktab ishlarini nazorat ham qilib turadi. Hozirgi vaqtda O’zbekistonda har bir kishining ehtiyojiga ko’ra ta’lim olish huquqini ta’minlashning ishchan mexanizmi shakllangan bo’lib, u tegishli moddiy - texnik shart - sharoitlar bilan mustahkamlangan. Fuqarolarning huquq va erkinliklarini muxofaza qilishga bag’ishlangan barcha qonunlar va huquqiy hujjatlar negizida Konstitutsiyada nazarda tutilgan demokratik rux bilan sug’orilgan asosiy g’oya va qoidalar yotadi. Konstitutsiya asosida ishlab chiqilgan va qabul qilingan barcha qonunlar Konstitutsiyaviy tamoyillarni ijtimoiy hayotning turli sohalarida joriy etilishi uchun muhim vosita vazifasini bajaradi. Fuqarolarning ushbu konstitutsiyaviy huquqini ta’minlash maqsadida O’zbekiston Respublikasining “Ta’lim to’g’risida”gi Qonuni qabul qilingan.
Do'stlaringiz bilan baham: |