MAVZU: INTELLEKTUAL KAPITAL, INTELLEKTUAL MULKNI
SHAKLLANTIRISH VA BOSHQARISH
Reja:
O'zbekiston Respublikasining intellektual mulk sohasidagi strategiyasi.
Patent huquqining rivojlanish tarixi.
Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sharoitida intellektual mulkni O`zbekistonda muhofazalash.
Butun jahon intellektual mulk tashkiloti.
O'zbekiston Respublikasining intellektual mulk sohasidagi strategiyasi.
Intellektual mulk agentligi tomonidan intellektual mulk tizimini rivojlantirish maqsadida O'zbekiston Respublikasining intellektual mulk sohasidagi Strategiyasi ishlab chiqiladi. Ushbu hujjat maqsadi intellektual mulk sohasini rivojlantirishning keyingi yo'nalishlarini va intellektual mulk tizimidagi manfaatdor davlat tashkilotlari, ularning vazifalari va vakolatlarini belgilash, shuningdek, alohida e'tiborga molik asosiy muammolarni ochib berishdan iboratdir. Strategiya vazifalari quyidagilardan iborat: intellektual mulk sohasini rivojlantirish masalasiga tizimli yodoshuvni va muammoli masalalarning bartaraf etilishini ta'minlash; davlat idoralarining o'zaro hamkorligini kuchaytirish, jumladan, intellektual mulk borasidagi qonunchilikni bir xilda talqin etilishi borasida; qatnashuvchi tomonlarning mas'uliyatini oshirish; ilmiy- texnik ijodkorlik va innovasion fikrlash/tadbirkorlik uchun qulay shart-sharoit yaratish; qatnashuvchi barcha tomonlarda intellektual mulkka nisbatan hurmat hissini shakllantirish. Ushbu hujjatning ishlab chiqilishi quyidagi dolzarb muammolarning yechimini talab etadi:
- Intellektual mulk sohasida band bo'lgan barcha davlat tashkilotlarining uyushqoqlik bilan ishlashiga, intellektual mulkni himoyalash va uni kommersiyalashtirishga erishish. - Tadbirkorlik va ilm-fan sub'ektlarining, xuddi shuningdek, davlat tashkilotlari xizmatchilari va boshqaruv tizimi xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirish. - Intellektual mulk tizimini va unga nisbatan hurmat hissini rivojlantirib borish iqtisodiyotni innovasion jihatdan rivojlantirish asoslari sifatida belgilanishi lozim. - Umuman olganda, intellektual mulk davlat taraqqiyoti va xalqning moddiy farovonligini oshirishda muhimdir, degan nuqtai nazarni shakllantirish.
Strategiyani yaratishda Sanoat mulkini muhofaza qilish bo'yicha Parij konvensiyasi , O'zbekiston Respublikasining intellektual mulk sohasiga doir qonunlari, 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar Strategiyasi, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmon va Qarorlari, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qarorlari, shuningdek, Butunjahon intellektual mulk tashkilotining (bunday keyin - BIMT) milliy Strategiyani ishlab chiqish bo'yicha uslubiy ko'rsatmalari huquqiy asos bo'lib xizmat qiladi.
Qonun talablariga rioya etilishida mavjud muammolarni kompleks hal etish, mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqarishning samarali mexanizmlarini joriy etish, mualliflar va huquq egalarining munosib haq olish huquqlarini ta'minlash, yuksak badiiy saviyadagi asarlar yaratilishini rag'batlantirish, ushbu jarayonlar va munosabatlarda davlat nazorati amalga oshirilishini ta'minlash maqsadida Intellektual mulk agentligi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Prezidentining "O'zbekiston Respublikasi mualliflik huquqi va turdosh huquqlar tizimini tubdan takomillashtirish to'g'risida"gi qarori loyihasi tayyorlandi. Ushbu Qaror loyihasi mualliflik huquqini samarali himoya qilish, mualliflar va huquq egalariga mutanosib haq to'lash mexanizmlarini yaratish va mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqarishni amalga oshiruvchi "O'zbekiston mualliflari jamiyati" nodavlat-notijorat tashkilotini tuzishni nazarda tutadi.
Hozirda loyiha mutasaddi vazirlik va idoralar bilan kelishish bosqichida. Shuningdek, Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev tomonidan saylovoldi dasturlarida ham, madaniyat, san'at, adabiyot va matbuot olamiga kirib kelayotgan iqtidorli yoshlarni moddiy va ma'naviy jihatdan rag'batlantirish, ularni har tomonlama qo'llab quvvatlash maqsadida ko'rilayotgan chora tadbirlarning biri sifatida adabiy, badiiy va san'at asarlar uchun to'lanadigan qalam haqi miqdorini qayta ko'rib chiqish, ijodiy va intellektual mulk egalarining manfaatlarini himoya qilish masalalari diqqat markazida bo'lishi ta'kidlangan edi. Hozirda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 8 yanvardagi "Mualliflik haqi va boshqa haq to'lash stavkalarini tasdiqlash to'g'risida"gi 8-son Qaroriga tegishli o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish jumladan, unga muvofiq, mualliflarga to'lanadigan qalam haqi (gonorarlar) stavkalarini oshirish va ijodkorlarni moliyaviy rag'batlantirishni nazarda tutuvchi tegishli normativ huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilgan. Ushbu Qaror loyihasi mutasaddi vazirliklar bilan hamkorlikda ishlab chiqildi va tegishli vazirlik va tashkilotlarga imzolash uchun kiritilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |