Tuzilishi. Limfa tuguni loviyasimon shaklga ega bo’lib, kattaligi 0,3–1 dm atrofida bo’ladi. Uning qavariq yuzasi orqali olib keluvchi limfatik tomirlar alohida-alohida holda tugun ichiga kiradi. Botiq yuzasi esa tugun darvozasi (hylus noduli lymhatici) deb atalib, bu yerdan arteriya kiradi va vena hamda olib ketuvchi limfatik tomirlar chiqadi. Limfa tuguni sirtidan kollagen tolalarga boy, zich biriktiruvchi to’qimadan iborat kapsula bilan qoplangan (142-rasm). Kapsula tarkibida silliq mushak hujayralarining tutamlari ham uchraydi. Ular ayniqsa kapsulaning darvoza sohasida ko’p miqdorda bo’ladi. Kapsuladan tugunning ichiga o’zaro anastomozlar hosil qiluvchi to’siklar yoki trabekulalar kiradi. Trabekulalar kapsula bilan birlikda tugunning biriktiruvchi to’qimali negizini tashkil etsa, limfa tugunining asosini (stromasini) retikulyar to’qima tashkil etadi. Bu to’qima o’simtalarga ega yulduzsimon retikulyar hujayralardan va ular bilan chambarchas bog’langan retikulyar tolalardan tuzilgan. Ular hosil qilgan to’r bo’shliqlarida T-, B- limfotsitlar va mikromuhit hujayralari joylashadi.
Tugunning darvoza sohasidan o’tadigan kesmasida to’qroq bo’yalgan, chekka joylashgan po’stloq (cortex) va ochroq bo’yalgan markaziy mag’iz (medulla) moddalarni ajratish mumkin. Po’stloq modda asosan yumaloq va oval tuzilmalardan – limfoid follikulalardan iboratdir. Mag’iz modda esa mag`iz tasmalari va ular orasida joylashgan sinuslardan tashkil topgan. Po’stloq va mag’iz moddalar chegarasida limfotsitlar tarqoq holda yotadigan oraliq yoki po’stloq oldi zona (paracortex) farqlanadi. Asosan T-limfotsitlar joylashishi tufayli bu soha timusga tobe yoki T-zona deb ataladi.
Po’stloq modda. Limfoid follikullar po’stloq moddaning asosiy qismini tashkil etadi. Ular diametric 0,5–1 mm atrofidagi yumaloq yoki oval tuzilmalardir. Bu tuzilmalarning asosini reticular to’qima tashkil etib, uning to’rlarida limfotsitlar va mikromuhit hujayralari joylashgandir. Har bir follikulda uning tashqi (qoplovchi), o’rta (oraliq) va markaziy qismlari farqlanadi. Tashqi va oraliq qismlarda asosan mayda va o’rta limfotsitlar joylashadi. Follikulning markaziy qismi ochroq bo’yalib, germinativ yoki ko’payish markazlari (centrum germinale) nomi bilan yoritiladi (143-rasm). Bu sohaning turli antigenlar ta’siri ostida o’zgarishi uning reaktiv markaz ham deb atalishiga sababdir. Ko’payish markazida mitotik bo’linish qobiliyatiga ega bo’lgan limfoblastlar va prolimfoblastlar hamda oz miqdorda mayda limfotsitlar uchraydi.
Ko’payish markazida ko’p miqdorda makrofaglar va follikulning dendritli hujayralari ham joylashadi. Follikullar tarkibiga asosan B-limfotsitlar va ularning hosilasi hisoblangan plazmatik hujayralar kiradi. Shu tufayli follikullar suyak ko’migiga tobe yoki B-zonaga kiritiladi. Ko’payish markazining kattaligi organizmning turli holatlariga qarab o’zgarishi mumkin. Organizmga antigenlar tushganda ko’payish markazi kengayib, unda juda ko’p miqdorda mitoz yo’li bilan bo’linadigan hujayralar kuzatiladi. Aksincha, organizmning nisbatan tinch holatida ko’payish markazlari kichrayib, unda yakka bo’linayotgan limfoblastlar va ozgina makrofaglarni ko’rish mumkin.
Po’stloq va mag’iz moddalar chegarasida joylashgan oraliq zonada T-limfotsitlar joylashadi. Po’stloq oldi zonada (parakorteks) T-limfotsitlar uchun maxsus mikromuhit yaratuvchi interdigitirlovchi hujayralar uchraydi. Ular T-limfotsitlarning ko’payishi va ishchi (yoki effektor) hujayralarga differensiallanishini ta’minlaydi. Parakorteksning muhim xususiyatlaridan yana biri unda ko’p miqdorda postkapillar venulalarning bo’lishidir. Bu venulalar baland, deyarli silindrsimon endoteliy hujayralari borligi bilan ajralib turadi. Bu endoteliy orasidagi yoriqlar orqali T- va B-limfotsitlarning tugun ichiga kiritishi va undan chiqishi kuzatiladi.
Mag’iz modda. Follikullardan va po’stloq oldi zonadan tugunning mag’iz moddasiga qarab mag’iz tasmalar (chordae medullariae) yo’naladi. Bu tasmalar retikulyar to’qima to’rlari orasida yotgan B-limfotsitlar, plazmatik hujayralar va makrofaglardan tashkil topgan bo’ladi. Ularning orasida B-limfotsitlar uchun mikromuhit yaratuvchi dendritli hujayralar ham uchraydi. Mag’iz tasmalarda asosan B-limfotsitlar va ulardan hosil bo’lgan plazmotsitlar bo’lishi tufayli tasmalar suyak ko’migiga tobe yoki B-zona deb hisoblanadi. Tasmalar o’zaro bir-biri bilan anastomozlar hosil qiladi. Tasmalar ichidan endoteliy hujayralari orasida yoriqlari bo’lgan qon kapillyarlari o’tadi. Sirtidan esa tasmalar yassilashgan, endoteliy hujayralariga o’xshab ketuvchi retikulyar hujayralar bilan qoplangan bo’lib, ular limfa suyuqligi oquvchi sinuslarning devorini hosil qiladi. Mag’iz moddada tasmalar tashqi tarafdan sinuslar bilan o’ralgan holda yotadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |