3
KIRISH. ISHNING UMUMIY TAVSIFI
Mavzuning dolzarbligi
. O‘zbek adabiyotining hozirgi taraqqiyot bosqichida mumtoz
adabiy janrlarning bir necha turi iste’moldan chiqdi, ba’zilari “yangi” shakllarda saqlanib turibdi.
Onda-sondagina g‘azal va muxammas kabi janrlarga murojaat qilinmoqda. Ayrim ijodkorlarning
ruboiy, tuyuq sifatida taqdim etayotgan she’rlari ham bu janrlarning mumtoz
adabiyotshunosligimizda belgilab qo‘yilgan talablariga mos emas. Mustazod, tarje’band,
tarkibband, muammo kabi bir qadar chuqurroq tafakkur talab qiladigan janrlardan amalda
foydalanilmayapti. Soqiynomalar ham xuddi shunday hozirgi davrda amalda bo‘lmagan janrlar
qatoriga kiradi. Shuning uchun ham adabiyotimiz tarixida keng istifodada bo‘lgan bu janr hozirgi
o‘quvchilar uchun ma’lum darajada tushunarsiz adabiy hodisalar qatoriga qo‘shilmoqda. Lekin
adabiyotshunoslik ilmi mutaxassislari bunday janrlarning imkoniyatlarini, ularning taraqqiyot
bosqichlarida erishilgan yutuqlarni chuqur o‘zlashtirgan bo‘lishlari shart. Chunki ularda,
birinchidan, xalqimizning ma’naviy taraqqiyotida, milliy badiiy tafakkuri tarzida yuz bergan
o‘zgarishlar aks etadi. Ikkinchidan, milliy adabiyot taraqqiyotini bashoratlashda (prognoz
qilishda), yangi ijodiy uslublar va yo‘llarini belgilashda o‘ziga xos ahamiyat kasb etadi. Alal
oqibat bunday bilimlar adabiyotimizning o‘ziga xosligini saqlab qolishga xizmat qiladi.
Binobarin, janrlar tarixining o‘zini adabiyotimiz tarixida alohida sahifani tashkil qiladigan boy
meros sifatida baholash o‘rinli deb hisoblaymiz. Ayniqsa, ulug‘ Alisher Navoiy tomonidan
qo‘llangan janrlarning o‘ziga xos sirlari mavjudki, ularning ko‘pchiligi hamon to‘la ma’noda o‘z
bahosini olmagan. Mamlakatimiz Prezidenti I.A.Karimovning «Biz bu bebaho merosdan
xalqimizni, ayniqsa yoshlarimizni qanchalik ko‘p bahramand etsak, milliy ma’naviyatimizni
yuksaltirishda, jamiyatimizda ezgu insoniy fazilatlarni kamol toptirishda shunchalik qudratli
ma’rifiy qurolga ega bo‘lamiz»
1
, degan so‘zlari bu sohadagi ishlarning dasturilamali bo‘la oladi.
Demak, hazrat Navoiy adabiy merosini, uning olmos qirralarini har tomonlama o‘rganish
bugungi ilmiy tadqiqotlar jarayonida o‘ziga xos o‘ringa egadir. Shuningdek, jahon
adabiyotshunosligida ayrim olingan janrlar, ularning poetikasiga doir juda ko‘p tadqiqotlar
amalga oshirilganiga qaramay o‘zbek adabiyotshunosligida hatto Alisher Navoiy ijod qilgan
adabiy janrlar ham atroflicha maxsus tadqiq etilmagan. Holbuki, ulug‘ shoirning janrlarga
munosabati ham uning adabiy-estetik printsiplarini aniqlashda o‘z ahamiyatiga ega.
Alisher Navoiyning har bir devoniga kiritilgan tarkibband, tarje’band kabi janrlar, ularning
adabiyotimiz tarixidagi o‘rni kabi ilmiy o‘rganilmagan mavzular qatorida soqiynomalarning
mavzuiy va poetik xususiyatlari, shuningdek, bu janrning tasnifi va tarixi ham alohida tadqiq
etilmagan. Bunday muammolar mavjudligi tanlangan mavzuning dolzarbligini belgilaydi.
1
Каримов И. Юксак маънавият – енгилмас куч. – Тошкент: Маънавият, 2008. – Б. 48.