Mavzu: Krit – minoy svilizasiyasi
Reja:
Egey dunyosi madaniyati.
Krit madaniyati.
Iqtisodiy-ijtimoiy hayot.
Miken madaniyati.
Gomer davri Yunonistoni.
Kiklad madaniyati.
1. Egey dunyosi madaniyati. Er. avv. III-II ming yilliklarda Dunay ortidan yunonlarning keyingi avlodlari Bolqon yarim oroliga bostirib kirdilar. Bu davrda Bolqon yarim oroli va unga yaqin orollarda kariylar, leleg va pelasglar yashaganlar.
Krit-Miken madaniyati ingliz arxeologi Artur Evansning (1851-1941) Krit orolida olib borgan arxeologik qazishmalari, G. Shliman (1822-1892)ning Kichik Osiyodagi Hissorlik tepaligida Troya shahri xarobalarini qazib ochishi, Yunoniston janubida Mikena va Tirinf shaharlarining arxeologik qazishmalari natijasida ma’lum bo`ldi. Artur Evans Krit orolidagi Knoss saroylarini ochib, Kritning afsonaviy podshosi Minoy nomi bilan atalgan ajoyib Minoy madaniyati manzarasini yaratdi.
Bundan tashqari, Amorgos, Paros, Sifnos, Siros, Naksos, Tera, Melos kabi Egey orollaridagi ko`pgina madaniy yodgorliklar ochildi. Natijada er. avv. II ming yillikgacha Sharq xalqlari yaratgan va bu xalqlar yutuqlarini ijodiy o`zlashtirgan, yunonlargacha bo`lgan axeylarning Miken madaniyati deb atalgan madaniyatini yaxlit ko`rinishi shakllantirildi.
Gretsiyaning materik qismida va Egey dengizining Kiklada orolida mustahkam aholi punktlari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari saqlanadigan kichik hududlarda mahalliy hokimlar joylashgan. Krit va Kiklada orollarida metallurgiya ancha rivojlangan1.
Qadimda Egey havzasida uch madaniy birlik mavjud bo`lgan:
1. Eng qadimgi Krit yoki Minoy madaniyati (er. avv. 3000-1200-yillar, markazi Krit).
2. Orollardagi Kiklad madaniyati.
3. Bolqon Yunonistonidagi Miken madaniyati.
2. Krit madaniyati. Krit yoki Minoy madaniyati uch davrga: Ilk Minoy (er. avv. 3000-2300/2100-yillar), O`rta Minoy (2300/2100-1600-yillar) va So`nggi Minoy (1600-1200-yillar)ga bo`linadi.
Kritning ilk gullab-yashnash davri va uning Egey dunyosidagi yetakchiligi er. avv. III-II ming yilliklarga to`g`ri keladi. Dastlab orolning janubiy-sharqiy qismi rivojlangan.
O`rta Minoy davrida Kritda “birinchi saroylar” davri bo`ldi. Knoss, Fest va Malliya kabi shahar markazlari rivojlandi. Krit me’morchiligining Kiklad va Ellada sivilizatsiyalaridan ajratib turadigan xususiyati, bu saroylarning ulug`vor qurilgani va saroylardagi nafis freska tasvirlarining yuksak san’at darajasida bo`lganidir. Freska tasviriy san’atining gullab-yashnashi “ikkinchi saroylar davriga” (er. avv. XVII asr) va So`nggi Minoy davriga to`g`ri keladi. O`rta Minoy davri Kritda taxminlarga ko`ra, yer qimirlashi natijasida halokat bilan tugallandi. Er. avv. XVII asrda Knoss, Fest, Malliya saroylari xarobaga aylandi.
Ellik yildan so`ng, Krit yana qayta tiklandi va bu yuksalish er. avv. 1400-yillargacha davom etdi. Bu davrda Krit dengizda cheksiz hukmronlik qildi. Krit Bolqon yarim oroli, Misr, Iberiyaga oliy nav vino, zaytun moyini eksport qildi. Misrdan rangli shisha, fayans; Kipr orolidan mis; Suriyadan otash; Liviyadan qimmatbaho metallar va fil suyagi olib kelindi.
Kritning Egey dengizidagi yangi yetakchiligi er. avv. 1700-yildan boshlanib, Knoss va Festda yangi saroylar qurilib, uning devorlari ajoyib freskalar bilan bezatilgan. Ingliz arxeologi Artur Evans Knoss saroyini 40 yil davomida tekshirdi va ajoyib san`at namunalarini topdi. Bir necha qavatli saroy Kritdagi ulug`vor inshoot edi. U bir necha marta qayta qurilgan bo`lib, podsho oilasi istiqomatgohi, rasmiy qarorgoh va xo`jalik inshootlaridan iborat edi. Saroyda ko`plab xona va zal devorlari did bilan bezatilgan. Devoriy tasvirlarda hashamatli kiyingan ayollar va erkaklar, saroy hayoti manzarasi, o`simlik va hayvonlarning hayotiy ko`rinishlari yuqori darajadagi badiiy usulda tasvirlangan. Krit Minoy tsvilizatsisi bilan Yunoniston materik qismi o‘rtasidagi aloqlar bo‘lganligini u yerdan topilgan moddiy arxeologik manbalar, jang aravlarini topilishi tasdiqlaydi.
Krit kulolchiligida badiiy san’atning nihoyatda yuksak darajasida shakllangani ko`rinadi. Sopol idishlarda tabiatning boy manzaralari mohirona tasvirlanadi. Bunday tasvirlar ko`za (amforalar), zaytun yog`i va vino saqlanadigan, bo`yi 2 m gacha bo`lgan xum (pifos)larning sirtiga chizilgan.
Krit madaniyatining yuqori darajada rivojlanganligining yana bir dalili, Knoss saroyidagi bizgacha yetib kelgan raqqosa tasvirining bir qismidir. Raqqosaning go`zal qaddi-qomatini nafis noziklikda tasvirlanganligidan hayratda qolgan arxeologlar uni shartli “parijlik ayol” deb nomladilar. Bu raqqosaning sochi o`ziga xos did bilan ma`lum bir uslubda turmaklangan. Knoss saroylaridan topilgan kohinalarning fayans haykalchalarida uzun yubka, yarim yalang`och ko`krak, nozik yelkalarga tushib turgan sochlar tasviri saroyda hukm surgan nozik did, go`zallik dunyosidan dalolat beradi.
Devoriy tasvir-freskalar va Krit xudolar panteonida ayol ma’budalarining oldingi o`ringa turgani, Krit jamiyati hayotida ayollarning mavqeini yuqori darajada bo`lganidan dalolat beradi. Bundan tashqari, gemma va uzuklarda qalqon tutgan ayol, kabutar bilan ma’buda, tog` cho`qqisidagi ma’buda va ikki sher o`rtasidagi ma’buda tasvirlari buning yaqqol misoli bo`ladi.
Freskalarda Krit orolining saroy va diniy hayoti tasvirlari: yosh yigit-qizlarning yurishi, gullar orasidan yurib kelayotgan hokimning tasviri, qo`shiq aytib raqs tushayotgan raqqosalar, qo`lida marosim ko`zalarini ko`tarib ketayotgan o`smirlar, Kritda diniy ramz sanalgan ikki yoqlama bolta-labris ushlagan kohina kabi tasvirlar aks ettirilgan.
Taxminlarga ko`ra, O`rta Minoy davrida orolning shimoliy qismida (poytaxti Knoss) mustaqil sulola, boshqasi janubda (poytaxti Fest) hukmronlik qilgan. Hokim oliy kohin vazifasini ham bajargan. So`nggi Minoy davrida Kritdagi butun hokimiyat Knoss hokimlari qo`liga o`tadi. Siyosiy hokimiyat tuzilishi bilan Sharq despotiyasiga o`xshash bo`lgani ehtimoldan xoli emas. Podsho yerning oliy egasi bo`lib, ishlab chiqariladigan moddiy ne`matlarning katta qismini tasarruf qilgan. U mamlakatni o`z a`yonlari, yaqinlari yordamida boshqargan. Joylarda podsho noiblari boshqaruv ishlarini amalga oshirgan. Krit podsholari oliy dunyoviy hokimiyatdan tashqari, diniy hokimiyatga ham ega bo`lganlar. Fukididning ma`lumotlariga ko`ra, podsho Minos har 9 yilda Zevs tasviri turgan muqaddas g`orga borib, uning oldida o`z podsholik boshqaruvi to`g`risida hisobot bergan va o`z hukmronligining navbatdagi muddati uchun yorliq olgan.
Knoss saroyi xarobalari qazib ochilganda, podsho taxti qoldiqlari bilan taxt turgan inshoot topilgan. Katta zalning ikki tomonida ehtimol davlat ishlarini muhokama qilishga to`planadigan podsho kengashi a`zolari o`tiradigan uzun o`rindiqlar qo`yilgan. Devoriy tasvirlarda Krit podshosi odatdagi odamlardan ko`ra, bo`yi bir necha marta baland qilib tasvirlangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |