4-Mavzu yuzasidan nazorat savollari:
Buxgalteriya hisobining schyotlar rejasi – bu … ?
Tranzit schyotlar deb qanday schyotlarga aytiladi?
Schyotlar rejasi nechta bo‘limdan tashkil topgan?
Qanday hujjatlar yig`ma hujjatlar hisoblanadi?
Hujjatni tekshirishda nimalarni e'tiborga olish kerak bo`ladi?
5-Mavzu: Asosiy fondlarni sotib olish tarkibini o‘rganish, ularni turkumlash
va baholash, dastlabki hisobini yuritishni o‘rganish.
Asosiy vositalar korxonaning ishlab chiqarish jarayonida juda katta rol o‘ynaydi, chunki ular barcha korxona tayanadigan va korxonaning ishlab chiqarish quvvatini baholash mezoni bo‘lgan ishlab-chiqarish texnika bazasini tashkil etadi.
«Asosiy vositalar» nomli 5-son BHMAning 7-bandiga asosan, asosiy vositalar uzoq davom etadigan vaqt mobaynida (bir yildan ortiq vaqt davomida) moddiy ishlab chiqarish sohasida ham, noishlab chiqarish sohasida ham amal qiladigan, shuningdek, ijaraga berish uchun foydalaniladigan moddiy aktivlardir.
Asosiy vositalar bajaradigan vazifasiga ko‘ra ishlab chiqarish va noishlab chiqarish vositalariga bo‘linadi. Ishlab chiqarish asosiy vositalari bevosita moddiy ne’matlarni yaratishda ishtirok etadigan vositalaridir. Noishlab chiqarish asosiy vositalari guruhiga uy-joy hamda kommunal-xo‘jalik, maishiy xizmat, sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqalarning asosiy vositalari kiritiladi.
Ishlab chiqarish va xo‘jalik faoliyatida asosiy vositalar ob’ektlardan foydalanish darajasiga ko‘ra quyidagi guruhlarga bo‘linadi:
foydalanilayotgan;
zahirada turgan;
ishlamayotgan asosiy vositalar.
Asosiy vositalarning bunday guruhlanishi ulardan foydalanish samaradorligini baholash, eskirgan vositalarni almashtirish, keraksiz asosiy vositalarni boshqa korxonaga berish yoki sotish to‘g‘risida qaror qabul qilish, shuningdek ularning eskirishini to‘g‘ri hisob-kitob qilish uchun zarur.
Asosiy vositalar natural-moddiy tarkibiga ko‘ra quyidagi guruhlarga bo‘linadi:
er;
erni obodonlashtirish bo‘yicha kapital sarflar;
imoratlar;
inshootlar;
uzatuvchi moslamalar;
mashina va jihozlar;
transport vositalari;
asbob-uskunalar;
ishlab chiqarish inventarlari;
xo‘jalik inventarlari;
ish hayvonlari va mahsuldor chorva;
ko‘p yillik daraxtlar;
boshqa asosiy vositalar.
Yer amaldagi qonunchilikka binoan korxonaga mulk tarzida berilgan yer maydonidir. O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 17-moddasiga binoan, «yuridik shaxslar Yer kodeksi va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq doimiy egalik qilish, doimiy foydalanish, muddatli (vaqtincha) foydalanish, ijaraga olish va mulk huquqi asosida yer uchastkalariga ega bo‘lishlari mumkin». Yerning qiymatiga uni xarid qilishda ko‘chmas mulk agentliklariga to‘lanadigan komission to‘lovlar, advokatlik xizmati uchun haq, xarid qilishdagi soliq to‘lovlari, drenaj qiymati, yerni tozalash va boshqa xarajatlar qo‘shiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |