3-masala:
Milliy-hududiy chegaralanish natijasida O`zbekiston SSR tashkil etildi. Uning tarkibiga quyidagi hududlar: Turkiston ASSRning 9 ta uezdi, 133 ta tumani va 7 ta qishloq okrugi; Buxoro respublikasining 9 ta viloyati; Xorazm respublikasining 23 ta tumani kiritildi. O`zbekiston SSR tashkil etilgan paytda uning hududi 312394 kv. km.ni, aholisi 4 mln. 447 ming 55 kishini tashkil etar edi. Milliy tarkibiga ko‘ra aholining 74,2 foizini o‘zbeklar, qolganlarini esa boshqa millatlar tashkil etar edi. O`zbekiston SSRning dastlabki poytaxti Buxoro shahri bo‘lgan. Biroq ko‘p o‘tmay 1925-yil aprelda poytaxt Samarqand shahri qilib belgilandi. 1930-yil oxirida poytaxt Toshkentga ko‘chirildi. O`zbekiston SSR hududida butun hokimiyat O`zbekiston SSR sovetlarining ta’sis qurultoyiga qadar Muvaqqat Inqilobiy qo‘mita ixtiyoriga berildi. Buxoro respublikasi hukumati raisi, taniqli davlat arbobi Fayzulla Xo‘jayev O`zbekiston SSR Inqilobiy qo‘mitasi raisi qilib tasdiqlandi. 1924-yil 5-dekabrda Inqilobiy qo‘mita butun O`zbekiston xalqiga murojaat qilib, O`zbekiston SSR tuzilganini, uning tarkibiga Tojikiston ASSR kirganligini ma’lum qildi. Milliy chegaralanish bilan bir vaqtda iqtisodiy bo‘linish ham o‘tkazildi. Turkiston, Buxoro, Xorazm respublikalariga tegishli barcha boyliklar yangi milliy respublikalar o‘rtasida qayta taqsimlandi. Bu ishlar sovet hukumati tomonidan maxsus tuzilgan O`rta Osiyoni tugatish komissiyasi boshchiligida amalga oshirildi.
1925-yil 13-fevralda Buxoroda Xalq uyida Umumo‘zbek sovetlarining I-qurultoyi ochildi. Qurultoy “O`zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi tuzilganligi to‘g‘risidagi Deklaratsiya”ni qabul qildi. Qurultoyda davlat hokimiyati oliy organlari tuzilganligi rasmiylashtirildi. O`zbekiston SSR Sovetlari Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi raisi lavozimiga farg‘onalik dehqon, “Qo‘shchi” uyushmasi rahbarlaridan biri Yo‘ldosh Oxunboboyev saylandi. O`zbekiston SSR hukumati – Xalq Komissarlar Kengashi raisi lavozimiga Fayzulla Xo‘jayev tasdiqlandi. Milliy chegaralanish davrida O`rta Osiyoda faoliyat ko‘rsatib kelgan partiya, komsomol va xo‘jalik tashkilotlarida ham bir qator tashkiliy o‘zgarishlar amalga oshirildi.
O`zbekiston Kompartiyasining 1925-yil 6–12-fevral kunlari Buxoroda bo‘lib o‘tgan I-ta’sis s’ezdida O`zbekiston Kommunistik partiyasi tashkiliy jihatdan rasmiylashdi. Uning Markaziy Qo‘mitasi saylandi. V.I.Ivanov va Akmal Ikromov Markaziy Qo‘mitaning mas’ul kotiblari etib saylandilar. Akmal Ikromov 1927-yildan O`z-bekiston Kompartiyasi MQning birinchi kotibi lavozimida faoliyat olib bora bosh- ladi. Shu yili O`zbekiston komsomoli, respublika kasaba uyushmalari, uning rahbar organlari ham tuzildi. Ular respublikada Markaz va sovet hokimiyatining tayanch organlari bo‘lib qoldilar.
1925-yil may oyida O`zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi SSSR tarkibiga kiritildi. SSSR Konstitutsiyasi, uning asosiy qonun-qoidalari O`zbekiston SSR hududida bevosita ishlaydigan bo‘ldi. 1927-yilda qabul qilingan O`zbekiston SSRning birinchi va 1937-yilda qabul qilingan ikkinchi konstitutsiyalari ham amalda SSSR Konstitutsiyasining ko‘chirma nusxasi edi. Chunki O`zbekiston qog‘ozdagi “suveren” respublika bo‘lib, amalda Markazga tobe va qaram bir o‘lka edi. U o‘z xalqining milliy manfaatlariga oid biror-bir dolzarb, hayotiy ahamiyatga molik masalani Sovet Ittifoqi hukumatidan xoli ravishda mustaqil hal eta olmasdi. Hatto O`zbekistonning ma’muriy-hududiy tuzilishiga oid masalalar ham Sovet Ittifoqi hukumati tasarrufida edi. Masalan, O`zbekiston xalqi, uning hukumati roziligini so‘ramasdan 1929-yilda Tojikiston ASSR O`zbekiston SSR tarkibidan chiqarilib, Tojikiston SSR ga aylantirildi hamda SSSRga qabul qilindi.
Shunday qilib, qog‘ozda suveren respublika sifatida shakllantirilib, hukmron sovet imperiyasi tarkibiga kiritilgan O`zbekiston SSR amalda Markazga to‘la bo‘ysunuvchi, arzon xom ashyo mahsulotlari yetkazib beruvchi bir chekka o‘lka bo‘lib qolaverdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |