Huquqiy madaniyat - davlat tomonidan belgilangan qonun-qoidalarga rioya etishdagi shaxsning xulqi, munosabati tushuniladi.
Bir so'z bilan aytganda huquqiy madaniyat ongli ravishda huquqiy me’yorlarga rioya qilish va bo'ysunishdir.
Huquqiy ong – huquqiy madaniyatning ajralmas qismi bo’lib hisoblanadi. Har bir shaxsning huquqiy ongi uning qonun me’yorlariga bo’ysunishidan, ularni qabul qilish xususiyatlaridan, o'rnatilgan qonunni qo'llash, unga rioya qilish tushunchalaridan kelib chiqadi.
Jamiyat hayotini huquqiy tartib asosida tuzish to'g'risidagi tushunchalar tizimi, ijtimoiy ong shakli - huquqiy ong deyiladi.
Qonun deganda davlat hokimiyatining oliy organi tomonidan qabul qilingan ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi oliy yuridik kuchga ega normativ huquqiy akt tushuniladi.
Qonunning asosiy jihatlari quyidagilar:
1.Qonun davlat hokimiyati yuqori vakillik organi tomonidan chiqariladi; 2. Qonun yuqori yuridik kuchga ega 3. Me’yoriy-huquqiy xarakterga ega; 4. Unda turli ijtimoiy munosabatlar tartibga solinadi; 5. Qonunlar davr talablarining bajarilishiga qaratiladi; 6. Qonun xalqning irodasini mujassamlashtiradi.
Jamiyat va davlatning yetakchi kuchi uning qonunlaridir.
Huquqiy ta'lim berish vazifalari:
1. Maktabgacha yoshdagi bolalarga O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini o'rgatish jarayonida ularda huquqiy ongni shakllantirish;
2. Huquq me'yorlarga hurmat ruhida tarbiyalash orqali bolalarda mustaqil, erkin fikrlash, ijodiy ishlarga intilish his-tuyg'usini uyg'otish;
3. Tevarak-atrofda bo'ladigan ijobiy va salbiy holatlarga nisbatan huquq normalari asosida o'z fikr-mulohazalarini bildirishga o’rnatish.
Huquqiy tarbiya berish vazifalari:
1. Ona Vatanni sevish, uni e'zozlash tuyg'usini singdirish;
2. Konstitutsiya va qonunlarga yuksak hurmat darajasini o’stirish.
3. Huquqiy me’yorlarga rioya qilishga odatlantirish.
4. Davlat, ota-onalar oldidagi burch va majburiyatlarini bajarish yo’llarini ko’rsatish.
Davlat va huquqning vujudga kelishi to'g'risida Sharqning alloma-yu fuzalolari, mutafakkiriari o'zlarining tarixiy asarlari orqali turli falsafiy fikr va qarashlarni bildirganlar.
«Avesto» da jinoyat va jazo masalalarida ham ko`p fikr va mulohazalar, qonunlar bitilgan.
Masalan: kimda – kim omonatni vaqtida qaytarmasa, qarzini o`z egasiga bermasa, uning bu amali o`g`irlik bilan barobardir.
Qasam va qasamni buzish to`g`risida ham shunday fikrlarni uchratish mumkin. - Qasam buzgan kishining gunohi-uning va eng yaqin qarindoshlarining qilgan gunohlarining 300 tasi bilan tengdir.
- Urmoqqa, o`g`irlamoqqa, gunohga qasd qilsa, uning gunohi og`ir hisoblangan va shu tariqa klassifikatsiya qilingan, hamda shunga mos jazo tayinlanishi belgilangan.
Qur'onning mo`jizaligi uning o`zida aqidaviy - g`oyaviy, qonun va axloqiy qoidalarni (normalarini) o`zida mujassamlashtirishdir. Olimlarning fikricha fiqhiy huquqiy masalalar bo`yicha Qur'onda quyidagi oyatlar mavjud.
1. Haqqullox 140 oyat.
2. Shaxsiy huquq (oila, taloq, vasiyat) 70 ta
3. Muomulot yoki fuqarolik huquqi 70 ta.
4. Jinoyat va jazo 30 ta oyat.
5. Sud va sud jarayoni 20 oyat
6.Davlat va huquq sohasida 3 oyat. Hammasi bo`lib 333 ta oyat
Islom huquqshunosligini rivojlanishida Imom Buxoriy,At-Termiziy, aAhmad Yassaviy,Najmiddin Kubro kabi buyuk allomalarimizning xizmati juda kattadir.
IX-X asrlarda yashagan, O'rta asrlar Buyuk islom olamining faqiqi Burhoniddin al-Marg’iloniy (Marg’ilon – o’rta asrlarda arablar Marg’ilon shahrini shunday atashgan), Qur’oni Karim va hadislar ilmini mukammal egallab, fiqh-islom huquqshunosligi borasida benihoya chuqur ilmga ega bo’lgan va huquqiy tarbiya sohasida beqiyos durdonalar yaratgan.Jumladan ,’’Al-Hidoya’’ asari necha asrlar davomida ko’p musulmon mamlakatlarida huquqiy tarbiyaga doir eng yirik asosiy manbalardan bo’lib keldi.
«Hidoya» asari 53 ta kitobdan iborat. Bu kitob rus, ingliz, fors, arab va boshqa ko’pgina dunyo tillariga tarjima qilinib, nashr etilgan.
«Hidoya» asari ikki qismga bo`linib uning faqatgina 2 - qismi huquq sohalariga -oila, mehnat, jinoyat va jazo, fuqarolik, xalqaro huquq va boshqa huquq sohalariga bag’ishlangan.
Buyuk mutafakkir Abu Ali ibn Sino har qanday jamiyat, davlat ma’lum adolatni himoya etuvchi, huquqiy qonunlar asosida idora etiladigan, adolatsizlikka yo’l qo’yilmaydigan ,qonun ustuvor bo’lgan adolatli jamiyat ta’limotini yaratishga, uni rivojlantirishga katta hissa qo’shgan.
“Inson o’z shaxsiy talablari jihatidan boshqalardan ajralgan holda yashay olmaydi,chunki u insoniyatning boshqa vakillari bilan munosabatdagina ularni qondira olishi mumkin. Jamoa a’zolarining barchasi uchun majburiy-huquqiy qonunlar zarur bo’ladi. Jamoaning barcha a’zolari mehnat bilan shug’ullanmoqlari zarur”, - deb yozadi Ibn Sino o’zining “Ishorat va tanbihat” asarida.
Farobiyning inson va jamiyat, ularning o`zaro ta'siri, davlat, siyosat urush va tinchlik kabi masalalariga bag`ishlangan asarlari sirasiga «Fozil odamlar shahri», «Fuqarolik siyosati», «Jamiyatni o`rganishi haqida», «Urush va tinch – totuv yashash haqida», «Davlat arboblari haqida hikmatlar» nomli asarlarida inson, jamiyat, siyosat, adolat, odob – axloq, ta'lim – tarbiya to`g`risidagi fikrlari bayon etilgan.
Abu Nasr Farobiy o’zining “Fozil odamlar shahri”asarida “Taxlis-u navomisi Aflotun” (“Aflotun qonunlari mohiyati”) nomli asarga asoslanib shunday deydi:
“Aflotunning aytishicha, eng mushkul ish – qonunni joriy qilishdir. Qonunga shubha bilan qarash hamda qonun ustidan arz qilish esa eng oson ishdir. Xalq qonunlarga ehtiyoj sezishi va ularni o’rganishi zarur, chunki ular keyinchalik xalqning o’ziga foyda keltiradi”.
Adolatli jamiyatning asosiy yo’llarini Farobiy quyidagicha bayon etib bergan:
- Fozil (12 xislatni o’zida aks ettirgan) davlat rahbari va davlat a’zolarining bo’lishi;
- Qonun-qoidalarning mavjudligi va ularga davlat rahbarlarining, barcha aholining bo’ysunishi;
- Ilm-fanning taraqqiy etishi;
- Yaxshi axloq va xulqning insonlarda shakllanganligi;
- Davlat urush va bosqinchiliklarga qarshi bo’lmog’i, mamlakatda tinchlik, barqarorlikni o’rnatilishi.
Beruniy ham Forobiy kabi adolatli shoh orqali eng baxtli jamiyat qurish mumkin degan g’oyani ilgari suradi. Beruniy jamiyatni boshqarishda jamiyat podshoga xizmat qilmay, balki podsho jamiyatga xizmat qilishi kerakligini aytadi. Tabiatan boshqarishga moyil bo’lgan hokim o’z fikri va qarorlarida qat’iy bo’lishi, o’z ishlarini amalga oshirishda faylasuflarning qonunlariga amal qilishi, shohning o’zi ham yaratuvchan ongiga ega bo’lishi, ko’proq dehqonlar haqida qayg’urishi kerak. Odil hokimning asosiy vazifasi oliy va past tabaqalar, kuchlilar va kuchsizlar o’rtasida tenglik va adolat o’rnatishdan iboratdir. Hokimning muhim vazifalaridan yana biri fan taraqqiyotiga, olimlarga g’amxo’rlik qilishdir, deb aytadi Beruniy.
Amir Temur o’zining “Temur tuzuklari” asarida huquqiy nazariyaga oid quyidagi fikrlarni bildirib o’tadi:
“Kimki, biron sahroni obod qilsa yo biron bog’ ko’kartirsa, yoki xarob bo’lib yotgan yerni obod qilsa, birinchi yili undan hyech nima olmasinlar, ikkinchi yili raiyat o’z roziligi bilan berganini olsinlar, uchinchi yili esa qonun-qoidaga muvofiq xirij yig’ilsin”.
“Davlat ishlarining ulushlari kengash, tadbir vamashvarat, qolgan bir ulushi esa qilich bilan bajo keltirilishini angladim”.
“Yana tajribamdan ko’rib bildimki, davlat agar din-u oydin (qoida) asosida qurilmas ekan, to’ra-tuzukka bog’lanmas ekan, unday saltanatning shukuhi, qudrati va tartibi yo’qoladi. Bunday saltanat yalong’och odamga o’xsharkim kirib chiqadigan tomsiz, eshigu-tuynugi yo’q uyga o’xshaydi”.
Amir Temur davlatida odil sudlovni amalga oshirish uchun mukammal tizimdagi sud tizimi mavjud bo’lib, ular quyidagi to’rt sohaga bo’lingan va qozilar tomonidan boshqarilgan:
1.Fuqarolik sudi (aholi qozisi);
2.Harbiy sud (lashkar qozisi);
3.Shariat sudi (islom qozisi);
4.Amaldorlar sudi (xizmatchilar qozisi)
Shahar, o’lka va viloyat aholisi jinoyat va fuqarolar ishi bo’yicha sud qilinardi. Bu ishda shariat, harbiy kishilarga nisbatan tribunal (harbiy sud) qo’llanilsa-da, tuzuklar asosida hukm chiqarilgan.
Maktabgacha ta'lim yoshidagi bolalarni O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bilan yaqindan tanishtirish dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Dastlab, Konstitutsiya o'zi nima, nima uchun u Respublikamizning bosh qomusi hisoblanadi, uning mazmuni, mohiyati, inson va fuqarolarning asosiy holati to'g'risida tushuncha berilishi lozim.
"Konstitutsiya" so'zi lotin tilida "Constitutio" - so'zidan kelib chiqib, "tuzish", "o'rnatish", "belgilash” degan ma'nolarni anglatadi. Dastlab, qadimgi Rimda jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlar qonun asosida belgilangan bo'lib, u o'zining uzoq tarixiga ega. Jahonda birinchi Konstitutsiya 1787-yilda AQShda, 1831-yilda Belgiyada, 1874-yilda Shvetsariyada qabul qilingan.
O'zbekiston Respublikasi mustaqillikga erishganligining dastlabki yillarida o'zining Konstitutsiyasi qabul qilinishi o'zbek davlatchiligining rivojlanishiga asos bo'ldi. Mustaqillikdan avval O'zbekiston garchand suveren davlat deb atalgani bilan barcha masalalarni mustaqil hal eta olmagan. Konstitutsiyaning yaratilishi 1990-yilning iyun oyidan boshlangan bo'lib, bunda Respublikamiz olimlari, oliy kengash deputatlari, butun o'zbek xalqi ishtirok etdi va xalq muhokamasidan o'tib 1992-yil 8-dekabrda qabul qilindi.
O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi - xalqning maqsadini, istagini, davlat suverenitetini, ijtimoiy va davlat tuzilishini, xalqaro munosabatlarni, inson va fuqarolarning huquqiy holatini, davlat organlarining vakolatlarini, saylov tizimi va boshqa muhim masalalarni o'z ichiga olgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |