Milliy kurashda mustahkamlash va keyingi takomillashtirish
bosqichi
Kurashchining texnik-taktik harakatlarini mustahkamlash va keyingi takomillashtirish bosqichida o‘qitishning asosiy vazifasi, ya’ni harakat ko‘nikmasini shakllantirish va musobaqa bellashuvlarida egallab olingan kurash usullarini qo‘llay olish malakasini hosil qilish vazifasi hal etilishi lozim. Buning uchun ushbu bosqichning quyidagi xususiy vazifalarini bajarish zarur:
shug‘ullanuvchilarni egallangan texnik harakatlarni turli sharoitlarda usullar bilan birga qo‘shib bajarishga o‘rgatish;
kurashchini o‘rganilgan harakatni har xil tayyorgarlikka (jismoniy, texnik, taktik va h.k.) ega bo‘lgan raqiblar bilan bajarishga o‘rgatish;
shug‘ullanuvchilarning alohida xususiyatlariga muvofiq va ularning jismoniy tayyorgarligi oshishini hisobga olgan holda o‘rganilgan texnik harakatlarni yangi elementlar (taktik tayyorgarlik usullari, ushlab olishlar, yakunlovchi fazalar) bilan boyitish;
- musobaqa bellashuvlarida o‘rganilgan texnik harakatning yetarli darajada barqarorligi va variantliligi, ishonchliligi va tejamliligini ta’minlash.
Milliy kurash darslarini (mashg‘ulotlarini) o‘tkazish uslubiyati
Darsni o‘tkazish uslubiyatida mashg‘ulotning asosiy formasi sifatida darsning tuzilishini, vazifasi va dars qismlarining mazmunini hamda uni amalga oshirishning uch vazifasini - darsga tayyorgarlik, uni o‘tkazish va yakunlash vazifalarini yaxshi tushunish muhimdir.
Darsning tuzilishi. Darsning tuzilish mazmuni o‘quvchilar kontingentini va ularning ishchanlik qobiliyatini hisobga olgan holda vaqtdan maqsadga muvofiq foydalanishiga asoslanadi.
Darsning tuzilishi deganda, muayyan tartibda, ancha maqsadga muvofiq izchillikda joylashtirilgan darsning o‘zaro bog‘langan qismlari tushuniladi. Dars tuzilishida o‘qituvchi-murabbiy xatti-harakatlarining izchilligi, o‘zaro bog‘liqligi bayon qilinadi va ochib beriladi, shuningdek, shug‘ullanuvchilar bajaradigan hamma ishlar aytib o‘tiladi.
Dars vazifalarining muvaffaqiyatli hal etilishi darsda o‘qituvchi bilan o‘quvchilar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning to‘g‘ri qo‘yilishiga bog‘liq. O‘qishning birinchi yili o‘quv-mashg‘ulot darslari 90-100 minut, ikkinchi yili 100-120 minut, uchinchi yili 120-150 minut davom etadi.
O‘quv-mashg‘ulot va tarbiya vazifalarini hal etishda darsning uch qismli tuzilishdan foydalaniladi. Bu shug‘ullanuvchilar organizmining ishga normal kirishini, asosiy yuklamalarning bajarilishi va nisbatan tinchlanishini ta’minlaydi. Shunday qilib, dars tuzilishi quyidagi 3 qismdan tayyorgarlik, asosiy va yakunlovchi qismlardan tashkil topgan.
Dars ish rejasi har bir dars uchun tuzilgan reja yoki grafik reja asosida o‘tkaziladi. Darsning vazifasi va mazmuni shug‘ullanuvchilar kontingenti, ularning soni, sharoitlar, tayyorgarlik davri va qo‘llaniladigan uslublariga qarab tuziladi.
Darsning tayyorgarlik qismi 25-40 minut vaqtni egallaydi. Bu vaqtda darsning asosiy qismi uchun zarur shart-sharoitlar yaratiladi.
Vazifalar:
Boshlang‘ich tashkiliy ishlar, shug‘ullanuvchilar e’tiborrni qozonish, ularni dars vazifalari bilan tanishtirish va mashg‘ulotga ijobiy yo‘nalish berish.
Harakat apparatini va organizmning barcha tizimlarini asta-sekin oshirilgan yuklamalarga funksional jihatdan tayyorlash, organizmni qizitish va asosiy ishga tayyorlash.
Qulay emotsional holatni vujudga keltirish.
Vositalar: bajarish texnikasi shug‘ullanuvchilar o‘zlashtirib olgan yoki tez o‘zlashtiriladigan yengil mashqlar: signal, belgilar bo‘yicha turli xilda sarflanish va qayta saflanish. Turli xilda yurish, yugurish, umumiy tayyorgarlik va maxsus xarakterdagi gimnastika mashqlari. Kuchlilik, egiluvchanlik, cho‘zilish va mushaklarni bo‘shashtirish mashqlari, harakatlar sofligiga oid mashqlar, yuklamalarni asta-sekin oshira borib, eng oddiy sakrash, umbaloq oshish mashqlari, shuningdek, oson harakatli o‘yinlar va yakkama-yakka olishish elementlari bo‘lgan mashqlar.
Darsning asosiy qismi 60-100 minut davom etadi. Bu vaqt ichida ta’lim-tarbiya berish, sog‘lomlashtirish vazifalari, kurash sohasidagi umumiy va maxsus vazifalar hal etiladi.
Vazifalar:
Harakat apparatini va organizmning barcha tizimlari har tomonlama rivojlantirish hamda mehnat va sport faoliyatida zarur bo‘lgan jismoniy sifatlarni tarbiyalash.
Kurash texnikasi va taktikasini o‘rgatish hamda uni shug‘ullanuvchilarning jismoniy rivojlanganlik va funksional tayyorgarlik darajasini oshirish bilan qo‘shib olib borgan holda takomillashtirish.
Shug‘ullanuvchilarni harakat faoliyati, kurash sohasidagi bilimlar “Alpomish” va “Barchinoy” testlariga doir hayotiy muhim bo‘lgan amaliy ko‘nikma va malakalar bilan qurollantirish.
Asosiy vositalar. Buyumlarsiz va buyumlar, koptok, tayoq, gantel, espander va boshqalar bilan bajariladigan umumrivojlantiruvchi, tayyorlovchi va maxsus mashqlar. Asosiy mashqlar - kurashdagi taktik- texnik harakatlar, yunon-rim va erkin kurash, sambo dzyudo kurashi elementlaridan foydalanish. Yengil atletika, gimnastika, suzish, sport o‘yinlari va hokazo.
Milliy kurash darslarining asosiy qismida, uning boshqa qismlaridagi kabi sport tayyorgarligiga doir maxsus vazifalarni bajarish bilan birga psixologik tayyorgarlik, axloqiy va estetik tarbiya vazifalari ham hal etiladi.
Darsning yakunlovchi qismiga 5-10 minut ajratiladi, dars esa organizmni nisbatan tinch holatga keltirish bilan yakunlanadi.
Vazifalar:
Organizm faoliyatini tinchlantirish va ishlab turgan mushaklarni ortiqcha zo‘riqishini pasaytirish.
Emotsional holatni tartibga solish, mashg‘ulotni yakunlash ishlarini qisqacha tahlil qilish va baholash, uyga vazifa berish va hokazo.
Birinchi faza - darsga tayyorlanish sharoitlarga muvofiq ravishda mashg‘ulotning puxta o‘ylangan reja-konspekt tuzish, zalni, maydonchani, jihozlar, tulum va hokazolarni tayyorlash, shug‘ullanuvchilar kontengenti soni, tayyorgarligi, vazn toifalari va hokazolarni hisobga olish.
Dars rejasida yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan guruh rahbarlari, hakamlar, razryadli kurashchilar, axborotchilar va hokazolarning mavjudligini hisobga olish muhimdir.
Ikkinchi faza - darsni o‘tkazish hisobiga darsni o‘z vaqtida boshlash va shug‘ullanuvchilarni aniq uyushtirish, mushg‘ulot mavzusini qisqacha bayon qilish, xususiy vazifalarni va bolalarning mustaqil faoliyati uchun beriladigan topshiriqlarni tushuntirish. Bularning hammasi umumiy va shaxsiy uslubiy ko‘rsatmalar berish kerakligini va kamchiliklarni qanday yo‘qotish zarurligini aytish, xatti- harakatlarni baholash bilan qo‘shib olib boriladi. Bu esa darsning muvaffaqiyatli o‘tishga yordam beradi va bunday dars o‘quvchilarning ijodiy mustaqilligini oshiradi.
Uchinchi faza - darsni yakunlash - darsning yakunlovchi qismida o‘qituvchi o‘zi uchun ham, o‘quvchilar uchun ham yakun chiqaradi. Bayon qilingan mavzuni tahlil qiladi va kelgusi mashg‘ulotlarni belgilaydi. Buning uchun u dars rejasida mavzuni qanday o‘zlashtirilganligini, yuklama o‘quvchilarga qanday ta’sir etganligini, qanday yangi uslub yoki usullardan foydalanilganligini, tarbiya, mustaqil ishlar, uy vazifalari va hokazolarda nimaga e’tibor berish kerakligini qayd qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |