O’tgan mavzuni so’rash.
a) individual - tarqatma materiallar, kartochka.
b) Frontal (guruh bilan ishlash)
Yangi mavzu:
«XOH INON, XOH INONMA»
G‘azal tamoman turkona ruhda bitilgan. An’anaviy yetti baytdan iborat. Ishq mavzusi qalamga olingan. Biroq bu yerda zimdan ilohiy ishq ko‘zda tutilganini unutmaslik kerak.
Qofiyasi (“sevarim – jigarim – saharim – guzarim – habarim – bazarim – nazarim – siymbarim” ) va radifi (“xoh inon, xoh inonma”) juda jarangdor. Asar qurilishida ularning alohida o‘rni bor. Xususan, radifning to‘rt so‘zdan tashkil topgani, amalda sakkiz misrada ularning qaytarilishi ohang ustuvorligini kuchaytirgan. Radifning o‘zida tazod bor: “xoh inon” bilan “xoh inonma” o‘rtasidagi o‘zaro zidlik alohida badiiy joziba kasb etgan.
“Inonma” – hozirgi tilimizda mavjud “ishonma” so‘zining XV asrdagi shakli. Mamlakatimizning ayrim hududlarida (masalan, Buxoro viloyatida ), shuningdek, Afg‘onistondagi o‘zbek shevalarining ba’zilarida hozir ham “ishonma” o‘rniga “inonma” shakli ishlatiladi. G‘azalning tili – sodda, ravon. Murakkab, falsafiy – tasavvufiy so‘z va timsollar uchramaydi hisob. Bugungi o‘quvchi uchun ham tushunarli. Yengil kayfiyat, ayricha bir ishqiy zavq bilan o‘qiladi. Hozirgacha hofizlarimiz bu g‘azalni qo‘shiq qilib kuylayotgani ham shundan bo‘lsa kerak. Bu g‘azal ham mumtoz yo‘lda, ham zamonaviy estrada usulida ashula qilingan.
Matalda, radifdan tashqari, to‘rttagina so‘z ishtirok etgan. U amalda yorga oshiqlikni anglatadi, xolos. Lekin bayt mazmunidan uning to‘g‘ridan-to‘g‘ri yorga murojaat ekani bilinib turibdi.
Ikkinchi baytda ustalik bilan oshiqning hijron (ayriliq) kechasida sahargacha oh chekkani, bu charxi falakka yetgani aytiladi. Birinchi misra oxiridagi «moh» so‘zi bilan ikkinchi misra boshidagi «oh» o‘zaro ohangdoshlik paydo qilganki, bu ham shoir mahoratidan dalolat beradi. Uchinchi bayt alohida izoh talab etadi. Buning uchun «guzar» so‘zining ayni matndagi xos ma’nosini tushunib olish kerak. Agar bu so‘zni «o‘tish» deb anglasak: «Xoh ishon, xoh ishonma, Xudo haqqi, boshimga qilich kelsa ham eshiging oldidan o‘tmayman», -degan g‘azaldagi umumiy mantiqqa zid ma’no-mazmun kelib chiqadi. Shuning uchun bu so‘zni «ketish» ma’nosida tushunish lozim. Shunda: «Xoh ishon, xoh ishonma, Xudo haqqi, boshimga qilich kelsa ham eshiging oldidan nari ketmayman», - degan to‘g‘ri ma’no anglashiladi.
Xuddi ikkinchi baytdagi kabi, to‘rtinchi bayt birinchi misrasida «nazar» so‘zi ham bekorga qo‘llanmagan: uning g‘azal qofiyasidagi so‘zlarga (ular orasida «nazarim» ham uchraydi) hamohangligi bor.
Beshinchi baytda talmih san’ati ishlatilgan. Dinimiz tarixidan yaxshi bilamizki, Yusuf degan o‘g‘lidan ayrilgani uchun yig‘layverganidan Ya’qub payg‘ambarning ko‘zlari oxiri ko‘r bo‘lib qoladi. Bu mumtoz she’riyatimizda ko‘p bor tilga olinadigan, ishora qilinadigan voqealardan biri hisoblanadi. Lirik qahramon yori ishqida yig‘layverib, ko‘zdan qolganini aytish uchun shu talmihdan foydalanadi. Oltinchi baytda shoir yorni oy yuzli deb ta’riflagani uchun ham shunga mutanosib ravishda maqta’da uni «siymbarim» deydi. Oyning oqligi bilan siym, ya’ni kumush oqligi o‘rtasida vobastalik bor. Bu ikki qo‘shmisra o‘rtasidagi yana bir mutanosiblikni sezmaslik mumkin emas. Oltinchi baytda yor yuzi tilga olingan edi. Maqta’da lirik qahramon g‘azaldagi maqsad-muddaosidan kelib chiqib, o‘z yuzi haqida ham unga eslatib qo‘yishni unutmaydi: Lutfiyning yuzi azbaroyi hijron azobini chekaverganidan sarg‘ayib ketib, oltinni yashiradigan darajaga yetdi, ya’ni shunchalik sarg‘aydiki, buning oldida tilloning sariqligi hech narsa bo‘lmay qoldi! Lutfiy g‘azallari bunday go‘zal badiiy topilmalarga boyligi bilan ajralib turadi.
Adabiyotimizda mashhur g‘azallarga naziralar bitish, ya’ni uning qofiya va radifidan foydalanib, o‘xshatmalar yozish an’anasi shakllangan. Lutfiyning bu g‘azali ta’sirida Boborahim Mashrab (1640-1711) bir g‘azal yaratgan.
Yangi mavzuni mustahkamlash: Og’zaki savol-javob.
Uyga vazifa. VI. Dars yakuni. Baholarni tahlil qilish.
Do'stlaringiz bilan baham: |