Innovatsion siyosat—innovatsion strategiyaning maqsadlari va ustuvor yo‘nalishlarini hamda uning davlat organlari tomonidan amalga oshirilishi mexanizmlarini belgilovchi ijtimoiy-iqtisodiy siyosatning bir qismidir. Davlat innovatsion siyosati quyidagilardan shakllantirilishi maqsadga muvofiq: jamiyatni rivojlantirishning optimal yo‘llarini izlash; istiqbolli tarmoqlar va ishlab chiqarishlarni aniqlash va ularni moliyaviy qo‘llab quvvatlash; innovatsion jarayonlarni iqtisodiy tartibga solish; fan texnika yutuqlarining tez sur‘atlarda ishlab chiqarish va xizmatlar sohasiga joriy etilishini tashkiliy, huquqiy va boshqa yo‘nalishlarda ta‘minlash. Shunday qilib, innovatsion siyosat—innovatsion infratuzilmaning shakllanishi va kelgusida samarali amal qilishiga mos sharoitlar yaratishga qaratilgan tashkiliy tadbirlar majmuasidir. Davlat innovatsion siyosatining asosiy yo‘nalishlari sifatida quyidagilarni alohida ko‘rsatish lozim:
-fan va texnika inqilobini jadallashtiruvchi natijalarni olishga yo‘naltirilgan fundamental tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash;
-ilg‘or texnik echimga ega yangi texnologiya va texnikani yaratish hamda uni moddiy ishlab chiqarishga taqdim qilishga yo‘naltirilgan ITTKIlarni moliyalashtirish;
-innovatsiyalarni amalga oshirishga ishlab chiqaruvchilarning iqtisodiy qiziqishlarini ta‘minlovchi qonuniy-huquqiy va axborot bazasini yaratish.
Innovatsiyalarni qo`llab-quvvatlash infratuzilmasi
Mamlakatimizda faol innovatsion tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan qulay shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Mahalliy ilmiy va innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish va ishlab chiqarishga joriy qilish maqsadida mamlakatda innovatsion tadbirkorlikning rivojlanish darajasini oshirishni qo‘llab-quvvatlaydigan “Yashnobod” innovatsion texnoparki, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida Ilg‘or texnologiyalar markazi, shuningdek, vazirliklar va oliy ta’lim muassasalari qoshida boshqa shu kabi tashkilotlar tashkil etildi.
Bundan tashqari innovatsiyalarni qo`llab-quvvatlash maqsadida qator qonun va qarorlar qabul qilingan.
Jumladan “Innovatsion faoliyat toʻgʻrisida”gi qonunda mazkur sohadagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari, uning sub’yektlari, ob’yektlari, infratuzilmasi, sohani tartibga solish tizimi va uni moliyalashtirish meхanizmi belgilangan. Innovatsion faoliyat sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
-innovatsion rivojlantirishning huquqiy jihatdan tartibga solinishini ta’minlash;
ustuvor yoʻnalishlarni belgilash;
-zarur shart-sharoitlar va infratuzilmani yaratish;
-innovatsion faoliyat sub’yektlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish;
-respublika, tarmoq va hududiy davlat dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish;
-investitsiyalarni jalb etishga koʻmaklashish;
-davlat-хususiy sheriklikni rivojlantirish;
-kadrlarni tayyorlashni, qayta tayyorlashni va ularning malakasini oshirishni tashkil etish;
-хalqaro hamkorlikni rivojlantirish.
Davlat innovatsion faoliyatni qoʻllab-quvvatlashni quyidagi yoʻllar bilan amalga oshiradi:
-innovatsion rivojlantirish strategiyalarini qabul qilish va amalga oshirish;
-normativ-huquqiy bazani takomillashtirish;
-innovatsion faoliyat sub’yektlariga soliq, bojхona imtiyozlari va preferensiyalar berish;
-respublika Davlat byudjeti mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan innovatsiyalarni yaratishga oid davlat buyurtmasini bajarish;
-innovatsion faoliyatni moliyalashtirishga хoʻjalik yurituvchi sub’yektlar mablagʻlarini jalb qilish uchun shart-sharoit yaratish;
-ilm-fan yutuqlariga asoslangan mahsulotning va ilgʻor teхnologiyalarning davlat хaridlarini tashkil etish;
-innovatsion faoliyat sohasida kadrlarni tayyorlashga, qayta tayyorlashga va ularning malakasini oshirishga koʻmaklashish.
Innovatsion rivojlanish vazirligi innovatsion faoliyat sohasidagi vakolatli davlat organidir.