HUQUQIY DAVLATNING XUSUSIYaTLARI. Huquqiy davlat etatik davlatdan butunlay ajralib turadi. Mazkur tafovut davlat hokimiyatini tashkil qilish va amalga oshirishning barcha taraflari, shuningdek, oldida turgan vazifalarni hal etish shakl va usullari, jamiyat, millat va elatlar, ijtimoiy guruhlar va alohida fuqarolar, siyosiy partiyalar va jamoat birlashmalari kabi tarmoqlarni qamrab oladi. Ulardan eng muhimlariga to‘xtalamiz.
1. Huquqiy davlatda hokimiyatning butun mexanizmi — har bir organ, mansabdor shaxs — o‘z faoliyati davomida huquqiy prinsiplar va qoidalarga tayanadi, o‘z faoliyatini ular bilan bog‘laydi. Huquqiy normalar nafaqat aholi uchun, balki davlat organlari va mansabdor shaxslar uchun ham majburiy bo‘ladi. Ularning huquq chegaralaridan chiqishga umuman yo‘l qo‘yilmaydi yoki imkon berilmaydi. Agar etatik davlatda rasmiy organlar va mansabdor shaxslar huquqni o‘zlari uchun ikkinchi darajali va majburiy emas deb tushunsalar, huquqiy davlat sharoitida bunday holat, aksincha, umuman nomaqbul va nojoiz hisoblanadi, shu sababdan u sekin-asta yengib o‘tiladi.
2. Huquqiy davlatda etatik davlat uchun xos bo‘lgan holat, ya’ni huquq va qonun o‘rtasidagi masofaning uzayib ketishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Undagi davlat organlarining barcha normativ hujjatlari o‘zining mazmun-mohiyati va yo‘nalishi, qabul qilish va rasmiylashtirish tartibi, qonuniy kuchga kiritish, qo‘llash, amalga oshirish va buzilishlardan muhofaza qilish xususiyatlariga ko‘ra ququqning yuksak talablariga javob beradi. Qonunchilik muntazam ravishda huquqiy prinsiplarga asoslanadi, ularni o‘ziga singdiradi, ulardan aslo chekinmaydi. Davlat organlarining nohuquqiy normativ hujjatlarni qabul qilishi va ularga amal qilishiga umuman yo‘l qo‘yilmaydi. Etatik davlatlarda esa ko‘pincha buning aksi ekanligiga shohid bo‘lamiz.
3. Huquqiy davlat normativ qonunlarni qabul qilish va e’tirof etish bilan cheklanib qolmaydi. U mazkur qonunlar zaruriy ravishda hayotga tatbiq etilishi, barcha jismoniy va yuridik shaxslar, davlat va jamoat organlari, korxona, muassasa va tashkilotlar faoliyatini kerakli yo‘nalishga solishga katta ahamiyat beradi. Davlatning huquqni amalga oshirish borasidagi faoliyati asosiy vazifa hisoblanadi. Shu bois unda «qogozda qolgan», amal qilmaydigan qonunlar umuman bo‘lmaydi. Aksincha, etatik davlatda keraksiz qonunlarning «uyumlari»ni hech kim tozalashga urinmaydi ham. Huquqiy davlatda ijtimoiy munosabatlarning har bir sub’ekti davlat organlarining amaldagi normativ hujjatlarini albatga bajarish kerakligiga astoydil ishonadi (boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas), zero bu huquq-tartibotning barqarorligi muhitini yaratadi va jamiyatda yuridik nigilizmning tarqalishi hamda odamlarning huquqda mensimay munosabatda bo‘lishini bartaraf etadi.
4. Huquqiy davlatda davlat normativ hujjatlarining amal qilishida subordinatsiyaga rioya qilinishiga katta ahamiyat beriladi. Unda huquq manbalari, ya’ni normativ hujjatlarning qat’iy buysundirilgan tizimi shakllanadi, amal qiladi va rivojlanadi. Bu tizimda har bir hujjatning o‘rni uning yuridik kuchiga bog‘liq bo‘ladi. Mazkur huquqiy manbalar «ehromi»ning cho‘qqisi — yuqori yuridik kuchga ega bo‘lgan konstitutsiya hisoblanadi. Hech qanday huquqiy manba konstitutsiya normalari va prinsiplariga zid bo‘lishi mumkin emas. Aksincha, davlat organlarining barcha normativ hujjatlari va huquqning boshqa manbalari konstitutsiyaga asoslanishi, uni aniqlashtirishi, to‘ldirishi va mazmunini rivojlantirishi lozim. Shunga muvofiq ravishda konstitutsiyaviy va oddiy qonunlar tuziladi, yuridik pillapoya (piramida)ning quyi «kavatlari»da davlat rahbarining hujjatlari, hukumat farmonlari va farmoyishlari, vazirliklar va idoralarning buyruqlari va ko‘rsatmalari, mahalliy vakillik va ijro etuvchi organlarning hujjatlari, huquqiy odatlar, sud va ma’muriy pretsedentlari yaratiladi. Kam yuridik kuchga ega bo‘lgan hujjatlarga yuqoriroq yuridik kuchga eta hujjatlarga nisbatan ustun ahamiyat berilishi totalitar va avtoritar davlatlarga xos bulib, huquqiy manbalar subordinatsiyasi va ierarxiyasini buzadi, shu bois huquqiy davlat uchun zid hisoblanadi.
5. Huquqiy davlatda, birinchidan, shaxs va ijtimoiy munosabatlar sub’ektlarining haq-huquqlari, huquq va erkinliklarning keng miqyosda qamrab olinganligi, normal hayot faoliyatini ta’minlash hamda jamiyat oddida turgan vazifalarni hal etish uchun yetarliligi bilan ajralib turadi. Ikkinchidan, huquqlar bilan ajralmas birlikda majburiyatlar tizimining mutanosib va muvofik tizimini o‘z ichiga oladi. Uchinchidan, huquqni hayotga tatbiq etish real yuridik kafolatlar bilan mustahkamlangan. Bunda ijtimoiy munosabatlarning bir turdagi sub’ektlari orasida tenglikni mustahkamlashga, sinfiy, milliy, urug‘-aymoqchilik imtiyozlarini belgilash va bu orqali ulardan biriga imtiyoz berib, ikkinchisini imtiyozlardan mahrum etishga yo‘l qo‘yilmaydi. Sub’ektlar orasida mazkur tenglikning yo‘qligi etatik jamiyatning huquqiy amaliyoti uchun xosdir. Ayni paytda huquqiy davlat shaxs va ijtimoiy munosabatlar sub’ektlarining haq-huquqlarini qo‘llab-quvvatlash, normativ jihatdan mustahkamlash va takomillashtirish haqida g‘amxo‘rlik qiladi. 6. Barcha davlat idoralari hamda ijtimoiy institutlar va tuzilmalarning legitimligi — huquqiy davlatning alohida belgilaridan biri. Huquqiy davlatda yetarli yuridik asosga ega bo‘lmagan institutlar va tuzilmalar uchramaydi. Basharti ular mavjud bo‘lsa ham, uzoq muddat muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsata olmaydi, pirovardida yengib bo‘lmas qiyinchiliklarga uchrab, tarix sahnasidan tushib ketadi. Davlat institutlari va tuzilmalarining ko‘pchiligi qonun asosida, belgilangan tartiblarga rioya qilingan holda, ularning maqsadi, vazifasi, amal qilish shakl va usullari aniq belgilangan holda yaratiladi. Xususan, bu qonuniylashtirishning ro‘yxatga olish, ijozat berish va litsenziya berish usullari, shuningdek, tegishli davlat organlari tomonidan nazorat-taftish vakolatlarining qo‘llanishi bilan ta’minlanadi. Huquqiy davlatdagi muhitning o‘zi yuridik munosabatda shubhali institut va tuzilmalarning qisqarishiga xizmat qiladi, aksincha, qonuniyligi doimo tasdiqlanadigan institutlar uchun esa keng imkoniyatlar yaratib beradi.
7. Huquqiy davlatda hokimiyatlar bo‘linishi prinsipi e’tirof etiladi va amalga oshiriladi. Shunga muvofiq ravishda yagona davlat hokimiyati doirasida uning uchta mustaqil tarmoqqa bo‘linishi ta’minlanadi. Bular qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlari bo‘lib, ular o‘zaro uzviy munosabatda bo‘ladi. 1 Pretsedent huquq huquqning anglo-sakson tizimi amal qiladigan mamlakatlarda keng qo‘llanadi va amal qiladi. Endilikda boshqa bir qator mamlakatlarda ham qo‘llanila boshladi. Hokimiyatning bitta tarmog‘i boshqalarini «bukib olishi» va bo‘ysundirishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Mazkur prinsipning ahamiyati shundaki, u hokimiyatning faqat bitta organ yoki mansabdor shaxs qo‘lida to‘planishiga yo‘l qo‘ymaydi, natijada ichki davlat apparatida hokimiyatning teng taqsimlanishini ta’minlaydi hamda diktatorlik tartibi yo‘zaga kelishining oldini oladi.
8. Huquqiy davlatda ichki qonunlar hamda umum e’tirof etgan xalqaro huquq normalari o‘rtasida optimal muvofiqlikni ta’minlash chora-tadbirlari amalga oshiriladi. Xalqaro huquq normalari hozirgi zamon huquqiy sivilizatsiyasining yutuqlarini mujassamlashtiradi. Mazkur yutuqlarga u yoki bu darajada huquqiy davlatlar ham aralashadi, zero ularda odatda ichki qonunlar oldida xalqaro shartnomalar (hammasini emas, faqat ratifikatsiya qilinganlari)ning ustunligi belgilanadi va bu shartnomalar bevosita qo‘llanishi aytib o‘tiladi. Shu bilan birga, mazkur mamlakatlar yuridik tizimlarining tashqi dunyodan ajralganligi va cheklangailigi bartaraf etiladi, ya’ni ular jahon hamjamiyatining huquqiy tizimiga qo‘shilib boradi, umum e’tirof etgan prinsip va normalarga rioya etib, ularni o‘z normativ hujjatlarida aks ettiradi.
9. Huquqiy tartibot (ayniqsa, fuqarolar huquq va erkinliklari) buzilgan hollarda huquqiy ta’sir qilish va huquqiy himoya mexanizmi amal qiladi, unda sud birinchi darajali o‘rin tutadi. Mazkur mexanizm jinoyatning oldini olish, buzilgan huquqni tiklash, yetkazilgan zararning qoplanishini ta’minlash, aybdorlarni jazolash, yangi huquqbuzarliklarning oldini olish, fuqarolar va ijtimoiy munosabatlarning boshqa sub’ektlariga davlatning barcha farmonlari to‘liq bajarilishi lozimligini uqtirish borasidagi vazifalarni kompleks ravishda hal qiladi. Agar huquq-tartibot, fuqarolar huquq va erkinliklarining har qanday buzilishi tegishli davlat organlari va mansabdor shaxslarning e’tiboridan chetda qolmasa hamda tartibbuzarlar har gal haqli jazo olsalar, bunday yondashuvning o‘zi qonunni buzishning samarali umumiy preventiv, ya’ni oldini oluvchi omili bo‘lib xizmat qiladi. O‘z navbatida, bu davlatda qonuniylikka rioya etish sharoitiga ta’sir etadi. Huquqiy davlatning yurisdiksiya, huquq-tartibotni muhofazalash, huquqni himoyalash va preventiv (oldini olish ) faoliyati huquqiy talablarga qat’iy rioya etishi zarur. Shu sababdan jamiyat hayotining huqukqiy faolligi etatik davlatga qaraganda ancha yuqori bo‘ladi.
10. Huquqiy davlat uchun fuqarolarning davlat oldida va davlatning fuqarolar oldida o‘zaro mas’ulligi xosdir. Davlat nafaqat har bir odamga tug‘ilishidan boshlab tegishli bo‘lgan ajralmas huquq va erkinliklarni tan oladi, balki ularning hayotga real tatbiq etilishi va tajovuzlardan himoya qilinishini ham kafolatlaydi. Ayni paytda, fuqarolar o‘z huquqlaridan davlat, boshqa fuqarolar, ijtimoiy munosabatlarning boshqa sub’ektlariga zarar yetkazmagan holda foydalanishlari va o‘zlariga yuklatilgan majburiyatlarni qat’iy bajarishlari zarur. Boshqacha qilib aytganda, davlatning fuqarolar bilan aloqasi murakkab va ko‘p qirrali bo‘lib, ular o‘rtasida muayyan huquqlarning vujudga kelishi hamda muayyan majburiyatlarning bajarilishini taqozo etadi. Yuqorida keltirilgan omillarning birgalikda amal qilishi jamiyat va davlatda huquqning hukmronligi, umum e’tirof etganligi va ustun mavqega ega bo‘lishiga olib keladi. Bu ijobiy natija hisoblanadi, zero huquq — insoniyat taraqqiyotining buyuk ne’mati, huquqiy tartibga solish, boshqarish va ta’sir etish borasida to‘plangan ijtimoiy tajribaning asosiy mohiyati, umuminsoniy qadriyatlar va adolat, demokratiya va tartib-intizom kabi yuksak royalarni o‘zida mujassamlash tiradi. Huquqning jamiyat hayotidagi ulkan ahamiyati va vazifasini tushunib etgan davlatni huquqiy davlatlar qatoriga qo‘shish mumkin. Demak, huquqiy qadriyatlarning ustunligi, ularning ham aholi, ham davlat xizmatchilari orasidagi nufuziga e’tibor beradigan, o‘z faoliyati davomida huquq bilan bog‘liq bo‘lgan hamda qonun talablari doirasida amal qilgan holda inson huquq va erkinliklarining buzilishiga yo‘l qo‘ymaydigan davlatni chinakam huquqiy davlat deyish mumkin.
HUQUQIY DAVLAT VA FUQAROLIK JAMIYaTI. Huquqiy davlat fuqarolik jamiyati bilan uzviy bog‘langan bo‘lib, usiz shakllanmaydi, amal qilmaydi va rivojlanmaydi. Fuqarolik jamiyati — real ijtimoiy-iqtisodiy zamin bo‘lib, uning negizida huquqiy davlatning muhim tarkibiy qismlari vujudga keladi, mustahkamlanadi, o‘zining yashash qobiliyatini namoyon keladi va takomillashadi, shuningdek, ularga zarur shart-sharoit va zamin yaratib beruvchi o‘ziga xos «yashash muhiti» bo‘lib xizmat qiladi. Huquqiy davlatni barpo etishdagi yutuqlar, mazkur jarayonning ko‘lami va sur’ati, undagi ijobiy va salbiy natijalarning o‘zaro nisbati har qanday jamiyatning fuqarolik jamiyatiga aylantirilishiga ko‘maklashadi. O‘z navbatida, huquqiy davlatning barpo etilishi va rivojlanishi jamiyatning mustahkamlanishi va takomillashuviga yordam beradi. Binobarin, davlatning huquqiy davlatga aylanish jarayoni qanchalik keng va to‘la amalga oshsa, fuqarolik jamiyatini ushlab turadigan va unga xizmat qiladigan huquqiy tayanch va qurilmalar shunchalik ishonchli va salmoqli bo‘la boshlaydi. Boshqacha qilib aytganda, huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati orasida o‘zaro aloqadorlik mavjud bo‘lib, ularning biri ikkinchisisiz yashay olmaydi. Ularning amal qilish natijalari o‘zaro uzviy bog‘liq bo‘lib, bir-birlariga bevosita ta’sir etadi. Fuqarolik jamiyatiga xususiy mulkchilik va bozor munosabatlarining mavjudligi, raqobat, tezkorlik, mahorat asosida xo‘jalik va tijorat yutuqlariga erishayotgan mulkdorlar ahamiyatining oshishi xos.
Fuqarolik jamiyati ijtimoiy yetuklikning ma’lum bosqichiga yetganidan so‘ng davlatning hukmronligiga yo‘l qo‘ymaslik, u bilan muayyan tenglik, o‘zaro uyg‘un munosabatlar va aloqalarni o‘rnatish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Fuqarolik jamiyatining rivojlanib borish jarayonida davlatlar, jamiyatlar va shaxslar orasidagi munosabatlar yangi sifat darajasiga ko‘tariladi, birining boshqasi ustidan ustunligiga barham beriladi. Jamiyatda yuzaga keladigan ziddiyat, qarama-qarshiliklar va to‘qnashuvlar zo‘ravonlik, bostirish va qo‘zg‘olonlarsiz, qonuniy yo‘l bilan hal qilinadi. Huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati turli-tuman, biroq bir-biriga yakin vazifalarni hal etadi. Agar huquqiy davlat o‘zining qonun hujjatlarida shaxsning huquqlarini mustahkamlasa, fuqarolik jamiyati unga yuqori ijtimoiy holatini kafolatlaydi. Mazkur holat (status) shaxs hayoti va faoliyatining turli tomonlariga urg‘u beradi va bir-birini to‘ldiradi. Ijtimoiy holat moddiy, tashkiliy-texnik imkoniyati, shuningdek, har bir jamiyat uchun xos sinfiy guruhiy, milliy-etnik, ijtimoiy aloqalar va munosabatlarni ifodalaydi. Mazkur imkoniyat va imtiyozlarga jamiyat o‘z a’zolarini ega qiladi. Jamiyatda bunday imkoniyat va imtiyozlar qanchalik ko‘p bo‘lsa, ulardan fuqarolar shunchalik to‘laroq foydalanishi mumkin. Ular huquqiy holat mazmunini tashkil etuvchi imkoniyatlarni mustahkamlaydi. Ularsiz imkoniyatlarni amalga oshirib bo‘lmaydi. Davlat va jamiyat tomonidan qo‘llanadigan mas’uliyatlar institutlarining o‘zaro aloqadorligi shunga o‘xshashdir.
Huquqiy tartibni buzuvchi shaxslarni davlat yuridik javobgarlikka tortadi, nohuquqiy tartibbuzarliklarga esa ijtimoiy-axloqiy ta’sir choralari qo‘llanadi. Bunda javobgarlikning mazkur institutlari o‘zaro muvofiqlikda bo‘ladi va bir-birini to‘ldiradi. Fuqarolik jamiyati o‘z xususiyati, tabiati va asosiy sifatlari, xususan, erkinlik va adolatlilikka erishish, demokratiya va insoniy munosabatlarning mustahkamlanishiga yo‘nalganligi bilan huquqiyy davlat prinsiplarining tasdiqlanishiga yordam beradi, unga moyil bo‘ladi. Bu nimada ifodalanadi? Bunda faqat uchta omilni ajratishimiz mumkin: birinchidan, jamoat fikrida huquqning tutgan yuqori mavqei, nufuzi, yuridik institutlar, prinsiplar va normalari mustahkamlanadi va tarbiyalanadi; ikkinchidan, shunday muhit yuzaga keladiki, unda huquqiy talablarni nazarga ilmaslik va buzish g‘ayritabiiy holat sifatida baholanadi, u umum e’tirof etgan jamoat tartibiga mos kelmaydi; uchinchidan, jamiyat orqali yuridik mexanizmni to‘ldiruvchi huquqni amalga oshirishning muayyan ijtimoiy mexanizmlari ishlab chiqiladi. Ularga insonlarda fuqarolik jamiyati sharoitida shakllanadigan shaxsiy sifatlar — axloqiy burch, fuqarolik tuyg‘usi, o‘ziga nisbatan talabchanlik, adolatsizlikka murosasizlik, ijtimoiy faollik kabilarni misol qilib keltirish mumkin. Demak, fuqarolik jamiyati va huquqiy davlat qurish jarayonlari bir-biriga ko‘maklashadi, bir-biri uchun maqbul sharoit va zamin yaratadi. Mazkur ikki jarayon, umuman olganda, parallel ravishda yuz beradi, biroq real turmushda qaysidir davrda bir-biridan ilgarilab ketadi yoki, aksincha, ortda qoladi. Biroq aytib o‘tilgan jarayonlarning yuz berish «sinxronligi» (uyg‘unligi) jamiyat taraqqiyotining borishi davomida yana tiklanadi. Ta’kidlash joizki, nofuqaroviy jamiyatni fuqarolik jamiyatiga va etatik davlatni huquqiy davlatga aylantirish — murakkab ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, davlat-huquqiy va ma’naviy jarayonlar bo‘lib, taraqqiyotning keng ko‘lamini qamrab oladi va uzoq muddatga cho‘ziladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |