Islomiy bank tizimining biz biladigan shakldagi tarixi o‘tgan asrning ikkinchi yarmida rivojlana boshladi. Islomiy bank tizimining muvaffaqiyatli rivojlanishi Misrdagi Mit Ghamr jamg‘arma banki hamda 1963 yilda Malayziyada tashkil etilgan Tabun Haj Lembagani tashkil qilish bilan boshlandi, deb hisoblash mumkin. Nil deltasida joylashgan Mit G‘amr jamg‘arma banki jamg‘arma hisob varaqlar, hissadorlik kapitalida ulushli ishtirok, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar va ijtimoiy xizmatlar kabi bank xizmatlarini taklif etdi. Ushbu xizmatlar asosiy bank xizmatlari sifatida ko‘rib chiqilsa-da, eng muhimi atrofdagi jamiyatning bank xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish edi. Bundan tashqari, ushbu bank iste’molchilarni sudxo‘rlardan himoya qilishga yordam berdi, Mit G‘amr, shuningdek, o‘z mijozlarida ularning biznesiga sheriklik hissini uyg‘ota oldi. Ushbu omil bank muvaffaqiyatiga ko‘mak berdi. Lekin notinch siyosiy vaziyat bank faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. 1967 yilning ikkinchi yarmida Misr Milliy banki va Markaziy bank bankning vazifasini o‘z zimmasiga oldilar. Islomiy banking tarixiga qo‘shilgan eng muhim hissalardan biri bu, so‘zsiz, Mit G‘amrning jamiyatga an’anaviy bank tizimi muqobili mavjudligini ko‘rsatgani bo‘ldi. Muqobil bankning depozit omonatlarga xizmat ko‘rsatish va mijozlarni moliyalashtirish sohasidagi muvaffaqiyati, ma’naviy-axloqiy qoidalarni zamonaviy banklar amaliyotida ham qo‘llash mumkinligini isbotladi. Malayziya shariat talablariga mos keladigan zamonaviy moliyaviy andozani tiklash haqidagi masalani tizimli tadqiqot etish bo‘yicha tashabbusni o‘z zimmasiga olgan dastlabki mamlakatdir va bugungi kunga qadar u islomiy moliyaviy vositalar bozorida yetakchi mavqeni egallamoqda. Mazkur tadqiqotlar natijasida 1963 yildayoq hamkorlikdagi investitsiyalarni boshqaruvchi kompaniya vazifasini o‘z zimmasiga olgan Malayziya Hojilar jamg‘armasi tashkil etildi (Pilgrims Fund Board, Lembaga Tabung Haji). Lembaga Tabun Haj Malayziyaning yetakchi moliyaviy muassasasi bo‘lib, 1963 yilda ro‘yxatga olingan. Muassasa depozitlar, haj bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish, moliyaviy amaliyotlar va investitsiyalarni boshqarish bilan ishlash borasida 50 yillik ish tajribasiga ega. Ushbu tashkilotni tashkil etish konsepsiyasining muhim jihati, musulmonlarga haj amallarini bajarish maqsadida shariatga muvofiq mablag‘larni jamg‘arish imkoniyatini berish edi. Umuman olganda, Lembaga Tabun Haj qo‘shaloq strategiyaga ega. Ushbu strategiya musulmonlarning ijtimoiyiqtisodiy muammolarini yechishga yo‘naltirilgan va shu bilan bir vaqtda ular mamlakatning iqtisodiy rivojlanishida samarali ishtirok etish hamda investitsiya qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. 1963 yilda muassasa faqat 5000 ta hajga boruvchining jamg‘armalarini boshqargan va dastlabki xodimlar shtati 13 mutaxassisdan iborat bo‘lgan. Bugungi kunda tashkilot 26 mingdan ortiq ziyoratchilarning mablag‘larini samarali boshqarmoqda. 2012 yilga kelib, Lembaga Tabun Haj 5,5 mln. kishidan oshiq omonatchilarni ro‘yxatga olgan, butun Malayziya bo‘ylab 354 ta depozit ofislari ishlab turibdi va depozitlarning umumiy miqdori 8 mlrd. dollardan oshib ketdi. Butun Malayziya islomiy bank sanoatining muassasaviy rivojlanishiga uning rahbari, Bosh vazir Mazohir Muhammadning oqilona siyosati katta ta’sir ko‘rsatdi. XX asrning 90-yillari boshida islomiy moliyaviy vositalarni ishga tushirish istagida bo‘lgan barcha tijorat banklariga foizsiz byudjet qarzi berish orqali mablag‘lar berildi. Davlat qarzlarini qaytargan ushbu banklarning aksariyati o‘zlarining xususiy mexanizmlarini ishlab chiqdilar va bank xoldinglarida islomiy sho‘ba banklarni ochgan holda, o‘z yo‘nalishlarini belgilab oldilar. Global islomiy moliya sanoatining chinakam rivoji 1970 yillarning o‘rtalarida boshlandi. Davlatlararo Islom taraqqiyot banki 1975 yilda rasman ta’sis etildi: uning asoschilari 22 ta davlat hukumatlari hisoblanadi. ITB bilan bir vaqtning o‘zida 1975 yilda Dubay Islomiy Banki ro‘yxatga olindi. 1977 yilda yana uch islomiy bank o‘z ishini boshladi, ular Misr Faysal Islomiy banki, Sudan Islomiy banki va Quvayt Moliya Uyi edi. 1970 yillar va 1980 yillar boshida hammasi bo‘lib 16 ta islomiy moliyaviy muassasa tashkil etildi. Zamonaviy islomiy bank tizimi tarixini 4 ta asosiy bosqichga ajratish mumkin: tashkil etish davri, kengayish davri, xalqaro e’tirof davri, o‘z qarashlarini qaytadan ko‘rib chiqish va yangi istiqbollar (inqirozdan keyingi davr)
Islomiy moliya sanoati o‘zining nisbatan qisqa tarixi mobaynida uzoq va mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tdi. Islomiy moliyaviy muassasalar amaliyoti ushbu sohada oxirgi o‘n yillikda,
eng avvalo, jahon iqtisodiyoti miqyosida jiddiy taraqqiyotga
erishdi. Islomiy moliya tarixi ushbu tizimning kapitalizm
doirasida samarador va yashovchanligini ko‘rsatdi. Jahondagi
islomiy banklar umumiy aktivlari 2,5 trln. AQSh dollarini tashkil etmoqda. AQShda 2013 yil boshida ularning yillik
o‘sishi 18% dan ortiqni tashkil etdi. Oddiy banking bilan
taqqoslaganda muqobil sektorning ulushi hozirgi vaqtda u qadar
katta bo‘lmasa-da, yetakchi bank korporatsiyalari ulkan imkoniyatlarni his etgan holda, ushbu bozorga qo‘shilmoqdalar. Shu bilan bog‘liq ravishda ushbu sektorni rivojlantirish va Islomiy moliyaviy muassasalar uchun buxgalteriya hisobi va audit tashkiloti (AAOIFI), Xalqaro islomiy reyting agentligi (IIRA), Islomiy moliyaviy xizmatlar bo‘yicha kengash (IFSB), Xalqaro
islomiy moliya bozori (IIFM), Likvidlilikni boshqarish markazi (LMC) va Islomiy banklar va moliyaviy muassasalar Bosh kengashi (CIBAFI) singari bir qator qo‘llab-quvvatlovchi va tartibga soluvchi tashkilotlarni tashkil etishdagi ITB ning yetakchi mavqeini e’tirof etish lozim. Shu bilan birga 2007–2009 yillardagi moliyaviy inqiroz jahon iqtisodiyoti retsessiyasiga olib kelgan jahon moliyaviy tizimining bir qator muammolarini yuzaga chiqardi.
Muvofiqlashtirilmagan moliyaviy tizimni shakllantirishga oddiy moliyaviy tizimning qadriyatlari hisoblangan qoidalar: yuqori foydaga erishish va imkon qadar bozor munosabatlarini cheklangan tartibga solish «yordam» berdi. Shunga bog‘liq holda, hozirgi vaqtda jahonda faqat real aktivlar bilan ta’minlangan va jahon iqtisodiyotining real sektori bilan bog‘langan
jiddiy samarali moliyaviy tizimni yaratish zarurati muqarrar bo‘lib qoldi. Ushbu yo‘nalishda ishlab chiqarish jarayoni bilan bevosita bog‘liq va mavjud xatarlarni bartaraf etish imkonini beruvchi islomiy moliyaviy vositalar muhim o‘rin egallamoqda. Islomiy moliyaviy tizimning kelajagi tez o‘zgarayotgan moliyaviy dunyodagi o‘z maqsad va vazifalarini qay darajada uddalashiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Zamonaviy sharoitda ushbu tizim rivojlanishining asosiy omillaridan biri – moliyaviy xizmatlarni taqdim etish jarayonida yuzaga keluvchi xatarlarni islomiy muassasa tomonidan samarali boshqarish xususiyati hisoblanadi. Mazkur sanoatning keyingi rivojlanishi islomiy moliyaviy xizmatlar ko‘rsatuvchi yirik moliya korporatsiyalari va mamlakatlarning bir qator siyosiy va iqtisodiy qarorlariga: umumiqtisodiy dunyoqarash qiyofasining jahon iqtisodiyoti doirasida kamayib borayotgan, real tovarlar va xizmatlar segmentini qo‘llab-quvvatlash foydasiga o‘zgarishiga bog‘liqdir.
Iqtisodiy tafakkurni rivojlantirishda iqtisodiy ta‘lim tarbiyaning tarixiy ildizlari islom dini qoidalalari, buyuk ajdodlarimizdan meros bo’lib qolgan o’lmas asarlar bizga bebaho manba bo’lib xizmat qiladi. Islom ta‘limotidagi iqtisodiy g’oyalarning bayon etilishi, muqaddas kitob Qur‘oni Karimda kishilik jamiyatining faoliyat turlaridan biri iqtisodiyot sohasidagi munosabatlar muhim o’rin tutadi. Chunki, iqtisodiy munosabatlarda insonlarning asosiy fe‘l atvorlari namoyon bo’ladi. Qur‘oni Karim insonlarga ilohiy farmoyish sifatida zamindagi barcha insonlar tengligi aytiladi. Islomiy moliya tarmog‘i bugungi kunda jahonda jadal rivojlanib borayotgan va innovatsion moliyalashtirish mexanizmlarini o‘zida jamlagan sohalardan biri hisoblanadi. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, islomiy moliya muassasalari yalpi aktivlari miqdori 2,5 trillion AQSH dollarini tashkil etadi va yiliga 15-20%ga o‘sib bormoqda1 . Aholisining asosiy qismi musulmonlardan iborat bo‘lgan davlatlar uchun ushbu tarmoqni rivojlantirish, ayniqsa, dolzarb hisoblanadi. Muhtaram yurtboshimiz Sh.Mirziyoyev Islom moliyasi haqida shunaday fikr bildirganlar «Islom olami ulkan iqtisodiy, investision salohiyat, energetika resurslariga ega. Ulardan to‘g‘ri foydalanish, Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning xalqaro savdo-iqtisodiy, moliyaviy, investision hamkorligini kengaytirish, mamlakatlarimizni birlashtiradigan transport yo‘llarini tashkil etish yuksak iqtisodiy taraqqiyot ko‘rsatkichlariga erishish imkonini beradi va bu pirovard natijada boshqa barcha sohalarning rivojlanishida asos bo‘lib xizmat qiladi»2 Shuni aytib o’tish joizki, musulmon davlatlarida faoliyat olib borayotgan islomiy moliyalashtirishga asoslangan mavjud banklar, investisiya fondlari va kompaniyalar mablag‘larini O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi va xususiy sektorni qo‘llab quvvatlash maqsadida jalb etish ayni muddaodir. Buning uchun albatta milliy bank tizimiga yangicha yondashuv bo’lishi lozim, ya’ni an’anaviy moliyalashtirish mexanizmlari bilan bir qatorda sherikchilikka asoslangan moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etish masalasi tadqiq etilishi muhim va dolzarb hisoblanadi. Islom moliyasi tarixiga nazar soladigan bo’lsak, Islom dini Payg‘ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam orqali insoniyatga keldi va nisbatan qisqa muddatlarda Makka hamda Madina shaharlarida keng tarqaldi. Islomga qadar bu shaharlar mahalliy tadbirkorlik, davlatlar va elatlararo savdo munosabatlari orqali gullab yashnagan. Bu davrda riboga asoslangan moliyalashtirishlar amaliyoti moliyaviy ehtiyojlarni qondirishning asosiy manbai hisoblangan. Makkalik tadbirkorlar va Madinalik dehqonlar o‘zlarining moliyaviy ehtiyojlarini faqatgina foizli moliyalashtirish orqali qondirishgan. Islom nozil qilingandan so‘ng bu shaharlarning moliyaviy tuzilishlarida sezilarli o‘zgarishlar yuz bera boshladi. Jumladan, ribo bilan shug‘ullanishni, ma’lum mahsulotlar iste’moli va savdosini ta’qiqlovchi Qur’on oyatlari Islom moliyasiga asos bo‘lib xizmat qildi. Natijada, ushbu tamoyillar Makka va Madinada muvaffaqiyatli qo‘llanilib, asrlar davomida dunyoning boshqa davlatlarida ham keng tarqaldi. Payg‘ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davrlarida markaziy Islom xazinasi bo‘lgan Baytul-molni tashkil etilganligi Islom moliyasi tizimining rivojlanishi aynan shu davrdan boshlanganligidan dalolat beradi. Zakot, Ushr, Xaroj, Jizya, bojxona to‘lovlari, ixtiyoriy xayr-ehsonlar, urushlarda qo‘lga kiritilgan o‘ljalar va boshqa shu kabi daromad va kirimlar Baytul-molning asosiy manbai hisoblangan3 . Baytul-molni tashkil etilishidan tashqari, Islomning ilk davrlarida yo‘l cheklari mavjud bo‘lganligi tarixiy dalillar bilan tasdiqlangan. Masalan, Ibn Abbos r.a. Voriqni (dirhamlarga zarb qilingan kumush) qabul qilib olib, Kufaga (Iroqdagi shahar) tasdiqnoma yuborardi. Yana bir misol, Abdulloh ibn Zubayr r.a. Makkada omonatchilardan naqd pul qabul qilib olar va Iroqdagi ukasiga xat yozib, omonatchilar Iroqqa yetib borganida ularga omonatini berishini buyurardi4 . Yuqoridagilar Islom moliyasining milodiy 650 yildan 750 yilgacha bo‘lgan davrdagi qisqacha tarixi deyish mumkin. (Milodiy 750 - 1900 yillar). Ushbu davrda Rim, Tunis, Turkiya, Hindiston va Sumatra mintaqalarida mahalliy va xalqaro savdo sohasida katta o‘zgarishlar kuzatildi, turli savdo va moliya amaliyotlari qo‘llanildi. Ushbu amaliyotlarning aksariyati Mushoraka (foyda va zararni taqsimlash) asosida amalga oshirildi. Bundan tashqari, sukuk, Suftaja (qarz olgani to‘g‘risida tilxat), Bay al-Vafo va Bay al-Nuqud kabi moliyaviy vositalar ham amaliyotda keng qo‘llanildi. XIX asr oxiri - XX asr boshlariga kelib foizga asoslangan bank tizimining kengayishi kuzatila boshlandi. O‘z navbatida, o‘sha davr musulmon ulamolari ushbu holatlarga jiddiy munosabatda bo‘lib, musulmon jamiyati uchun Shariat me’yorlariga asoslangan muqobil moliya tizimi joriy etish kerakligini yoqlab chiqdilar. Masalan, 1890 yilda Hindistonda foizsiz moliyalashtirish muassasasi tashkil etildi. Undan so‘ng, 1923 yilda Haydarobodda “Anjuman Imdad-e-Bahmi Qardh Bila Sud” (Foizsiz kredit jamiyati) deb nomlangan yana bir muassasa tashkil etildi. Keyinchalik, 1950 yilning boshiga kelib Pokistonda birinchi zamonaviy Islom moliya muassasasi hisoblanadigan Mahalliy Islom banki tashkil etildi. Shu yilning oxirlariga kelib, Muzoraba va Vakala (agentlik) kabi foizsiz bank mahsulotlari ham qo‘llana boshladi. Shariat tamoyillariga asoslangan zamonaviy Islom bankiga, 1963 yilda Misrda Mit Gʻamr (Mit Ghamr) deb nomlanuvchi mahalliy jamg‘arma tashkil etish orqali asos solindi. Ayni shu davrda, Malayziyada ham musulmonlar Haj amalini bajarishlariga moliyaviy ko‘mak bo‘lishi uchun Ziyoratchilar jamg‘arma korporasiyasi o‘z faoliyatini boshladi va 1969 yilda Tabung Haji (Tabung Haji) nomi bilan mashxur bo‘lgan Ziyoratchilarni boshqarish va jamg‘arma kengashi tarkibiga kiritildi. 1970 yillarga kelib Islom moliyasiga bo‘lgan e’tibor yanada kuchaydi va buning natijasi o‘laroq 1971 yilda Misrda Nasir Ijtimoiy banki tashkil etildi. Bu bank Misr prezidenti farmoniga asosan tashkil etilgan davlat homiyligidagi birinchi foizsiz muassasa edi.
1975 yilda islom moliyasi sohasida ikkita katta yangilik yuz berdi - BAAda Dubay Islom banki hamda Xalqaro Islom moliya tashkiloti sanaluvchi Islom Taraqqiyot banki (Jidda, Saudiya Arabistoni) tashkil etildi. Undan keyin yana ko‘plab Islom moliyasi muassasalari tashkil etildi, jumladan, 1977 yilda Bagama orollarida Islom Investisiya kompaniyasi (IIC) ga asos solindi, 1978 yilda Jidda shahrida Qirol Abdul Aziz nomidagi universitetda Islom iqtisodiyoti bo‘yicha tadqiqot markazi tashkil etildi. 1980 yillarga kelib Islomiy moliyaviy xizmatlar sanoati shiddat bilan rivojlana boshladi. Shulardan, uchta musulmon davlati: Eron, Pokiston va Sudanda jiddiy tadqiqot ishlari olib borildi, iste’molchilar huquqlarini ta’minlash va Shariatga mos mahsulotlarni taklif qilishda an’anaviy banklar ham jalb qilindi. Shuningdek, Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi (IMF) foizsiz ishlaydigan iqtisodiy tizimning makroiqtisodiy oqibatlari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni boshladi. O‘z navbatida, Malayziya va Bahrayn kabi davlatlar ham o‘zlarining mavjud tizimlari doirasida Islom bankchiligi faoliyatini boshlab yubordilar. Natijada, 1983 yil 1 iyulda Malayziyada Bank Islam Malaysia Berhad (BIMB) Islom banki tashkil etildi5 . Bu davrdagi yana bir muhim voqea sodir bo‘ldi - Saudiya Arabistonida Al-Rajhi Banking Investment Corporation nomi bilan ish boshladi va ushbu kompaniyaga Islom banki guvohnomasi berildi. Yagona yoki Ikki tomonlama bank tizimi 1980 yilning boshlarida mahalliy hamda xalqaro moliya institutlari tomonidan yagona yoki ikki yo‘nalishga ega bank tizimini tatbiq qilish yuzasidan ko‘plab bahs va munozaralar boshlandi. Yagona bank tizimi - bu mamlakatdagi barcha moliyaviy tizimlar Shariatga mos kelishi kerakligini bildirsa, ikki yo‘nalishga ega bank tizimi esa mamlakatda ham Islom, ham an’anaviy moliya muassasalarining bir vaqtning o‘zida (ya’ni yondosh ravishda) faoliyat yuritishini anglatadi. Pokiston, Sudan va Eron yagona banki tizimini tanladi va qisqa vaqt ichida bu mamlakatlarda barcha moliya muassasalari faqat Shariat tamoyilariga asoslangan moliya mahsulotlari va xizmatlarini taqdim etadigan Islom bank-moliya tizimi joriy etildi. Boshqa tomondan, Malayziya, Birlashgan Arab Amirliklari, Quvayt va Bahrayn davlatlari ikki yo‘nalishga ega bank tizimini bosqichma-bosqich joriy etishga kirishishdi. 2000 yildan hozirgi davrgacha Islom moliya muassasalarining rivoji va amaliyotlari ko‘lamining dunyo bo‘ylab kengayishi mahalliy hamda xalqaro darajadagi umumiy me’yoriy-huquqiy asos va qoidalarga bo‘lgan ehtiyojini oshirdi. Ushbu sabablar XXI asrning boshlarida xalqaro me’yorlarni belgilashga ixtisoslashgan muassasalar faoliyatining rivojlanishiga olib keldi. 2001 yilda dunyoning eng nufuzli moliya muassasalaridan biri Xalqaro Islom moliya bozori tashkil etildi. Islom Moliya Institutlari uchun Buxgalteriya Hisobi va Auditi Xalqaro Buxgalteriya Standartlari Kengashi , Islom Moliya Xizmatlari Kengashi va Xalqaro Islom Reyting Agentligi kabi tashkilotlar ham shu paytga kelib o‘z faoliyatlarini boshlashdi. Keyinchalik, Islom Banklari va Moliya Muassasalari Umumiy Kengashi va Islom Moliya Muassasalari uchun Arbitraj va Murosa Markazi va boshqa ko‘plab tashkilotlar tashkil etildi. Yuqoridagi muassasalarni tashkil etishdan asosiy maqsad, Islom moliyasi sanoatini samarali nazorat qilish, shaffoflik va bozor tartiblarini joriy qilish orqali qonuniy asosga ega, mustahkam va barqaror tizimni shakllantirish, boshqarish va tartibga solish edi. Shuningdek, ular Islom moliya muassasalarining nafaqat Shariat tamoyillariga va ichki qonunchilik talablariga mos kelishini, balki Shariat tamoyillariga zid bo‘lmagan jahon andozalariga ham muvofiq ishlashini ta’minlashga harakat qildilar. Endi Islom moliyasi va banklarining Gʻarb mamlakatlar hududida yoyilishiga to’xtaladigan bo’lsak, Islom banki va moliyasi nafaqat Islom davlatlarida, balki Gʻarb davlatlarida ham keng tarqala boshladi. Gʻarbdagi mashhur Islom banki va institutlari quyidagi jadval orqali ko’rishimiz mumkin:
Yuqorida qayd etilgan muassasalardan tashqari, Islom banki xizmatlarini taklif etuvchi bir qancha dunyoga mashhur xalqaro an’anaviy banklar ham mavjud, jumladan, Chase Manhattan, Citibank, HSBC, Union Bank of Switzerland (UBS), BNP-Paribas, Standard Chartered va boshqa banklar. Islom moliasi sifatida tashil etilayotga moliya tashkilotlari islom moliyasi shartnomalari orqali amalga oshiriladi. Islomda shartnoma Shariatga zid bo‘lmagan taqdirdagina qonuniy hisoblanishi mumkin. Islom moliyasi shartnomalari Islom sivilizasiyasi davomida Shariat doirasida va jamiyat talablari asosida rivojlanib keldi. Arabiston yarim orolidagi arablar Islom dini kelishidan oldin ham o‘z moliyaviy ehtiyojlarini qondirish uchun bir necha turdagi shartnomalardan foydalanib kelishgan. Islom kelgandan keyin ham bu shartnomalar butunlay bekor qilinmadi, balki ularning mavzusi (predmeti) va amaliyotlariga e’tibor qaratildi. Chunki, savdo va moliya amaliyotlari Islom dinining ajralmas bir qismi hisoblanadi. Shu tariqa, Ribo unsuri mavjud deb topilgan har qanday shartnoma harom deb topildi va bekor qilindi. Shariatga to‘g‘ri kelmaydigan, lekin o‘zgartirilishi mumkin bo‘lgan bir qancha shartnomalar o‘zgartirildi, bir-biriga zid bo‘lgan tarkibiy qismlar olib tashlandi va shar’iy jihatdan to‘g‘ri holatga keltirildi. Islomdan oldin arablarda mavjud bo‘lgan ba’zi shartnomalar (masalan, mahsulotni ko‘rmasdan va tekshirmasdan ko‘r-ko‘rona qo‘l tekkizish orqali olish, tosh otish orqali aniqlash, egaliligi yo‘q bo‘lgan holda sotish) Payg‘ambarimiz Rasululloh sallolohu alayhi vasallam tomonidan nojoiz va Islomga zid deb e’lon qilingan. Shuningdek, Bay as-Salam kabi shartnomalar, barcha noto‘g‘ri unsurlar chiqarib tashlangach, Islom tamoyillariga mos - joiz ko‘rinishga keltirilgan. Yuqoridagi amaliyotlar Payg‘ambarimiz Rasululloh sallalohu alayhi vasallamning davrlarida to‘g‘rilangan shartnomalarning qisqacha tarixi edi. Endi esa, Islom moliyasidagi turli xil shartnomalarni, shuningdek, ularning tuzilishi hamda qo‘llanishini ko‘rib chiqamiz. Qur’oni Karimda Alloh ta’olo shunday marhamat qiladi: “Ey, iymon keltirganlar! Ahdnomalarga vafo qiling!” ("Moida" surasi 1-oyat). Qur’oni Karimning ushbu oyati Islomda shartnomalar uchun asos deyish mumkin. Shartnoma arab tilida “Aqd” deb nomlanadi, bu “bog‘lash”, “tugun” yoki “qo‘shilish” degan ma’noni anglatadi. Shartnoma unga aloqador barcha tomonlarni bir-biriga bog‘laydi. Shartnoma tomonlarning niyatlarini ifodalashi va ularning huquq hamda majburiyatlarini belgilashi bilan birgalikda, bitim yoki biznesning tabiati, jarayonlari, vositalari va davomiyligini aniq belgilab beradi. Islomda shartnomalarga alohida ahamiyat qaratiladi, shuning uchun ham moliya sohasidagi barcha shartnomalar Shariat tamoyillari asosida tuzilishi lozim. Islom dini (muayyan cheklovlarni nazarda tutgan xolda ) qarzni taqiqlamaydi, ammo inson sha’nini toptaydigan qarzga botib yashash madaniyatini ta’qiqlaydi. Islom shuningdek, tadbirkorlik ortidan keladigan shaxsiy manfaatni tabiiyki taqiqlamaydi, balki xudbinlik, ochko’zlik va qing’ir yo’l bilan ortirish kabi hayvoniy sifatlarni taqiqlaydi. Shu bilan birga islom banki va an’anaviy bankning bir biridan farqlarini ko’rib chiqamiz. Ikki turdagi bank (ya’ni islom banki va an’anaviy bank) tizimi mavjud bo‘lgan bir davlatda bir korxona an’anaviy tijorat bankidan kredit oladi. Yarim yildan so‘ng esa ushbu korxona islom banki bilan “murobaxa” bitimi imzolaydi. Ammo korxonaning faoliyati yaxshi yurmay qoladi. An’anaviy bank krediti bo‘yicha ham, islom banki “murobaxa” bitimi bo‘yicha ham to‘lov muddatlari yetib keladi. Korxonaning hozirgi xolida esa ularni to‘la olmaydi. Mana endi voqeaning eng «qiziq» joyiga keldik: an’anaviy bank, olingan kredit miqdoridan ham katta bo‘lgan jarima va penyalarni qo‘shib hisoblaydi (bunda kredit qaytarilmagan har bir kun uchun hisoblangan penya, kredit uchun belgilangan foizdan ancha yuqori bo‘ladi. Murobaha bitimi bo‘yicha esa korxona bank bilan tuzgan oldi-sotdi shartnomasiga asosan, avval boshdan kelishilgan ma’lum bir miqdordagi pulni to‘lashi kerak bo‘ladi xolos. Bunda, islom banki bir yil kechikkan to‘lovlar uchun ham hech qanday jarima yozmaydi va to‘lov miqdori islomda ribo taqiqlanganligi tufayli o‘zgarmas bo‘lib qolaverdi. Korxona rahbariyati an’anaviy tijorat banki tarafidan qo‘yilgan jarimalardan karaxt bo‘lgan bo‘lsa, “murobaha” bitimi bo‘yicha to‘lashi kerak mablag‘ning xattoki 1$ga ham ko‘paymaganidan hayron bo‘ladi. Tabiiyki, ular islom bankining bunday munosabatiga qoil qolishadi va minnatdorchilik sifatida murobaha bitimi bo‘yicha qarzni birinchi bo‘lib yopishadi. Ana’naviy bank bilan esa qo‘yilgan jarima va penyalar sababli hosil bo‘lgan ulkan qarz masalasida sudlashishni boshlashadi. Agar jarima, penyalar, kredit qo‘llanilganda korxona katta ehtimol bilan umuman yo‘q bo‘lib ketardi va o‘nlab odamlar ishsiz, qolardi, lekin bu voqeaning yakuni xayrli bo‘lib chiqdi. Shunday qilib, islom yo‘l-yo‘riq ko‘rsatuvchi tartiblarni taklif etadi va inson hayotining barcha jabhalari, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar (muomala) uchun qoidalar majmuiga rioya etishga amr qiladi. Faqat so‘nggi bir necha o‘n yillikda ushbu moliyaviy va iqtisodiy nizom hamda me’yorlarni zamonaviy tahliliy atamalar nuqtai nazaridan izohlash uchun jiddiy sa’y-harakatlar amalga oshirilganiga qaramay va ko‘plab tadqiqotlar chop etilgan bo‘lsa-da, baribir «islomiy moliya» yoki «islomiy iqtisodiyot» singari «islomiy» atama qo‘shilgan turli ijtimoiy fanlarga nisbatan aniq ta’rifni qo‘llash yuzasidan ayrim chalkashliklar saqlanib turibdi. Mana shunday tizimning turli jabhalarini bir butun sifatida emas, balki alohida ko‘rib chiqish tendensiyasi buning asosiy sabablaridan biri hisoblanadi. Masalan, «islomiy moliya» atamasi ko‘pincha «foizni man etuvchi» tizimni ta’riflash uchun ishlatiladi. Lekin mana shunday sodda bayon etish nafaqat noto‘g‘ri, balki qo‘shimcha chalkashliklarning manbasi ham hisoblanadi. Shunday qilib, islom yo‘l-yo‘riq ko‘rsatuvchi tartiblarni taklif etadi va inson hayotining barcha jabhalari, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar (muomala) uchun qoidalar majmuiga rioya etishga amr qiladi. Islom moliyasi va bankchiligining amaliy jihatlari barcha mamlakatlarda muvofiqlik va uyg‘unlik holatiga kelib ulgurganligini tushunib yetishimiz zarur. Shuning uchun yaratilgan va ishlab turgan mexanizmlarni qaytadan yaratishda xech bir ma’no yo‘q faqat shu mexanizmlarni omma oldida oqilona va to’g’ri ishlatish zarur. Mulk va boyliklarni saqlash shariatning asosiy maqsadlaridan biri bo‘lishi insonlarning yaxshi yashashi va adolatli jamiyat qurishda ular naqadar ahamiyatliligini ko‘rsatadi. Halol yo‘l bilan mol-mulk topish, boy va kambag‘allar orasida katta tafovut paydo bo‘lishi, boyliklarni bir qancha kishilar qo‘lida to‘planib qolishini oldini olishga asosiy e’tibor qaratiladi. Shariatning biror bir qoidasiga qarasangiz, turli taqiq yoki buyruqlar hayotning yuqorida ko‘rsatilgan jihatlarini saqlashga yo‘naltirilganini ko‘rishingiz mumkin. Islom moliyasida shakllangan qoidalar ham shu maqsadlarni ko‘zlaydi.