2. Mintaqaviy iqtisodiyotni tadqiq qilishning asosiy tushunchalari, predmeti va muammolari
Mintaqaviy iqtisodiyot uchun eng muhim ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirish masalasi fanda dastavval nemis olimlari tomonidan o‘rganilgan. Bunday tadqiqotlar natijasida hududiy iqtisodiyot, hududiy omillar, aglomeratsiya, mujassamlashuv, iyerarxiya, iqtisodiy landshaft, markaziy joylar kabi tushunchalar paydo bo‘ldi va ular hozirgi ilmiy adabiyotlarda keng qo‘llanilmoqda.
Sobiq Ittifoq davrida Davlat Bosh planining raisi akad. N.N.Nekrasov yetmishinchi yillarda o‘zining ―Mintaqaviy iqtisodiyot (Regionalnaya ekonomika) kitobini nashr ettirdi. U bir vaqtning o‘zida ishlab chiqarish kuchlarini o‘rganuvchi kengash (SOPS) ning ham raisi bo‘lgan. Shunga o‘xshash ilmiy tadqiqot muassasalalari Ukraina, Tojikiston va O‘zbekiston respublikalarida ham tashkil qilingan bo‘lib, u ko‘proq ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirish, hududlarni iqtisodiy rayonlashtirish muammolari bilan mashg‘ul edi. Bu tadqiqotda iqtisodchilar bilan birgalikda iqtisodiy geograflar yoki asosiy ma’lumoti iqtisodiy geografiya bo‘lganlar ham faol qatnashardi (masalan, professor Z.M.Akramov hamda ushbu kitobning muallifi turli yillarda mazkur kengashda ishlagan). O‘rni kelganda aytish kerakki, Sobiq SSSR da aynan mazkur kengash ishlarida hozirgi ―Mintaqaviy iqtisodiyot shakllandi va rivojlanib bordi. Chunonchi, O‘zbekiston FA qoshidagi SOPS olimlarining faoliyati tufayli Ittifoqda ilk bor hududlar iqtisodiy rivojlanish muammolarini kompleks o‘rganish ilmiy yo‘nalishi vujudga kelgan edi.
Shunday qilib, avvallari MI va IG orasida deyarli farq yo‘q edi, olimlar ham bunga e’tibor berishmasdi. Sohasi iqtisodiy geograf bo‘lgan N.N.Kolosovskiy, N.N.Baranskiy, I.M.Mayergoyz, T.M.Kalashnikova va boshqalar tomonidan yaratilgan yoki rivojlantirilgan hududiy mehnat taqsimoti, iqtisodiy rayonlashtirish, hududiy ishlab chiqarish majmualari, xalq xo‘jaligining hududiy tarkibi yoki tizimi, energiya ishlab chiqarish sikllari kabi fundamental g‘oyalar keyinchalik faqat geograflarnigina emas, balki ayni chog‘da iqtisodchilarniki ham bo‘lib qoldi va bunga hech kim e’tiroz bildirmasdi N.N.Nekrasov o‘zining asarida mintaqaviy iqtisodiyotni ta’riflab, an’anaviy iqtisodiy geografiyani asosan tabiiy resurslar va ularni xo‘jalik jihatdan baholovchi fan sifatida qaradi va uni nohaq kamsitdi, tadqiqot doirasini cheklab qo‘ydi. Balkim shuning uchun bo‘lsa kerak, Y.G.Saushkin so‘nggi asarida ―iqtisodiy geograflar o‘zlarining erishgan muhim yutuqlarini yo‘qotib qo‘ymoqdalar va bu haqda men kimga arzimni aytishimni bilmayman, deb noiloj achinib yozgan edi.
N.N.Nekrasovning bunday fikri ko‘pgina iqtisodchi va geograflar orasida anchagina shov-shuv va qizg‘in bahs-mulohazalarga sababchi bo‘ldi. Pirovard natijada, ―yarashilgan (kompromiss) xulosa chiqarildi: mintaqaviy iqtisodiyot – bu geografiylashtirilgan iqtisodiyot, iqtisodiy geografiya esa iqtisodiylashtirilgan geografiya, deb murosaga kelishildi va bu haqda o‘sha davrning nufuzli jurnalida axborot berildi. Boshqacha qilib aytganda, MI aniq iqtisodiyot va iqtisodiy geografiya qirrasidagi fan sifatida tan olindi.
Ammo shunga qaramasdan, yuqoridagi bahs-munozaralar ayrim salbiy oqibatlarga olib keldi. Ehtimol, bunga N.N.Nekrasovning obro‘ va amali ham ta’sir qilgan bo‘lsa kerak. Chunonchi, o‘sha davrdagi xalq xo‘jaligi turkumidagi oliygohlarda, jumladan, Toshkent xalq xo‘jaligi institutida (hozirgi Iqtisodiyot universiteti) mavjud bo‘lgan iqtisodiy geografiya kafedralarining nomlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri ―Ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirish – deb o‘zgartirildi, ularni ayrimlari hozirgi kunda ―Mintaqaviy iqtisodiyot nomini olishdi. Qizig‘i shundaki, kafedralar nomi o‘zgarsada, ularda ishlovchi mutaxassislar va o‘qiladigan fanlar mazmuni deyarli o‘zgarmay, ilgariligicha qoldi, kadrlar tarkibi esa ko‘proq tayanch ma’lumoti iqtisodiy geografiya bo‘lgan mutaxassislardan shakllangan (bundan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Moliya instituti ham istisno emas).
Biz yuqorida IG va MI ning ―egizak fanlar ekanligi, ularning bir-biriga qondosh va qarindoshligini, ular o‘rtasida ―Xitoy devori yo‘qligini asoslashga urinib ko‘rdik. Biroq, o‘xshashlik mutloq bir xillik, yagonalik emas. Mazkur fanlar o‘rtasidagi o‘xshashliklar va tafovutlar quyidagicha tavsiflanishi mumkin:
1. MI va IG ning tadqiqot obyektlari bir – ishlab chiqarishni ma’lum hududda joylanishi. Lekin, birinchisi uchun eng muhimi ishlab chiqarishning, aniqrog‘i ishlab chiqarish tarmoqlarining iqtisodiy jihatdan hududiy joylanishi bo‘lsa, ikkinchisi uchun esa ishlab chiqarish kuchlarining hududiy tarkibi va tuzilmasi, hududiy tashkil etilishi ustuvorroq ahamiyatga ega.
2. MI muayyan, alohida rayon yoki hududlarda ishlab chiqarish kuchlarining joylashtirishni iqtisodiyot nuqtai nazaridan tahlil etadi va baholaydi. IG esa turli mamlakat yoki rayonlarda ishlab chiqarish kuchlarining joylashuv xususiyatlari va hududiy tafovutlarini, ularga ta’sir etuvchi omil hamda sharoitlarni hisobga olgan holda qiyosiy o‘rganadi.
3. MI – da tahlil hududdan tarmoqqa, IG – da tadqiqot tarmoqdan hududga tomon olib boriladi; birinchisida hududiy tizimda tarmoq tarkibiga, ikkinchisida tarmoq tizimidan hududiy tarkib yo‘nalishiga urg‘u beriladi. Shu bilan birga, iqtisodiy geografiyada bu zanjir an’anaviy tarzda uzunroq: tarmoq → hudud (rayon) → tarmoq; vaholanki, mintaqaviy iqtisodiyotda u asosan hudud (rayon) → tarmoq shakliga ega1.
4. Tan olish kerak: MI – torroq bo‘lsada, u chuqurroq va, binobarin, amaliyotga yaqinroq, aniqroq fandir. Iqtisodiy geografiya tadqiqot predmeti, qamrovining kengligi sababli u ko‘proq tasvirlovchi va tavsiflovchi fan, ayrimlar nazarida hatto nohaq ravishda u faqat o‘quv predmeti sifatida e’tirof etiladi. Demak, iqtisodiy geograflar uchun iqtisodiy bilimlar va hisob-kitoblarni kuchaytirish, chuqurlashtirish, konstruktiv, ya’ni amaliy yo‘nalishlarni rivojlantirish muammolari dolzarbdir. Mintaqaviy iqtisodiyot uchun esa hududiy omillarni, ishlab chiqarish bilan hudud o‘rtasidagi munosabatlarni, jumladan, tabiatdan foydalanish iqtisodiyoti, geoekologik va iqtisodiy rayonlashtirish, HICHM muammolarini ham o‘rganish talab qilinadi.
5. MI – asosan ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirish haqidagi fan, hozirgi zamon iqtisodiy geografiyasi esa bir vaqtning o‘zida u ham sotsial geografiyadir yoki rasmiy ravishda iqtisodiy va ijtimoiy geografiyadir. Binobarin, bu fan iqtisodiy masalalar bilan birga ijtimoiy jabhalarni ham o‘rganadi, vaholanki MI asosan iqtisodiyot bilan shug‘ullanadi. Ammo bu fan ham ichki jihatdan murakkab bo‘lib, u mintaqaviy moliya, infratuzilma, mintaqaviy siyosat masalalarini o‘z qamroviga oladi.
Rеspublikamiz Prеzidеnti I.Karimov o’zining Idoralararo muvofiqlashtiruvchi kеngash majlisida so’zlagan nutqlarida: «… uzoq va davomli rеjalarni, prognozlar va makroiqtisodiy balanslarni tuzmasdan, ustuvor va stratеgik yo’nalishlarni aniqlab olmasdan, bu stratеgiyaga mamlakat iqtisodiyoti rivojining falsafasini bo’ysundirmasdan bozor iqtisodiyoti o’zidan o’zi rivoj topishi mumkin emas»ligi haqida gapirgan. Shundan kеlib chiqib, hududiy dasturlar ishlab chiqish va ularni bajarilishi bo’yicha doimiy monitoringlar tashkil etish hudud iqtisodiyotining muhim vazifalaridan hisoblanadi.
Mintaqaviy iqtisodiyot prеdmеti hududiy moliya-krеdit munosabatlarini va mintaqalardagi qimmatli qog’ozlar bozorining shakllanish jarayonini ham o’rganadi.
Bo’lajak iqtisodchilar iqtisodiy bilimlarining shakllanishi iqtisod fanlari tizimidagi konkrеt hudud bilan shug’ullanadigan yagona soha - mintaqaviy iqtisodiyotni o’rganishdan boshlanishi kеrak. Shu narsaga e'tibor bеrish lozimki, har qanday iqtisodiy faoliyat muayyan hududda ro’y bеradi. Bunda iqtisodchi rеsurs salohiyati, xo’jalik tizimi va uning rivojlanish darajasi xususiyatlarini mukammal bilishi zarur.
Shunday qilib, mintaqaviy iqtisodiyot - ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirish va rivojlantirish masalalarini, mamlakat va hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni tabiiy-ekologik sharoitlar bilan bog’liq holda o’rganadigan fandir.
Do'stlaringiz bilan baham: |