Shifokorlar kasalliklar sababini o'rganar ekanlar, ko'p kasalliklar oilaviy janjallar tufayli vujudga keladigan asabiy holatlardan boshlanishini aniqlaganlar. Ularning aniqlanishicha infarkt va insultlarning yarmi oilaviy janjallardan so'ng yuz bergan. Psixologlar quyidagi maslahatlarni bilish va ulardan foydalanish oiladagi nizoli vaziyatlarning oldini olish hamda ularni bartaraf etishda zarur deb biladilar. - Jahlga jahl bilan javob bermaslik kerak. - Munozarada daxlsiz narsalarni, shuningdek o'tmishni eslamasdan, faqat janjal boisi bo'lgan mavzu ustida gapirish lozim. Unda ehtiroslarni jilovlash, ovoz ko'tarmaslik zarur. Masalani tahlil qilganda er ham, xotin ham o'z aybiga iqror bo'lishi lozim. - Munozarani janjalga aylantirib yubormaslik lozim, chunki munozarada sabab birgalikda axtariladi. Janjalda esa ikki tomon bir-birlarining nozik joylarini topib, nayza sanchishga tushadilar. -Munozara yoki janjalda er-xotin, ota-ona, qarindosh urug', do'stlar, tanishlarning o'zlariga nisbatan salbiy baholarini tilga olmaslik kerak, uni bir-birlariga qarshi qurol qilib ishlatmaslik kerak. - Munozara va janjallardan keyin gaplashmay arazlab yurish yarashmaydi. Sal narsaga qovoqni solib yurmaslik kerak. - Qorni och yoki ishdan charchab kelgan odam bilan hech vaqt munozaraga kirishish tavsiya etilmaydi. Bunday paytda odam tutoqib ketishi mumkin. - Birso'zlilik yoki baqirib gapirish ayol kishining quroli bo'lolmaydi. Ayollarning kuchi uning zaifligida, nozik-latifligida, boringki ayolligida, ko'ngilchangligidadir. - Juftimizni hayotiy qadriyatlariga qarshi chiqmaslik lozim. Umuman olganda, oilaviy hayotdagi munozara va janjallarda g'olib ham, mag'lub ham bo'lmaydi. Er-xotin birgalikda yutadilar yoki yutqizadilar, shuni unutmaslik lozim. Oilada kim yetakchi, irodali, sabrli bo'lsa o'sha birinchi bo'lib murosaga qo'l uzatadi Xotin haqiqatda erining himoyasida bo'lsa, albatta erning qadriga yetishi lozim. Uning yaxshiliklarini xotiradan chiqarmasdan, arzimas aybi uchun o'zidan xafa qilmog'i noto`g`ridir. Qaysi xotin shunday xatti-harakat qilsa, erining muhabbati unga ziyoda bo'lib, umri xursandchilikda o'tadi, bu dunyo va oxiratda mamnun bo'ladi. Xalqimizda shunday gap bor: kelishmovchilik, ziddiyat, janjal bo`lgan uyda rohat-baraka bo`lmaydi, - deb hisoblashadi. Oilada uning a`zolarini xo`rlamaslik, g`iybat qilmaslik, qilgan ishlaridan ayb topmalik, yemoq-ichmoqqa qizg`onmaslik kabilar har doim targ`ib qilingan. Oila a`zolari muomalasida salbiy his-tuyg`ularni jilovlay bilish, bir-birlarini tushunib yetish, ziyrak bo`lish, rashk, gina-qudratning oldini olish yo`llariga yoshlarni o`rgatish darkor. E`TIBORINGIZ UCHUN TASHAKKUR!
Do'stlaringiz bilan baham: |