Og’zaki bayon metodi. Keng ma’noda metod yunoncha “Metodost” so‘zidan olingan bo‘lib, “yo‘l”, “usul” ish uslubi degan ma’noni anglatadi. Qo‘llaniladigan (o‘qitish) “metod” - termini kishilarning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishish, ma’lum ob’ektni o‘zlashtirish borasidagi nazariy va amaliy faoliyatlari usullarini anglatadi. O‘qitish metodi deganda ta’lim jarayonida o‘qituvchi va o’quvchilarning kutilgan maqsadga erishishga qaratilgan birgalikdagi usullari tushuniladi.
Kadrlar tayyorlash milliy dasturida: “Zamonaviy axborot texnologiyalari, kompyuterlashtirish va kompyuterlar tarmog‘i negizida ta’lim jarayonini axborot bilan ta’minlash rivojlanib boradi. Ta’lim jarayonida ommaviy axborot vositalarining maqsadi oshib boradi, televideniye va radioning ta’lim dasturlari intellektuallashuvi ta’minlanadi”, deb ta’kidlangan.
Amaliy fazilatlar va amaliy san’at (kasb-hunar)lar va ularni bajarishga odatlantirish masalasiga kelganda, bu odatda, ikki yo‘l bilan hosil qilinadi: bulardan birinchisi – qanoatbaxsh so‘zlar, chorlovchi, ilhomlantiruvchi so‘zlar yordamida odat hosil qilinadi, malakalar vujudga keltiriladi, odamdagi g‘ayrat, qasd – intilish harakatga aylantiriladi.
Ikkinchi (usul) yo‘l – majbur etish yo‘li, bu usul gapga ko‘nmovchi qaysar shaharliklar va boshqa sahroyi xalqlarga nisbatan ishlatiladi. Chunki ular o‘z istaklaricha so‘z bilan g‘ayratga kirishadiganlardan emas, deb ta’kidlagan A.N.Forobiy.
Y.K.Babanskiy tahriri ostida nashr qilingan “Hozirgi zamon umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘qitish metodlari (1990-yil) kitobida o‘qitish metodlari quyidagicha turkumlanadi”.
O‘qitishning og‘zaki metodlari.
O‘qitishning ko‘rgazmali metodlari.
O‘qitishning muammoli – izlanishlar va reproduktiv metodlari.
O‘qitishning mantiqiy metodlari: induktiv, deduktiv va asoslash mantiqiy metodlari.
O’quvchilarning o’quv faoliyatlarini rag‘batlantirish va asoslash metodlari:
a) bilimga bo‘lgan qiziqishni shakllantirish metodlari.
b) bilim berishdagi burch va mas’uliyatni rag‘batlantirish metodlari.
O‘qitishdagi nazorat va o‘z-o‘zini nazorat qilish metodlari:
Og‘zaki va yozma nazorat metodlari.
O’quvchilapning tayyorgarliklarini laboratoriya va amaliy yo‘llar bilan nazorat qilish metodlari.
Mashina vositasida nazorat qilish metodlari.
O‘z-o‘zini nazorat qilish metodlari va h.k.
Y.A.Komenskiy “O‘qitish metodlarining o’quvchi bolada qiziqish uyg‘otishi uchun uni jonli va qiziqarli qilish zarur, o‘qitish har qancha jiddiy ish bo‘lsa ham, darsni do‘stona, qiziqarli vaziyatda, suhbat musobaqa, topshiriqlarni topshirish shaklida yoki hikoya va masala shaklida o‘tish lozim. O‘qitish metodi san’at darajasiga ko‘tarilishi uchun uni shunday puxta asoslarda o‘tish kerakki, o‘qitish hech og‘ishmay olg‘a qadam tashlasin va o‘z natijalarida aldanmasin” - deb yozgandi.
I.G.Pestalotsi metodik tanlashda bolaning o‘z ichki tabiatini hisobga olgan holda tabiatning abadiy qonunlariga asoslanishi kerak, deb hisoblaydi. “Faqat bitta metod, ya’ni tabiatning abadiy qonunlariga to‘la asoslanadigan metodgina yaxshidir”.
A.Disterveg o‘qitishning ikki asosiy metodini bayon qiluvchi va o‘stiruvchi metodlarni ajratadi: “Tashqi tomondan farqli ikki metod mavjuddir. Biri shundan iboratki, unda o’quvchilarga predmet aytib beriladi. Ikkinchisi shundan iboratki, unda o’quvchilar predmetning o‘zini yaratishga va shu bilan bir qatorda o‘qitishning dogmatik va o‘stiruvchi (evristik) metodlarini yaratishga majbur boladi”.
U ta’lim metodlariga taalluqli ikki qoidani, ya’ni: “Metod tanlashda predmet xususiyati bilan hisoblashmoq kerak” va o‘qitish metodi o‘qituvchi shaxsining o‘zi bilan bog‘langan”, - degan qoidalarni ifodalaydi. Hozir o‘qitish metodlarining samaradorligini oshirish eng dolzarb masalalardan biridir. O‘qitish metodlarining muvaffaqiyati, samarasi, natijasi ko‘proq o’quvchilar faoliyatiniig faolligi va mustaqilligini tarkib toptirishga ko‘p jihatdan bog‘liq. Bu yo‘l o‘qitish metodlarini takomillashtirishning eng samarali shaklidir. Metod shunday vaqtda samarali bo‘lishi mumkinki, o‘qituvchi darsda shunday vaziyat, sharoit yaratishi kerakki, ularning mustaqilligini oshirish bilan birga, olayotgan bilimlarini o‘zlashtirishda va mustaqil fikrlashga o‘rgatishi zarur. O‘qitish metodlarini takomillashtirish o’quvchi shaxsini, uning dunyoqarashiga, uning pedagogik-psixologik, metodik va maxsus ilmiy jihatdan tayyorgarligiga bog‘liq. Ana shunday omillar o‘qitish metodlarining samaradorligini oshirish omillari hisoblanadi.
Yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan o‘qituvchida ma’lum tanlangan metodlarning ustunligi ko‘rinadi. Tayyorgarligi kam o‘qituvchida buning aksi bo‘lishi mumkin. Maktab ta’lim tizimida o‘qitish metodlari bilan birga “metodik usul” va “vosita”lar ham ishlatiladi.
Usul – metodning bir qismi va bo‘lagi. Masalan, o’quvchining bilimini yozma tekshirish metodiga xatolarni tuzatish usuli kiradi.
Vosita – ma’lum bo‘lgan yordamchi o’quv materiali: asbob, qurol va apparatlardan foydalanish. O‘qitish metodlari dars xarakteriga qarab turli-tuman bo‘lishi mumkin. Lekin har bir fanni o‘qitishda o‘ziga xos umumiy talablarni hisobga olish kerak. Masalan, fizika, ximiya, biologiya fanlarini laboratoriya mashg‘ulotisiz o‘qitish mumkin bo‘lmaganidek, matematika, ona tili grammatikasi kabi fanlarni mashq qilmay, misol va masalalar yechmay turib kutilgan maqsadga erishib bo‘lmaydi. Aksincha, tarix, geografiya darslarida misol va masalalar yechishga hech qanday zaruriyat yo‘q.
Do'stlaringiz bilan baham: |