Mavzu: Mustaqillik davrida milliy madaniy
Masalasini alohida siyosati darajasida ko’tarish
Reja:
1. Mustaqillikka erishish ostonasida madaniy ahvol.
2. Ta’lim va tarbiya hamda maorif va madaniyat barkamol insonni shakllantirishning eng muhim vositasi.
3. Madaniy yuksalishda munosib o‘rin olgan xalq me’morchiligi mohiyat e’tibori jihatidan bunyodkorlik san’atidir.
4. Teatr – madaniyat, ma’naviyat va tarbiya maskani.
5. Musiqa san’ati insonni ezgulikka chorlaydigan hamda qalbidagi eng nozik va eng go‘zal tuyg‘ularni uyg‘otadigan ilohiy kuch.
6. Muzeylar yurtimiz tarixiga oid qadimgi tosh yozuvlaru bitiklar, nodir qo‘lyozmalar, noyob ashyolar, osori-atiqalarni saqlab kelayotgan ma’naviyat maskanlari.
7. Mustaqillik yillarida sport O‘zbekiston milliy madaniyatining tarkibiy qismi sifatida.
XX asrning 80-yillari oxiri va 90-yillar boshi O‘zbekistonda siyosiy yetakchi rahbar bo‘lib ishlagan I.A.Karimov nomi bilan bog‘liq ekanligini alohida qayd qilamiz. Boisi bu davr – O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasi bo‘lib, iqtisodiy-ijtimoiy, siyosiy, huquqiy, madaniy va ma’naviy faoliyatda ko‘p ishlar amalga oshirildi. Ma’lumki, insonning hayotida madaniy va ma’naviy qadriyatlar katta o‘rin egallaydi. Unga ilmiy-texnikaviy va intellektual imkoniyatlar, maorif, ta’lim-tarbiya, tibbiy xizmat, milliy tarixiy meros, turli shakllarda namoyon bo‘ladigan madaniyat dur- donalari, til, adabiyot, san’at, xalq hunarmandchiligi, tarixiy va madaniy yodgorliklar, arxitektura va hokazolar kiradi. Demak, ilmiy-nazariy tilda ifoda qilsak, madaniyatshunoslik predmetining o‘rganish obyekti namoyon bo‘ladi. Bu davr madaniyatining tarixiy, siyosiy-huquqiy jihatdan o‘rganilishi ayni muddao bo‘lib, IIV tizimidagi oliy harbiy muassasalari tinglovchi va kursantlarining Birinchi Prezident ta’biri bilan aytganda: «O‘sha davrning haqiqiy qiyofasini bolalarimizga albatta yetkazishimiz kerak, ularning ko‘zini haqiqatga ochib berishimiz kerak. Toki, ular yaxshini yomondan, oqni qoradan ajrata oladigan, hamisha ogoh va sergak yashaydigan bo‘lsin. Bu bizning eng katta burchimiz. Hozirgi to‘kinlik, serobchilik osmondan tushmaganini ham bolalari- mizga tushuntirishimiz lozim». Buyuk Yo‘lboshchimiz mustaqillikka erishish ostonasi madaniyatining ahvolini afsus-nadomat bilan shunday tasvirlagan edi: «Madaniyatning moddiy bazasiga nazar solsak, uyalib yerga kirib ketgudek bo‘lamiz. Hamonki, jamiyat madaniyatga hayotning boshqa sohalariga nisbatan sariq chaqa sarflayotgan ekan, vujudidan yuksak ichki madaniyat nurdek taralib turgan odamni tarbiyalashi mumkinmi? Bugun bosib o‘tgan yo‘limizga o‘z-o‘zini tanqid ruhida nazar tashlab, shuni ro‘yi rost tan olishimiz kerakki, biz madaniyat muammolariga kechirib bo‘lmaydigan tarzda kam e’tibor bergan ekanmiz. Nutqlar va ma’ruzalarda jamiyatning ma’naviy taraqqiyotida madaniyatning tutgan o‘rni haqida juda balandparvoz gaplarni ko‘p aytdik. Lekin amalda, ya’ni teatr va kinoteatrlar qurish yuzasidan aniq vazifalarni hal etishda, ulug‘ ajdodlarimizdan meros bo‘lib qolgan noyob me’yoriy obidalarni ta’mir etishda, kitob nashr etishni yaxshilashda, xalq san’atini rivojlantirishda, taassufki biz o‘zimizning jarangdor chaqiriqlarimiz va shiorlarimizni amalga oshirish yuzasidan oz ish qildik. Jamiyat madaniyati va ma’naviyat qanchalik yuksalsa, g‘oyaviy omil shunchalik mamlakat taraqqiyotining muhim sharti va kafolatidir. Shu narsa haqiqatki, biror mamlakat o‘z madaniy va ma’naviy imkoniyatlariga tayan- may, odamlar ongi, tafakkurida milliy va axloqiy qadriyatlarni rivojlantir- may hamda xalqning milliy ruhini uyg‘otmay turib, yuksak taraqqiyot dara- jasiga ko‘tarila olmaydi. Ayniqsa, ma’naviyat insonni ruhiy poklanish va yuksalishga da’vat etadigan, uning ichki olamini boyitadigan, iymon-irodasi, e’tiqodini mustahkamlaydigan, vijdonini uyg‘otadigan qudratli kuchdir. Ma’naviy meros qadim zamonlardan beri ajdodlarimiz, ota-bobolari- mizdan bizgacha yetib kelgan madaniy va ma’naviy boyliklar: siyosiy, falsafiy, huquqiy va diniy qarashlar, axloq-odob me’yorlari, ilm-fan yutuq- lari, tarixiy, badiiy va san’at asarlari majmuidir. Ma’naviy qadriyatlar, boyliklar inqilobiy yo‘l bilan hosil qilinadigan hodisa emas, u jamiyat taraqqiyotining barcha bosqichlarida uning ehtiyojlari tufayli yuzaga keladi va o‘sha davr hayotini aks ettiradi, u jamiyat o‘zgarishi bilan yo‘qo- lib ketmaydi, keyingi avlodlar uchun meros bo‘lib qoladi. Har bir avlod ma’naviyatni yangidan yaratmaydi, balki mavjud ma’naviy merosga taya- nadi. Biroq, uni qanday bo‘lsa shundayligicha, ko‘r-ko‘rona qabul qilaver- maydi, taraqqiyparvarlik, insonparvarlik, adolat nuqtai nazaridan qabul qiladi va rivojlantiradi. Istiqlol tufayli milliy madaniyatimiz, jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga bebaho hissa qo‘shgan buyuk bobokalonlarimizning madaniy va ma’naviy merosi qaytadan o‘rganildi hamda tiklandi. Xalqimiz ulardan bahramand bo‘la boshladi. Demak, mustaqillik yillarida xalqimiz ma’naviyati yulduz- lari bo‘lgan buyuk allomalarimizning tavallud topgan tarixiy sanalari YUNESKO bilan hamkorlikda mamlakatimiz hamda xalqaro miqyosda keng nishonlandi.
Ta’lim va tarbiya hamda maorif va madaniyat barkamol insonni shakllantirishning eng muhim vositasidir. Shu bois ham ta’lim-tarbiya hamda madaniyat ishlarini eng muhim va dolzarb soha sifatida rivoj- lantirishga alohida e’tibor berilmoqda. Ya’ni, O‘zbekistonda ta’lim tizimi jahon standartlari asosida takomillashtirilayotganini, oliy o‘quv yurtlarida zamonaviy bilim va malakaga ega kadrlar tayyorlanayotganini ta’kidlash joizdir. Chunki, bu sohaga davlat siyosati nuqtai nazaridan e’tibor berilib, uni modernizatsiya qilish hamda yoshlarga jahon andozalari darajasida ta’lim berishga qaratilayotgani navqiron avlod kamolotida muhim omil bo‘lmoqda. 1992-yil 2-iyulda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonuni hamda 1991–1996-yillarda e’lon qilingan 30 dan ziyod Prezident farmonlari va Vazirlar Mahkamasining qarorlari asosida ta’lim sohasida qator o‘zgarishlar amalga oshirildi. Maktabgacha ta’lim tizimida uylarda tashkil etiladigan bolalar bog‘- chalari hamda «bolalar bog‘chasi + maktab» majmui tarmog‘i rivojlandi. Bolalarga chet tillarni, xoreografiya, tasviriy va musiqa san’ati, kompyuter savodxonligi asoslarini o‘rgatuvchi 800 dan ortiq guruh tashkil etildi. «Sog‘lom avlod uchun», «Iqtisodiy ta’lim», «Qishloq maktabi», «Rivojla- nishda nuqsoni bo‘lgan bolalarni tiklash» va boshqa tarmoq dasturlari ishlab chiqildi hamda ta’lim jarayoniga tatbiq etila bordi. Islohotlarga mos ravishda maktabgacha ta’lim faoliyati tubdan o‘zgardi. Xususiy va xona- don bog‘chalar tarmog‘i kengaydi. Respublika bo‘yicha maktabgacha yosh- dagi bolalarni maktabga tayyorlash ta’lim muassasalarida, xo‘jalik hisobi- dagi qisqa muddatli guruhlarda, maktablar qoshidagi tayyorlov guruhlari, savodxonlik va boshqa turdagi markazlarda amalga oshirilmoqda. Oliy ta’lim sohasida ham ko‘plab yangi o‘quv yurtlari ochildi. 1992- yil 28-fevraldagi Prezident farmoni bilan 8 ta viloyat pedagogika institutlari universitetlarga aylantirildi. Eng zarur zamonaviy mutaxassisliklar bo‘yicha yangi oliy o‘quv yurtlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Davlat boshqaruvi akademiyasi, Qurolli Kuchlar akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Bank-moliya akademiyasi, Toshkent Moliya instituti, Navoiy konchilik instituti, Samarqand davlat chet tillari instituti, Andijon iqtisodiyot va boshqaruv instituti, Jizzax politexnika instituti, Qarshi agrar iqtisodiyot instituti, Navoiy davlat pedagogika instituti, Namangan muhandislik-iqtisodiyot instituti hamda viloyatlarda yirik universitetlarning filiallari tashkil etildi. 1997-yil boshlarida Respublika Oliy ta’lim tizimida 58 ta oliy o‘quv yurti, shu jumladan 16 ta universitet va 42 ta institut faoliyat ko‘rsatdi. Ularda 164 ming talaba o‘qidi, 18,5 ming professor-o‘qituvchi faoliyat ko‘rsatdi. Shu yillarda abituriyentlar va talabalarning bilim darajasini test va reyting asosida baholashning ilg‘or usullari joriy etildi. Iste’dodli yoshlarni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish, ularning chet elda o‘qishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Respublika bolalar hamda «Kamolot», «Sog‘lom avlod uchun», «Iste’dod» jamg‘armalari tashkil etildi. Ta’lim-tarbiya faoliyatini yanada kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan ta’limni isloh qilish yo‘llari ishlab chiqildi. U 1997-yil 29-avgustda Oliy Majlisning IX sessiyasida «Barkamol avlod – O‘zbekiston taraqqiyotining poydevori» mavzusida ma’ruza qildi. Ma’ruzada oldimizga qo‘ygan buyuk maqsadlarimizni ro‘yobga chiqarish taqdiri, avvalambor zamon talablariga javob beradigan yuqori malakali, ongli mutaxassis kadrlar tayyorlash muammosi bilan chambarchas bog‘liq ekanligiga e’tibor qaratildi. «Ta’lim to‘g‘risida»gi yangi qonuni va «Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi» qabul qilingani esa bu yo‘ldagi sobitqadamlikdir. Kadrlar tayyorlash Milliy dasturining bosh maqsadi: ta’lim sohasini tubdan isloh qilish, uni o‘tmishdan qolgan mafkuraviy qarashlar va sarqit- lardan to‘la xalos etish, rivojlangan davlatlar darajasidagi, yuksak madaniy va ma’naviy hamda axloqiy talablarga javob beruvchi yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini yaratishdan iborat edi. Ta’lim tizimida inqilo- biy tus olgan Milliy dasturda hayotimizning barcha sohalarida bosqichma- bosqich amalga oshirilayotgan islohotlarga monand ravishda, ya’ni ta’lim islohotlarini uch bosqichda amalga oshirish nazarda tutildi: Birinchi bosqich (1997–2001 yy.)da mavjud kadrlar tayyorlash tizimining ijobiy salohiyatini saqlab qolish asosida ushbu tizimni isloh qilish va rivojlantirish uchun huquqiy-me’yoriy, ilmiy-uslubiy, moliyaviy- moddiy shart-sharoitlar yaratish vazifalari ro‘yobga chiqariladi. Ikkinchi bosqich (2001–2005 yy.)da Milliy dastur to‘liq ro‘yobga chiqadi, mehnat bozorining rivojlanishi va real ijtimoiy-iqtisodiy sharoit- larni hisobga olgan holda unga kerakli o‘zgartirishlar kiritiladi. Uchinchi bosqich (2005 va undan keyingi yillar)da to‘plangan tajribani tahlil etish va umumlashtirish asosida mamlakatni ijtimoiy-iqtiso- diy rivojlantirish istiqbollariga muvofiq holda milliy kadrlar tayyorlash tizimi yanada ravnaq topadi hamda takomillashtiriladi. Bugungi kunda mamlakatimizda 9 ming 692 ta umumta’lim, 283 ta bolalar musiqa va san’at, 225 ta bolalar va o‘smirlar sport maktablari, 4 ming 916 ta maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat yuritmoqda. Ularni zamonaviy o‘quv-laboratoriya uskunalari, kompyuter texnikasi, darsliklar va o‘quv-uslubiy materiallar bilan jihozlash borasidagi ishlar uzluksiz ravishda davom etmoqda 1 . 2015-yilda bu sohada 384 ta obyektning mod- diy-texnik bazasini yanada rivojlantirish va mustahkamlash bo‘yicha qiymati 423 milliard so‘mlik ishlar amalga oshirildi, namunaviy loyihalar asosida 29 ta yangi umumta’lim maktabi barpo etildi, 219 ta maktab rekonstruksiya qilinib, 136 tasi kapital ta’mirlandi. O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida 2 ming 200 talabaga mo‘ljallangan yangi zamonaviy o‘quv korpusi, sport majmuasi, shuning- dek o‘quv jarayoniga jalb etilgan xorijlik mutaxassislar uchun mehmon- xona barpo etildi. Navoiy davlat konchilik institutida yangi o‘quv binosi qurilishi nihoyasiga yetkazildi. Oliy o‘quv yurtlarining professor-o‘qituv- chilarini muntazam qayta tayyorlash bo‘yicha mutlaqo yangi, takomillash tirilgan tizim joriy qilindi. 15 ta tayanch oliy o‘quv yurtida oliy ta’lim muassasalari rahbarlari va pedagog kadrlarni qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish kurslari tashkil etildi. Mazkur kurslarda oliy o‘quv yurtlarining 2 ming 700 ga yaqin o‘qituvchisi malaka oshirdi.
Madaniy yuksalishda munosib o‘rin olgan xalq me’morchiligi mohiyat e’tibori jihatidan bunyodkorlik san’atidir. Me’morchilikda ikki asosiy tamoyil ko‘zga tashlanadi. Birinchi tamoyilga ko‘ra, sharqona me’morchi- lik an’anaviy qonun-qoidalariga rioya etishdir. Bu tamoyil Temuriylar tarixi davlat muzeyi, «Turkiston» saroyi, Oliy Majlis, Toshkent shahar Xalq banki binolari timsolida o‘z aksini topgan. Me’morchilikdagi ikkinchi tamoyil esa O‘zbekistonning jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin olish sari intilishini namoyish etuvchi jahon me’morchiligining eng yaxshi yutuqlaridan foydalanishda ko‘zga tashlana- di. Bunday binolar jumlasiga «Meridian», «Afrosiyob» (Samarqand), «Buxoro», «Interkontinental», «Sheraton» mehmonxonalari, «O‘zekspo- markaz», Milliy bank, Markaziy bank, «Toshkentplaza» savdo markazi, Respublika birja markazi, banklararo moliyaviy xizmatlar Markazi, O‘zbekiston Davlat konservatoriyasi va boshqa binolarni kiritish mumkin. Milliy me’morchilik an’analari va zamonaviy shaharsozlik namu- nalari asosida barpo etilgan Xalqaro hamkorlik markazi, «O‘zbekiston» xalqaro anjumanlar saroyi, «Ma’rifat» markazi, «Poytaxt» biznes markazi, «Bunyodkor» sport majmuasi singari ko‘plab inshootlar shahar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shmoqda. Zamonaviy mehmonxonalar, turar-joylar, ijtimoiy obyektlar, yo‘l va ko‘priklar, so‘lim bog‘u xiyobonlar shahar ahli va mehmonlariga keng qulaylik yaratmoqda. O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi tarixiy binolarni tiklash ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. Bunga Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Qo‘qon, Andijon, Termiz, Qarshi shaharlarida qayta tiklangan o‘nlab binolar, obidalar misol bo‘la oladi. Mustaqillik yillarida haykaltaroshlik san’ati jadal ravishda o‘sdi. Haykaltarosh I.Jabborov va K.Jabborovlar tomonidan Toshkentda Amir Temur nomidagi xiyobonda Amir Temur hamda Samarqand va Shahrisabzda Amir Temur haykallari, Farg‘ona va Quvada al-Farg‘oniy (1998), Xorazmda Jaloliddin Manguberdi haykallari (1999 y.) yaratildi. Haykaltarosh R.Mirboshiyev ijodiga mansub Z.M. Bobur (1993-yil, Andijon), Abdulla Qodiriy (1994-yil, Toshkent), Cho‘lpon (1997-yil, Andijon), Ona (1999-yil, Jizzax shahri) kabi bir qator haykal va yodgorlik- lar yaratildi. 1999-yilda Termizda Alpomish haykali va majmua kom- pozitsiyasi (A.Rahmatullayev va boshqalar) bunyod etildi. O‘zbekistonda qadimdan amaliy san’at o‘ziga xos tarzda rivojlanib kelgan. Mustaqillik yillarida badiiy kulolchilik, pichoqchilik, zargarlik, ganchkorlik, yog‘och o‘ymakorligi, naqqoshlik, kashtachilik, zardo‘zlik, gilamdo‘zlik, bezakchilik kabi amaliy san’at turlari tiklandi va yangi ma’no-mazmun bilan rivojlanmoqda. Aytish joizki, dizayn san’ati ham hayotimizdan munosib o‘rin olmoqda.
Teatr – madaniyat, ma’naviyat va tarbiya maskanidir. Bugungi glo- ballashuv davrida yosh avlod dunyoqarashi va tafakkurini yuksaltirish, ularni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida kamol toptirish, xalqi- mizning boy ma’naviy merosini asrab-avaylash va targ‘ib etishda teatr san’ati muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu o‘rinda Buyuk Yo‘lboshchi- mizning: «qachonki milliy madaniyatimizning uzviy qismi bo‘lgan teatr san’ati xususida so‘z borar ekan, buyuk ma’rifatparvar Mahmudxo‘ja Behbudiyning «Teatr–bu ibratxonadur», deb aytgan fikrini eslash o‘rinlidir» 2 , – degan fikri ayni muddaodir deb qayd qilamiz. Toshkentda 1996-yil oktabrda bo‘lib o‘tgan «Teatr: Sharq va G‘arb» xalqaro festivalida Yaponiya, Hindiston, Gonkong, Turkiya, Rossiya, Buyuk Britaniya teatr san’atkorlarining chiqishlari bo‘ldi. Amir Temur tavalludining 660-yilligiga bag‘ishlangan ushbu festivalda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston teatrlarining 15 ta eng yaxshi tarixiy sahna asarlari namoyish etildi. O‘zbekiston teatr ustalari Germaniya, Fransiya, Slovakiya, Hindiston, AQSH, Belgiya, Misr, Rossiya teatr festivallarida milliy ruhdagi spektakllari bilan ishtirok etdilar. Mamlakatimizda teatr san’atini rivojlantirish, uning o‘ziga xos an’a- nalarini asrab-avaylash va yanada boyitish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Yangi san’at maskanlari qurilib, foydalanishga topshi rilmoqda, mavjudlari zamon talablari darajasida ta’mirlanyapti. 1998-yil 26-martda qabul qilingan «O‘zbekiston teatr san’atini rivojlantirish to‘g‘ri- sida»gi farmon bu borada muhim dasturilamal yo‘nalishga ega bo‘ldi. Hozirgi paytda yurtimizda qirqqa yaqin professional teatr hamda ko‘plab xalq teatrlari faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston Davlat san’at va mada- niyat instituti hamda yigirmadan ortiq o‘rta maxsus kasb-hunar kollejida teatr san’ati uchun malakali mutaxassislar tayyorlanmoqda. Sohadagi yangi ijodiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, teatrga umrini bag‘ishlagan insonlar mehnatini e’zozlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2001-yilda respublika teatr san’atida muhim tarixiy voqea sodir bo‘ldi. O‘zbek akademik drama teatri binosi muhtasham koshona shaklida qayta qurildi, zamonaviy teatr uskunalari va mebellar bilan jihozlandi. O‘zbek Milliy akademik drama teatri maqomi berildi. Birinchi Prezident- ning 2014-yil 22-yanvardagi «O‘zbek Milliy akademik drama teatrining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida»gi qaroriga asosan yubiley o‘tkazildi. O‘zbek Milliy akademik drama teatri, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat akademik Katta teatri, Muqimiy nomidagi O‘zbek davlat musiqali drama teatri, O‘zbekiston yoshlar teatri, Respublika yosh tomoshabinlar teatri, Buxoro viloyati qo‘g‘irchoq teatri, Mannon Uyg‘ur nomidagi Surxondaryo viloyati musiqali drama teatri ijodkorlarining spektakllari Hindiston, Misr, Yaponiya, Germaniya, Malayziya kabi dav- latlarda bo‘lib o‘tgan xalqaro teatr festivallarida yuksak e’tirofga sazovor bo‘ldi. Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, 2015-yilda yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan teatrlarimiz tomonidan 11 mingdan ortiq spektakl namoyish etildi 1 . Darhaqiqat, teatr san’ati xalqimiz, ayniqsa yoshlarimizning ma’naviy ruhiyatini boyitish, ular ongiga milliy istiqlol g‘oyasini singdira borish hamda vatanparvarlik tuyg‘ularini kuchaytirish, axloqiy va estetik tarbiya maktabi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Musiqa san’ati insonni ezgulikka chorlaydigan hamda qalbidagi eng nozik va eng go‘zal tuyg‘ularni uyg‘otadigan ilohiy kuchdir. Chindan ham dunyoda turli millatlar, tillar va e’tiqodga mansub odamlar hamda elu- elatlarni hech qanday tarjimonsiz bir-biriga bog‘laydigan, mushtarak maqsadlar yo‘lida birlashtiradigan musiqa san’ati kabi qudratli vositani topishning o‘zi qiyin?! Darhaqiqat, Birinchi Prezident Islom Karimov shunday qayd etgan edi: «Insonning ruhiy kamoloti haqida gapirar ekanmiz, albatta bu maqsadga musiqa san’atisiz erishib bo‘lmaydi. Xalqimiz hayotida musiqa azaldan beqiyos o‘rin tutib keladi. Samarqand yaqinidagi Mo‘minobod qishlog‘idan 3 ming 300 yil muqaddam suyakdan yasalgan nay cholg‘usi topilgani ham shundan dalolat beradi. Musiqa sadolari qaysi xalq yoki millat vakili tomonidan ijro etilma- sin, eng ezgu, yuksak va nozik insoniy kechinmalarni ifoda etadi. Mashhur tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiy o‘zining «Zafarnoma» kitobida Amir Temur davrida o‘tkazilgan musiqiy anjumanlar haqida to‘xtalib, «Yaxshi ovozli xonandalar kuylashni boshlab, g‘azalu naqsh aytur erdilar. Va turku mo‘g‘ul, xitoyu arab va ajamdin har kim o‘z rasmi bilan nag‘ma aytur erdi, degan ma’lumotlarni keltiradi» 1 . Mustaqillik yillarida milliy musiqa va qo‘shiqchilik san’ati rivojlandi. Respublika madaniyat va sport ishlari vazirligi, 1992-yilda tashkil etilgan Xalq ijodi va madaniy-ma’rifiy ishlar respublika markazining viloyatlar- dagi bo‘limlari musiqa va qo‘shiqchilik san’ati hamda havaskorlik va folklor jamoalari faoliyatini rivojlantirish, unutilgan xalq ohanglarini tiklash maqsadida turli xil ko‘rik-tanlovlar, festivallar tashkil etmoqdalar. 1992-yilda Toshkentda «Asrlarga tengdosh navolar» va «Boqiy ovozlar», Xorazm viloyatida folklor jamoalari, askiya, qiziqchi va masxarabozlar hamda Qo‘qonda katta ashula, lapar va yalla ijrochilarining ko‘rik-tanlovlari o‘t- kazildi. 1994-yil may oyida Parijda bo‘lib o‘tgan «Sharq musiqasi» festiva- lida Munojot Yo‘lchiyeva va Shavkat Mirzayevlar ishtirok etib, o‘zbek milliy qo‘shiqchilik san’atini jahonga namoyish etdilar. 1996-yil aprel oyida Turkiston saroyi hamda «Bahor» majmuasi va boshqa ijodiy konsert tashkilotlari negizida tashkil etilgan «O‘zbeknavo» gastrol-konsert birlashmasi orqali xalq orasidan iste’dodli qo‘shiqchilarni izlab topish va ko‘rik-tanlovlarga jalb etish, musiqa va qo‘shiqchilik san’ati bo‘yicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirish kabi tadbirlar amalga oshirildi. Birinchi Prezidentning 1996-yil 27-avgustdagi «O‘zbekiston Vatanim manim» qo‘shiqlar bayrami to‘g‘risida»gi farmoni qo‘shiqchilik san’atini rivojlantirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Barcha viloyat, shahar va tumanlarda 1996-yilda o‘tkazilgan «O‘zbekiston Vatanim manim» qo‘shiq tanlovida 54 mingdan ziyod qo‘shiqchilar qatnashdi. Bunday ko‘rik-tanlov har yili avgust oyida o‘tkaziladigan bo‘ldi va avgust oyining uchinchi yakshanba kuni «O‘zbekiston Vatanim manim» qo‘shiq bayrami kuni deb belgilandi. Bu tanlov jarayonida Vatan, mustaqillikni e’zozlovchi yuzlab yangi qo‘shiqlar yaratildi. «O‘zbekiston Vatanim manim», «Men seni sevaman, O‘zbekiston», «Vatan yagonadir», «Mustaqillik gullari», «Ona yurtim», «O‘zbekiston askarlari» qo‘shiqlari shular jumlasidandir. Respublika hukumatining 1997-yil 11-martda qabul qilgan «Sharq taronalari» Xalqaro musiqa festivalini o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarori musiqa san’atining noyob namunalarini keng targ‘ib qilish hamda rivojlantirishda dasturilamal vazifasini bajardi. 1997-yil 25-avgust 2- sentabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tgan «Sharq taronalari» birinchi Xalqaro festivalida dunyoning 40 dan ortiq mamlakatidan ijrochilar, san’atshunoslar, jamoat arboblari ishtirok etdi. Festivalda yangragan o‘zbek ohanglari va kuy- qo‘shiqlari jahon uzra taraldi. Har ikki yilda Samarqandda «Sharq tarona- lari» Xalqaro festivalini o‘tkazish an’ana tusini oldi. 2015-yil «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivalining o‘ninchi – o‘ziga xos yubiley anjumani o‘tkazildi. Festivalga asos solingan 1997- yil- dan buyon ishtirokchi mamlakatlar jug‘rofiyasi kengayib, ularning soni ikki barobardan ziyod ko‘payib, 31 tadan 66 taga yetganining o‘zi bu sohadagi yutuqlarimiz samarasidan dalolat beradi.
Muzeylar yurtimiz tarixiga oid qadimgi tosh yozuvlaru bitiklar, nodir qo‘lyozmalar, noyob ashyolar, osori-atiqalarni saqlab kelayotgan ma’na- viyat maskanlaridir. Darvoqe, xalqimizning tarixiy, ilmiy-madaniy merosi, ma’naviy qadriyatlarini asrab kelayotgan yuzlab muzeylardagi rassomlik, grafika, haykaltaroshlik, amaliy san’at namunalari, turli arxeologik topil- malar, maishiy va etnografiya buyumlari, tarixiy suratlar, hujjatlar va boshqa ashyolar yurtdoshlarimiz hamda dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan sayyohlarga Vatanimizning boy o‘tmishi, bugungi rivojlanish yo‘li haqida batafsil ma’lumot berayotir. Jamiyat madaniy-ma’rifiy hayotida aholida tarixiy xotirani tiklash va mustahkamlashda muzeylarning ahamiyati nihoyatda kattadir. Shu boisdan ham mustaqillik yillarida mavjud muzeylarni ta’mirlash, ularni turli ekspo- natlar bilan boyitish, yangi muzeylar barpo etishga alohida e’tibor berildi. Namanganda ulug‘ o‘zbek shoiri Boborahim Mashrab muzeyi, Xorazmda hofiz Hojixon Boltaboyev nomli maqomchilar muzeyi, Urganchda Xorazm amaliy san’ati va tarixi muzeyi, Buxoroda temirchilik muzeyi, Samarqand viloyatining Oqtosh shahrida xalq baxshisi Islom shoir Nazar o‘g‘li, Toshkentda o‘zbek ayollari orasidan chiqqan birinchi huquqshunos olima Hadicha Sulaymonova mashhur o‘zbek raqqosasi Mukarrama Turg‘un- boyevalarning uy muzeylari tashkil etildi. Shuningdek, oliy ta’lim muassasalarida ko‘plab muzeylar ochildi. 1996-yil 1-sentabr kuni Toshkentda Osiyoda yagona bo‘lgan Olim- piya shon-shuhrat muzeyi faoliyat ko‘rsata boshladi. Bu muzey o‘zbekis- tonlik sportchilarning xalqaro musobaqalardagi muvaffaqiyatlarini namo- yish etadigan, mamlakatimizda sport harakatini rivojlantirish markazi bo‘lib qoldi. Sohibqiron Amir Temur va uning avlodlari faoliyatini namoyish qila- yotgan Toshkentda Temuriylar tarixi davlat muzeyi 1996-yil 18- oktabrda ochildi. Muzey temuriylar davri ruhini aks ettiruvchi o‘sha davrga xos tarixiy jihozlar, qurol-aslahalar, lashkarboshilar va oddiy jangchilarning kiyim-boshlari, oltindan yasalgan uy buyum ashyolari, musiqa asboblari, Amir Temur, Bobur qo‘lyozmalari, Ulug‘bekning astronomik qurilmalari va boshqa 2000 dan ortiqroq tarixiy, madaniy yodgorliklar bilan jihozlan- gan. Temuriylar tarixi davlat muzeyi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan madaniy va ma’naviy hamda ma’rifiy ishlarni namoyish etadigan ilmiy tafakkur markaziga aylandi. 2002-yilda Termizda mamlakatda yagona Arxeologiya muzeyi bunyod etildi. Shular qatorida istiqlol yillarida Birinchi Prezident g‘oyasi va tashab- busi bilan «Qatag‘on qurbonlari xotirasi» muzeyi foydalanishga topshiril- di. Mamlakatimizda yoshlarni mazkur dargohlarga jalb etish yuzasidan istiqbolli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani, ya’ni tariximizni chuqur o‘rganish, buyuk ajdodlarimiz xotirasini e’zozlash, merosini asrab-avay- lash va kelgusi avlodlarga yetkazish uchun nechog‘lik ahamiyat berilayot- ganidan dalolatdir. «2000-yili poytaxtimizning Yunusobod tumanida qatag‘on yillarida xalqimizning minglab asl farzandlari qatl etilib, nom- nishonsiz ko‘mib tashlangan, necha yillar davomida qarovsiz qolib kelgan Bo‘zsuv kanali sohilidagi Alvasti ko‘prik deb nom olgan jarlik o‘rnida Shahidlar xotirasi xiyoboni va keyinchalik shu nomda muzey va jamg‘ar- ma tashkil qilindi. 2001- yildan e’tiboran 31- avgust yurtimizda Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni sifatida nishonlanadigan bo‘ldi», 1 degan edi Birinchi Prezident Islom Karimov. O‘zbekiston Respublikasining «Muzeylar to‘g‘risida»gi qonuni, 1998- yil 12-yanvardagi «Muzeylar faoliyatini tubdan yaxshilash va tako- millashtirish to‘g‘risida»gi farmoni hamda bajarilishini ta’minlashga qaratilgan Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 5-dekabrda qabul qilingan «Muzeylar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash masalalari to‘g‘risida»gi qaror milliy muzey fondini shakllantirish, saqlash, samarali foydalanish va sohadagi munosabatlarni tartibga solishning huquqiy asoslarini belgilab berdi. Madaniyat va sport ishlari vazirligi, «Oltin meros» jamg‘armasi, Badiiy akademiya, Moliya vazirligi, Mehnat vazirligi muzeylar rahbariyati bilan hamkorlikda muzeylarning rivojlanishi hamda moliyaviy ta’minoti bo‘yicha Dastur ishlab chiqishdi. Muzeylar davlat muhofazasiga olindi, ularni ta’mirlash, eksponatlarini boyitish davlat budjeti hisobidan moliya- viy jihatdan qo‘llab-quvvatlandi. Muzeylar faoliyatini muvofiqlashtirish, ilmiy-uslubiy yordam ko‘rsatish, moddiy jihatdan qo‘llab quvvatlash maqsadida 1998-yilda «O‘zbek muzey» Respublika jamg‘armasi tuzildi. Aholining muzeyshunoslik madaniyatini oshirishga ko‘maklashuvchi «Moziydan sado» jurnali ta’sis etildi va 1999-dan boshlab o‘zbek, rus va ingliz tillarida nashr etila boshlandi. Faqat 1999- yilda muzeylarning asosiy fondi 7544 ta tarixiy va madaniy yodgorliklar bilan boyidi. Mamlakatimizning me’moriy yodgorliklarga boy 10 ta shahri YUNESKOning tarixiy shaharlar ro‘yxatiga kiritilgan. 2500 ta me’moriy obida, 2700 ta arxeologik yodgorlik, 1800 monumental san’at asari davlat muhofazasiga olingan. Buxoro, Samarqand va Xiva shaharlaridagi 3 ta muzey qo‘riqxonalarida butun dunyoda eng nodir tarixiy yodgorliklar, me’moriy obidalar, monumental san’at asarlari saqlanadi, davlat muhofa- zasida esa yangidan chiroy ochayotgan muzeylar sifatida e’tirof etilmoqda. Mamlakatimizda barkamol avlodni voyaga yetkazishda ma’naviy tarbiya masalasiga alohida e’tibor berilmoqda. Bugungi shiddatli davrda chinakam ma’naviyatli va ma’rifatli odamgina inson qadrini bilishi, o‘z milliy qadriyatlarini, milliy o‘zligini anglashi, erkin va ozod jamiyatda yashashi, mustaqil davlatimizning jahon hamjamiyatida o‘ziga munosib o‘rin egallashi uchun fidoyilik bilan kurasha olishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 11-iyuldagi «Davlat muzey- larining bolalar va ularning ota-onalariga ochiqligini ta’minlash chora-tadbir- lari to‘g‘risida»gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarmoqda.
Mustaqillik yillarida sport O‘zbekiston milliy madaniyatining tarkibiy qismi sifatida jadallik bilan rivojlantirilmoqda. 1992-yil 5-fevralda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining «Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘ri- sida»gi qonuni sportni ommaviy ravishda rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratdi. 46 mingdan ortiq sport inshootlari – sport sog‘lom- lashtirish klublari, bolalar o‘smirlar sport maktablari, olimpiya o‘rin- bosarlari bilim yurtlari, oliy sport mahorati maktablari, o‘yingohlar, sport zallari, maydonlari, hovuzlar barpo etildi va ta’mirlandi. Ularda 7 mln. kishi jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanish imkoniyatiga ega bo‘ldi. 1992-yil yanvarda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi tuzildi va 1993-yil sentabrda Xalqaro olimpiya qo‘mitasining 101 sessiyasida rasmiy e’tirof etildi. 1998-yil may oyida mamlakatimiz alpinistlari Himolay tog‘i- ning eng baland «Everest» cho‘qqisiga ko‘tarilib, O‘zbekiston dovrug‘ini dunyoga taratdilar. Istiqlol sharofati bilan milliy o‘zbek kurashi tiklandi. 1992-yilda Ter- miz va Shahrisabz shaharlarida dastlabki milliy kurash bo‘yicha Xalqaro musobaqa o‘tkazildi. Milliy kurashimizning nazariy jihatlari va qoidalari ishlab chiqildi hamda xalqaro ekspertlar tomonidan e’tirof etildi, xalqaro sport turlari qatoridan o‘rin oldi. 1999-yil may oyida Toshkentda dunyo- ning 50 dan ortiq mamlakatlaridan kelgan sportchilar ishtirokida kurash bo‘yicha Birinchi jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. Unda o‘zbekistonlik kurashchilar 3 ta oltin, 3 ta kumush, 3 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi- lar. Xalqaro kurash assotsiatsiyasi tuzildi. 2002-yil oktabrda Xalqaro kurash assotsiatsiyasi Xalqaro sport federatsiyasi a’zoligiga qabul qilindi. O‘zbek milliy kurashi xalqaro sport turi sifatida dunyoda e’tirof topdi. Mustaqillik yillarida O‘zbekiston sportchilari Olimpiadalar, Osiyo o‘yinlari, Jahon va Osiyo chempionatlari va boshqa musobaqalarda qatna- shib, 3000 dan ortiq oltin, kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritdilar 1 . 2002-yilda O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilib, yurtimizda bolalar sportini ommalashtirish, iqtidorli o‘quvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy sport inshootlarini qurish va ularni jihozlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotir. 2016-yilda 2004–2015-yillarda foydalanishga topshirilgan sport inshootlari va umum- ta’lim maktablarining sport zallarini qayta jihozlash bo‘yicha manzilli dasturga kiritilgan 212 ta sport inshooti va 6892 ta umumta’lim maktabi sport zallari 28,3 mlrd. so‘mlik 93 nomdagi sport anjomlari bilan jihozlandi 2 . Jamg‘arma tomonidan 2003–2015-yillar mobaynida jami 2205 ta inshoot, shundan 1922 sport inshooti, 283 bolalar musiqa va san’at mak- tablari qurilib foydalanishga topshirildi. Shuningdek, jamg‘arma faoliyat- ining asosiy yo‘nalishlaridan biri – bu iqtidorli o‘quvchilarni qo‘llab- quvvatlash, ularning nufuzli xalqaro sport musobaqalarida ishtirokini ta’minlashdir. O‘tgan 2003–2015-yillar mobaynida jamg‘arma tomonidan sportchi yoshlarimizning AQSH, Germaniya, Avstriya, Italiya, Ispaniya kabi va boshqa xorijiy davlatlarda dzyudo, taekvondo VTF, stol tennisi, shaxmat, shashka, yengil atletika, sport akrobatikasi, sport gimnastikasi, badiiy gimnastika, suzish, suv polosi, gandbol, basketbol, yunon-rum kurashi va erkin kurash, futbol, boks bo‘yicha o‘tkazilgan nufuzli xalqaro sport musobaqalarida qatnashishi ta’minlandi. O‘g‘il-qizlarimiz mazkur musobaqalarda 716 ta oltin, 534 ta kumush va 636 ta bronza, jami 1886 ta medalga sazovor bo‘ldi. Har yili sport bilan shug‘ullanayotgan 6 yoshdan 18 yoshgacha bo‘l- gan o‘quvchi qizlarga Prezident sovg‘asi sifatida sport kiyimlari topshirili- shi an’anaga aylangan. Bu qizlar o‘rtasida sportning yanada ommalashishi, ularning sog‘lom, baquvvat bo‘lib ulg‘ayishida muhim omil bo‘lmoqda. Bugun yurtimizda 1 milliondan ortiq qizlar sport bilan muntazam shug‘ullanmoqda. 2016-yilda 156 ming 423 ta nafar qizlarga zamonaviy dizayn asosida 12 turdagi sport liboslari keng jamoatchilik ishtirokida tantanali ravishda topshirildi. Shunday qilib, mustaqillik yillarida inson salomatligi, sog‘lom avlod mezoni bo‘lmish san’at turiga aylangan sport tobora ravnaq topmoqda. U yangi ma’no-yu mazmun bilan boyidi, jahon sportiga qo‘shildi va xalqaro maydonda salmoqli o‘rinni egallamoqda. Umuman olganda, mustaqillikka erishish ostonasi va mustaqillik davri madaniyati o‘ziga xos hamda o‘ziga mos tarzda rivojlandi. Xalqimiz- ning o‘zligini anglashi, ongi va tafakkurida madaniy va ma’naviy evrilish- lar yuz berishi, milliy mentalitetning tiklanishi, milliy g‘oya va mafkuraviy ta’limotning ravnaq topishi, millatlararo totuvlik – tolerantlikning yanada jipslasha borishi, Vatanimizning ozodligi va obodligi ming yillar osha rivojlanishi hamda abadul-abad shu zamin xalqaro hamjamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lishi ayni haqiqatdir. Mamlakatimizda olib borilayotgan izchil siyosat tufayli O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy, milliy ma’naviy hayotida asrlarga teng tarixiy ishlar amalga oshirildi, ayniqsa madaniy yuksalish eng yuqori cho‘qqiga ko‘tarildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |