2-rasm. «Internet ashyo» arxitekturasi.
Buning yana bir qulayligini aytadigan bo‘lsak, uyga kirgan zahoti chiroqning avtomatik yonishi hamda uydagi haroratni me’yorlashtirish uchun konditsionerning o‘zi ishga tushishi, biror-bir ko‘rsatuvni avvaldan ko‘rishni o‘zingiz uchun belgilab olgan bo‘lsangiz, aynan o‘sha paytda televizorning o‘zi yonib bu haqda sizga xabar berishi qanday yaxshi. «Internet ashyo» ni xonadonda qo‘llash «Aqlli uy» texnologiyasi orqali hozirgi kunda rivojlanib bormoqda. Agarda bu texnologiyani uydan ham kattaroq bo‘lgan hududda, misol uchun, shaharda amalga oshirishimiz orqali «Aqlli shahar» termini vujudga keladi. Bu terminning ham o‘ziga yarasha qulayliklari mavjuddir. Jumladan, avtomobilingizga o‘tirishingiz bilan shaharning qaysi ko‘chasida tirbandlik bo‘layotgani va qaysi ko‘chada nisbatan mashinalar qatnovi kamroq ekani haqida ma’lumotga ega bo‘lish. Ofisingiz ham «Aqlli ofis» tizimida loyihalashtirilgan bo‘lsa, ya’ni mashinangiz ofisga yetishiga ikki daqiqa qolganda o‘zi Internet orqali xonangizdagi chiroqqa, konditsionerga va noutbukka xabar berib, siz kirguncha ularning hammasi ishga tushib tayyor holda bo‘lishi qanday ajoyib.
3-rasm. Shaharning ko‘chalarida tirbandlikni aniqlash.
Shunday ekan, yaqin kelajakda buyumlarning Internet orqali o‘zaro muloqoti «aqlli buyumlar» texnologiyasi nomi ostida rivojlanishiga va shu zamon kelishiga guvoh bo‘lamiz. Hozirda «Interneti ashyo» rivojlanish bosqichida bir qancha muammolarga duch kelmoqda. Bulardan ikkitasi yaqin vaqtlarda o‘z yechimini topishiga oz qoldi. Birinchisi yagona muloqot tilining mavjud emasligi bo‘lsa, ikkinchisi muloqot qilish uchun yagona xalqaro standartning ishlab chiqarilmaganligi. Buning natijasida, ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulotlarini xavfsizligi maqsadida, mahsulotlarini faqatgina o‘zlariga xos bo‘lgan protokollar orqali ishlashga mo‘ljallab chiqarishlari, oqibatda butun uydagi Internet ashyolarining hammasini faqatgina o‘sha firma tomonidan olishga majbur qilmoqda. Bu o‘z navbatida, xaridor uchun qimmatga ham tushmoqda. Yaqin kelajakda xalqaro standartning ishlab chiqarilishi natijasida, bunday texnologiyalar raqobatining oshishiga va buyumlar narxining ham arzonlashishiga olib keladi.
Bundan tashqari, texnologiyaning xavfsizligi ham muhim omillardan biri hisoblanib, agarda xavfsizlik yetarli darajada ta’minlanmagan bo‘lsa, bunday texnologiyadan hech kim foydalanmaydi. Axir kim ham xohlaydi – o‘z uyidagi buyumlarni oila a’zolardan tashqari chetdan boshqa bir odam boshqarilishini. Hattoki, jinoyatchilar ham uyning xavfsizlik tizimini bemalol buzib kira olishi kabi noqulaylik mavjud bo‘lib turgan hollarda. Buning uchun shaxsni tanish funksiyasining har tomonlama rivojlanishi va xavfsizlik tizimining ham mukammallashgan tarzda ishlashi lozim.
Shunday qilib, zamon tez suratlar bilan rivojlanib bormoqda ekan, «Internet ashyo» texnologiyasining rivoji ham ko‘plab qulayliklar keltirishiga ishonchim komil. Erta tongdan uyg‘onishingiz bilan o‘z uyingiz bugungi ob-havo qanday bo‘lishi haqida ma’lumot berishi, mazali nonushta tayyor holda va bugungi qilishingiz kerak bo‘lgan ishlarni eslatishi, oynaga qaraganingizda sizning sog‘lig‘ingiz haqida axborot berishi, qayeringizda qanday kasallik yuzaga kelishi mumkinligi va hattoki, sizni doktor qabuliga ham yozdirib qo‘yishi mumkinligi, kerakli dori-vositasini o‘zingizga yaqin bo‘lgan dorixonadan qanchaga sotib olishingiz mumkinligi va oldindan buyurtma qilishi haqidagi ma’lumotlarga ega bo‘lish, uyingizda qanday mahsulot tugayotgani va siz uchun kerakli barcha narsalar xaridi haqida ham ma’lumotlarni olib turish qanchalar yaxshi.
Bularning hammasi hozirda fantastika bo‘lib tuyilishi mumkin, biroq yaqin kelajakda bu sohaning rivoji inson hayotiga ulkan bir o‘zgarish olib kelishi aniq. Axir hamma texnologiyani Internet orqali avtomatik boshqarish orqali inson uchun qimmatbaho bo‘lmish vaqtini o‘zi va yaqinlari bilan birgalikda o‘tkazishiga, ko‘proq sevimli ishi bilan shug‘ullanishiga sarf bo‘ladi. Bu esa o‘z navbatida yangi imkoniyatlar yaratilishiga zamin yaratadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |