Mavzu:Mobil aloqa va internet tarmog’i
Mobil telefon va mobil aloqa muhiti. Mobil telefon – mobil aloqada foydalaniladigan telefon apparati turi. Hozirgi kunda, mobil telefon klaviatura va ekranga ega bo‘lib asta-sekin kompyuter, faks apparati, telefon apparati, qaydlar kitobchasi vazifalarini bajaruvchi ko‘p maqsadli abonent tizimiga aylanmoqda. Mobil aloqa muhiti– tayanch stansiyalar va bir guruh abonentlar tizimidan iborat bo‘lib, abonentlarning bir-birlari bilan o‘zaro axborot almashinuvini ta’minlovchi texnik vositalar majmuasi. Mobil aloqa tizimida barcha ma’lumotlar mobil telefon orqali elektromagnit to‘lqinlari ko‘rinishida simsiz havo orqali uzatiladi.
Mobil aloqa xizmati operatorlari.Mobil aloqa xizmati operatorlari – abonentlar (mijozlar) uchun mobil aloqa xizmatlarini taklif qiluvchi tashkilotdir. Operatorlar vazifasiga radio chastotadan foydalanish va xizmat ko‘rsatish uchun kerakli hujjatlarni olish, o‘zining mobil tarmog‘ini tashkil qilish, foydalanish, xizmat shartlarini ishlab chiqarish, xizmat to‘lovlarini yig‘ish va texnik xizmat ko‘rsatish kiradi
Mobil aloqa vositalari: Smartphone, iphone va planshetlar. Hozirgi kunda mobil telefonlarning va boshqa mobil aloqa vositalarining shunaqa turlari ishlab chiqarilmoqda-ki, bular vazifalari jihatidan personal kompyuterdan qolishmaydi. Bunday mobil aloqa vositalari yordamida hujjatlar bilan ishlash, musiqa tinglash, videoklip tomosha qilish, o‘yinlar o‘ynash, hatto radioeshittirish va televideniedan ham bahramand bo‘lish mumkin.
Smartfon (smartphone) inglizchadan tarjima qilinganda “aqlli telefon” ma’nosini anglatadi. Funksionalligi jihatidan cho‘ntak shaxsiy kompyuteriga yaqin bo‘lgan mobil telefon. Bunda cho‘ntak kompyuterining barcha vazifalari mujassamlangan.
iPhone - to‘rt diapazonli multimediyali smartfonlar lineykasi. iPhone o‘zida telefonning asosiy vazifalaridan tashqari kommunikator va internet planshetlarning asosiy funksiyalarini ham qamrab olgan.
Mobil aloqa vositalari yordamida axborot almashish: Bluetooth, SMS va MMS. Mobil aloqa vositalari yordamida axborotlarni uzatish Bluetooth, SMS va MMS texnologiyalari yordamida amalga oshiriladi.
Bluetooth – kichik qamrov doirasiga ega bo‘lgan simsiz aloqa texnologiyasi. Tarmoq qurilmalari orasidagi o‘zaro muloqotni va ularning Internetga ulanishini engillashtiradi. U, shuningdek, turli elektron qurilmalari va kompyuterlar orasida ma’lumotlar almashishni osonlashtiradi. Bluetooth kichik ma’lumot oqimlarini uzatish uchun mo‘ljallangan, shuning uchun mahalliy va global tarmoq texnologiyalarining o‘rnini bosa olmaydi.
SMS (Short Message Service) – qisqa xabarlar xizmati. Mobil aloqa tarmoqlarida abonentlarning bir-birlariga qisqa matn xabarlarini uzatish va qabul qilish xizmati hisoblanadi. Qisqa xabarlar deyilishiga asosiy sabab texnologik jihatdan bir xabar uzatishda 140 ta belgini uzatish mumkin.
Kompyuterlarni tarmoqqa ulash g‘oyasi dastlab, o‘tgan asr 60-yillarining boshlarida paydo bo‘la boshladi. 1965-yilda Lourens Roberts va Tomas Merrvill Kaliforniya va Massachusets shtatlarida joylashgan ikki kompyuterni bir-biriga ulashga muyassar bo‘lganlar. O‘tgan asr 80-yillarida ilmiy izlanishlarni rivojlantirish maqsadida Internet — ARPANET nomli eksperimental tarmog‘i yaratildi. ARPANET modelida kompyuter — manba va kompyuter — qabul qilish uskunasi (priyomnik) o‘rtasida aloqa o‘rnatilgan. Dastlab ARPANET tarmog‘i 4ta kompyuterdan iborat bo‘lgan va bor-yo‘g‘i 2 daqiqa davomida axborot almashish imkoniga ega bo‘lgan. Biroq asta-sekin ARPANET’ga ulanuvchi kompyuterlar soni oshib boravergan.
ARPANET yaratilgan vaqtdan taxminan 10 yil o‘tgach lokal hisoblash tarmog‘i (LAN) va boshqalar yaratila boshladi. 1972-yilda Internetning asosiy xizmatlaridan biri elektron pochta paydo bo‘ldi va bu voqea umumjahon aloqa tarmog‘i yaratilishiga turtki bo‘ldi. 1977-yil tarmoq tarixida yana bir muhim voqea sodir bo‘ldi. Ikki talaba tomonidan modem qurilmasi yordamida, telefon orqali bir-biriga ma’lumot jo‘natish tizimi joriy etildi. Avvaliga mazkur axborot tarmog‘i maxfiy hisoblangan. Keyinchalik modem va telefon tarmog‘i orqali axborot almashish imkoniyati yuzaga kelishi bilan turli korxona va tashkilotlar mazkur tarmoqqa ulanib olganlar. Shunday qilib, mazkur tarmoq — Internet tarmog‘iga aylangan.
Vaqt o‘tib, UNIX operatsion tizimli kompyuterli ishchi stansiyalar vujudga keldi. Bu operatsion tizim tarmoqda Internet (IP) protokoli bilan ishlash imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bundan tashqari, yangi vazifalarni hal etish usullari yaratilishi bilan tashkilotlarda o‘z lokal tarmoqlarining ARPANET’ga ulanishiga ehtiyoj kuchaya bordi. O‘tgan asr 80-yillarining oxirida Milliy Ilmiy fond tashkil etildi va ARPANET’ning IP-texnologiyasiga asoslangan xususiy tarmog‘ini yaratdi. Markazlar o‘tkazish qobiliyati 7 kb/s bo‘lgan maxsus telefon liniyalari orqali ulanadi. Biroq barcha foydalanuvchilarni markaz bilan bevosita ulash imkoni yo‘q edi.
Tarmoqlarni yangilash jarayoni jadal olib borildi va o‘tgan asr 90-yillarida Internet tarmog‘i yuqori o‘sish sur’atiga ega bo‘ldi va yuzlab tarmoqlar birlashtirildi. Internetning rivojlanish sur’ati juda ham jadallashib, hech kim boshqara olmay qoldi. Shu bilan birga, axborot texnologiyasining rivojlanishi bilan tasviriy va tovushli axborotlarni olis masofalardan qisqa vaqtda uzatish imkoniyati yaratildi hamda World Wide Web deb nomlandi. World Wide Web (qisqacha Web yoki WWW) Internetning bir qismi bo‘lib, xalqaro o‘rgimchak to‘ri ma’nosini anglatadi. Multimedia (multimedia — rasm va matnli axborotni tovushli va harakatdagi shakllardan iborat axborot bilan birlashtirish texnologiyasi) imkoniyatlariga ega bo‘lgani uchun ham juda tez foydalanuvchilar e’tiboriga tushdi. Hozirgi kunda World Wide Web Internetning eng tez rivojlanayotgan sohalaridan biridir. Bu texnologiya rang-barang web sahifalarni yaratishga yo‘l ochib, Internetda boshqa sahifalar bilan bog‘lashga imkoniyat yaratdi.
O‘zbekistonda mobil Internet aloqasi jahon taraqqiyotiga asosan asta-sekin ommalashib bormoqda va ayrim hollarda, ushbu global tarmoq simli aloqa tarmoqlarining muqobiliga aylanmoqda. Bugungi kunda mobil Internet xizmatlari barcha mobil aloqa operatorlari tomonidan taqdim etilmoqda.
Axborot texnologiyalari va Internetni rivojlantirish hamda amaliyotga joriy etish sohasida mamlakatimizda ko‘plab muhim davlat hujjatlari qabul qilindi. Mamlakatimizda milliy Internet-segmentini rivojlantirish bo‘yicha ishlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Kompyuterlashtirishni yanada rivojlantirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2002-yil 6-iyundagi 200-sonli qarori bilan tasdiqlangan «2002–2010 yillarda kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish dasturi»ga muvofiq amalga oshirilmoqda. Respublika telekommunikatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish va rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish natijasida mamlakatimiz aholisining keng qatlamlari uchun Internet xizmatlaridan foydalanish borgan-sari oson bo‘lib bormoqda. Axborot texnologiyalari va Internetni rivojlantirish, takomillashtirish hamda milliy axborot tizimlarini tashkil etish ishlari davom etmoqda. Milliy ma’lumotlarni uzatish tarmog‘i rivojlanmoqda, umumiy foydalanish telefon tarmog‘ini rekonstruksiya va moder-nizatsiyalash amalga oshirildi
Do'stlaringiz bilan baham: |