3-BOB. STRATEGIYANI AMALGA OShIRISh MEXANIZMLARI VA KUTILAYOTGAN NATIJALAR 1-§. Ushbu Strategiyani amalga oshirish mexanizmlari Ushbu Strategiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”ga muvofiq amalga oshiriladi.
Strategiya ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish subyektlari tomonidan:
a) barcha darajadagi budjetlarni shakllantirish va ijro etishda, shu jumladan xalqaro donorlar mablag‘lari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga;
b) kadrlarga oid masalalarni hal qilish yo‘li bilan;
v) qonunchilik tashabbusi huquqini amalga oshirish hamda O‘zbekiston Respublikasining normativ-huquqiy hujjatlarini qabul qilishda;
g) ekstremistik va terroristik yo‘nalishdagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun jinoiy va ma’muriy javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash yo‘li bilan;
d) ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish sohasidagi vaziyatni keng va xolisona yoritishda OAV ko‘magi bilan;
e) fuqarolik jamiyati institutlari bilan yaqin hamkorlik qilish orqali.
Ushbu Strategiyani uch bosqichda amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda.
Birinchi bosqichda (2021-yil) quyidagi tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutiladi:
a) Strategiyani amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirishni ta’minlash, mazkur muammoni birgalikda hal qilish uchun keng jamoatchilik va xalqaro tashkilotlarni jalb etish;
b) ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish sohasida O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligini rivojlantirish istiqbollarini belgilash;
v) ekstremistik va terrorchilik faoliyatiga qarshi kurashish bo‘yicha davlat hokimiyati va o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatining tashkiliy ta’minlanganligi va uyg‘unligini takomillashtirish;
g) vaziyatni monitoring va tahlil qilishning kompleks dasturlarini tashkil etish, shuningdek, muammolarni aniq belgilash hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish.
Ikkinchi bosqichda (2022 — 2025-yillar) quyidagi tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutiladi:
a) ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish sohasidagi vazifalarni hal qilishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunlarini va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarini takomillashtirish va yangilarini qabul qilish;
b) milliy axborot makonini ekstremistik va terrorchilik mafkura kirib kelishidan qo‘shimcha himoyalashga qaratilgan tizimni yaratish;
v) Strategiyani amalga oshirishda erishilgan natijalarni monitoring qilish;
g) ekstremizm, terrorizm va ularni moliyalashtirishdan kelib chiqadigan xavf, tahdid va xatarlarni, shuningdek, mamlakatdagi millatlararo va konfessiyalararo munosabatlarni kompleks tahlil qilib, vaziyatning rivojlanish istiqbollari bo‘yicha prognozlarni hamda aniqlangan xavf, tahdid va xatarlarni kamaytirish va bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish.
Uchinchi bosqichda (2026-yil) ushbu Strategiyani amalga oshirish natijalarini umumlashtirish hamda mazkur sohada strategik rejalashtirish bo‘yicha yangi hujjatlarni ishlab chiqishga qaratilgan takliflarni tayyorlash, shuningdek, idoralararo darajada tashkiliy xarakterdagi choralar qabul qilinishini ta’minlash nazarda tutiladi.