1.2.Pedagogika inson tarbiyasi to’g’risidagi fan
Pedagogika darsliklarida, bir qancha kitoblarda pedagogikaning baxsi (predmeti) turlicha yaqinlik darajasida ta‘rif berilib tushuntirilgan.
Pedagogika – inson tarbiyasi tug’risidagi, yoshlarni va kattalarni tarbiyasi to’g’risidagi fan. Pedagogika ta‘lim-tarbiyaning maqsad va vazifalari, ularning mazmuni, usullari hamda tashkil etish shakllari haqida ma‘lumot beruvchi fanga aylandi.
Pedagogika grekcha «paydagogik» so’zidan olingan bo’lib, «bola yetaklovchi» degan ma‘noni bildiradi. Mustaqil pedagogika fani XVIII asr oxiri va XIX asr boshlarida vujudga kelgan. Pedagogika tarbiya haqidagi fan sifatida tarbiyaning mohiyatini tushunishni, uning qonuniyatlarini ochib berishni va shu orqali inson manfaatlari uchun tarbiya jarayonlariga ta‘sir etishni nazarda tutadi. Demak pedagogika fani o’sib kelayotgan yosh avlodni barkamol inson qilib tarbiyalash uchun ta‘lim-tarbiyaning mazmuni, umumiy qonuniyatlari va amalga oshirish yo’llarini o’rgatuvchi fandir. Shuni unutmaslik kerakki, pedagogika fani yutuqlarisiz jamiyatni olg’a siljitish g’oyat mashaqqatli kechadi.Pedagogika fanini ham nazariy, ham amaliy jihatdan puxta o’rganish lozim. Ta‘lim-tarbiyadan ko’zlangan maqsadni anglash va ular tizimida yangi bilimlar berish – bolalarni to’g’ri tarbiyalash shartidir. Bunda o’qituvchining beg’araz mehnati, bolalarni sevish va ularga jon fido aylashlari tarbiya samaradorligini ta‘minlaydi. Tarbiyalash g’oyat nozik san‘at bo’lib, unga jiddiy yondoshmoq darkor. Ayniqsa pedagoglar ushbu fanni chuqur va puxta bilishlari shart.
Hozirgi kunda pedagogikani (mutaxasissislikdan qat‘iy nazar) hamma bilish lozim bo’lgan fan deb hisoblash lozim, chunki insonlar hayot faoliyatlari davrida ta‘lim-tarbiya ishlari bilan ma‘lum darajada shug’ullanishga majburdirlar.Pedagogikaning nazariy kurtaklari falsafa negizida paydo bo’lgan.Qadimdan inson tarbiyasiga oid bo’lgan fikrlar, qarashlar xalq maqollarida, afsonalarda, dostonlarda o’z ifodasini topgan. Markaziy Osiyo allomalaridan A. Yassaviy, Abu Rayxon Beruniy, Ibn Sino, Al-Xorazmiy, Abu Nasr Forobiy, A. Jomiy, A. Navoiy kabi ma‘rifatparvar ajdodlarimizning ta‘lim-tarbiya, inson kamoloti haqidagi g’oyalari, fikr va qarashlari o’z asarlarida batafsil bayon qilingan.
Pedagogikaning fan sifatida shakllanishida chex pedagog olimi Yan Amos Komenskiyning hissasi katta bo’ldi. Uning «Buyuk Didaktika» asari haqli ravishda pedagogika soxasida yaratilgan birinchi ilmiy asar hisoblanadi.XVIII asrga kelib O’rta Osiyoda ham pedagogik fikrlar taraqqiy eta boshladi. Asrimizning boshlarida vatandoshlarimizdan M. Bexbudiy, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Abdulla Avloniy, Saidrasul Aziziy, A. Fitrat, Saidahmad Siddiqiy kabi ma‘rifatparvar jonkuyarlari yetishib chiqdi. Bu olimlar yangi usul maktablari tuzishda, darsliklar yaratishda, xalq o’rtasida ma‘rifatni targ’ib etishda jonkuyarlik qildilar.
Hozirgi davrda pedagogikaning vazifasi milliy istiqlol g’oyalaridan kelib chiqadigan ta‘lim-tarbiyaning mazmuni, metodlarini ishlab chiqish, milliy ta‘lim tizimini yaratish va yosh avlodni bilim, ma‘naviy madaniyatini jahon andozalari darajasiga yetkazishdir.
Pedagogika avval tabiat, jamiyat va inson tafakkuri taraqqiyotining umumiy qonuniyatlarini o'rganadigan falsafa fani tarkibidan ajralib chiqib fan sifatida taniladi.
Hozirgi davrda inson faoliyati bilan shu qo'llanadigan fanlar juda ko'p. Pedagogika fanining o'zi o'rganadigan mavzu ya'ni inson, odam, bola va uning shakllanishi haqida tadqiq qiladi, hamda fan sifatida tan olindi va rivojlanib bormoqda. Juda qadimgi davrda jamiyatning inson zotini qo'llab - quvvatlash va saqlab qolish ehtiyojidan kelib chiqqan holda tarbiyalash jarayoni avvalo u ijtimoiy- tarixiy tajriba jarayonida to'plangan va to'planayotgan ijtimoiy tajribani bir-birining o'rniga kelib turadigan avlodlarga etkazib berishi bilan xarakterlanadi.
Yangi avlod o'zidan oldingi keksa ajdodning ijtimoiy turmushdagi tajribasini (fan, san'at, ahloq) xulq, atvor sohalarini o'zlashtira borib uni boyitadi. Bu haqda A.R.Beruniy “jamlangan tajribani har bir avlod o'zidan keyin kelayotgan, o'zidan keyin uni taraqqiy ettiradigan va boyitadigan navbatdagi avlodga etkazib beradi” deb o'rinli ta'kidlagan. Ijtimoiy tajriba, tabiat, jamiyat, texnika va voqealarni qayta o'zgartirish uchun zarur bo'lgan faoliyat ususllari haqidagi bilimlar, ko'nikma va malakalar: insonning dunyoga, odamlarga, o'ziga nisbatan munosabatining alohida tizimi sifatidagi tarbiyalanganliklari tarkib topgandir. Ijtimoiy tajriba moddiy va ma'naviy qadriyatlarning yig'indisi sifatida ijtimoiy ongning turli shakllarida shuningdek, ijtimoiy munosabatlar, hulq atvor tizimida mujassamlashgan tarbiya muayyan ijtimoiy funksiyalarni bajarishga tayyor bo'lgan shaxsni voyaga etkazadi.
Inson egallab olishi lozim bo'lgan ijtimoiy tajriba qanchalik murakkab bo'lgani sari, bu tajribani etkazish yuzasidan maxsus tashkil etilgan faoliyatga ya'ni (biror ishlab chiqarishni o'rgatishga) ehtiyoji paydo bo'la boshladi. Tarbiya mohirlik va ishning ko'zini bilishni talab eta boshladi. Tarbiyani amalga oshirish, anglash va bu sohadagi tajribalarni o'rganishga ehtiyoj tug'ilishi natijasida pedagogika fani yuzaga keldi. Agar insoniyat tarixining ilk bosqichlarida bolalar va kattalar bilan birgalikda mehnat qilish jarayonida tarbiya olgan bo'lsa, jamiyatning, hayotning rivojlanib borishi bilan bilim va tajribani o'rganishning bunday yo'li hayot talablariga javob bermay keldi. Bular esa o'z navbatida o'qitishni, tarbiyalashni taqozo etar edi. Bu vazifa pedagogika fanining alohida bir fan sifatida shakllanishiga imkon berdi. Bu hayotning ob'ektiv talabi natijasida ro'y berdi.“Taraqqiyot tasodif emas, balki zaruratdir” deb ta'kidlagan fransuz olimi Viktor Gyugo.
Hayotning barcha yo'nalishlaridagi tajribalar maktabning vujudga kelishiga sabab bo'ldi. Maktab so'zi yunon tilida “dam olish, mehnatdan so'ng hordiq chiqarish” degan ma'noni anglatadi. ЈQadimgi Gresiyada maktab deb tajribaliroq, bilag'onroq odamlarning bolalari va usmirlar bilan suhbatlashishini aytishgan.
Keyinchalik “maktab” termini maxsus o'quv-tarbiya muassasalari sifatida ishlatila boshlagan va hozirgi vaqtda ham shu ma'noda ishlatiladi. Tarbiyaning takomillasha borishi natijasida jamiyat tuzilishida faoliyatning yangi turi yuzaga chiqdiki, u yoshlarni maxsus ijtimoiy pedagogik dasturlar asosida hayotga ongli va maqsadga muvofiq tayyorlashga mo'ljallangandir. Bu masala pedagogik kasbning bo'lishini taqazo etardi. Uni amalga oshirish uchun maxsus tayyorlangan mutaxassislarga ehtiyoj tug'dirdi. Pedagogik bilimlar inson faoliyatining maxsus yo'nalishlarida yosh avlodni ijtimoiy hayotga tayyorlashda va tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun ham pedagogika fani jamiyatning rivojlanishida, odamlarning ijtimoiy ishlab chiqarish, ijtimoiy va ma'naviy tajribalarini keyingi avlodga etkazishini hal qiluvchi va jamiyatning rivojlanishini ta'minlovchi fan deyish mumkin. Bu haqda AQShning buyuk pedagogi Bendjamin Spok “Mening oldimda ikki asosiy vazifa aniq bo'la boshladi. Bu bir tomondan, pedagogikani asrimizning ma'naviy darajasiga ko'tarish bo'lsa, ikkinchi tomondan men tarbiyaning psixologik-pedagogik qonuniyatlarini falsafiy anglab etish bilan birga ota-onalarga aniq tavsiyalar berish, ularnig savollariga aniq javob berishni o'z oldimga maqsad qilib qo'ydim” - degan edi. Haqiqatan ham pedagogika fani inson shaxsini ma'naviy kamolotini ta'minlaydigan fan bo'lmog'i darkor.
Do'stlaringiz bilan baham: |