Tabiiy yonuvchi gazlar ularning olinishi va ishlatilishi
Tabiiy gazlarga yerdan qazib olinadigan yonuvchi gazlar kiradi. Tarkibiga ko‘ra ular quyidagi guruhlarga bo‘linadi: uglevodorodli: uning tarkibida kamida 50% har xil uglerovodorodlar bor; uglerod (IV) oksidli uning tarkibini asosan metan va ko‘p qismini uglerod (IV) oksidi tashkil qiladi (35% gacha); azotli: uning tarkibini asosan metan, og‘ir uglevodorodlar va ko‘p qismini (45% va undan yuqori) azot tashkil qiladi; aralashmali: ular uglevodorod, uglerod (IV) oksidi va azotlarning aralashmasidan iborat.
Gaz yoqilg‘isi sifatida asosan uglevodorodli gazlar ishlatiladi. Tabiiy uglevodorodli yoqilg‘ilar shartli ravishda tabiiy gazlarga, ular faqat gaz konlaridan olinadi va yo‘ldosh gazlarga – ular neft quduqlaridan neft bilan birga chiqadi.
Tabiiy gazlarning yonuvchi unsurlariga metan, ayrim konlarning gazida uning miqdori 99% ni tashkil qiladi va uning gomologlari: etan, propan, butan va boshqalar kiradi. Tabiiy gazlarda vodorod, uglerod (II) oksidi hamda kislorod yo‘q bo‘ladi. Yonmaydigan qismini (ballastni) azot (0,1-10%) va uglerod (IV) oksidi tashkil qiladi.
Tabiiy gazlarning yonuvchi qismiga ko‘ra gazlar quruq yoki issig‘i kamiga bo‘linadi, ularda og‘ir uglevodorodlarning (propan va undan yuqori) miqdori 50 g/m3 dan oshmaydi va issig‘i ko‘piga unda og‘ir uglevodorodlarning miqdori 150 g/m3 dan ko‘pini tashkil qiladi. Og‘ir uglevodorodlarning miqdori 50 dan 150 g/m3 gacha tashkil qiluvchi gazlar oraliq guruhini tashkil etadi.
Ko‘p tabiiy gazlarda oltingugurtli birikmalar yo‘q, ayrimlarinikida esa uning miqdori kam. Faqat gazli konlardan olingan tabiiy gazlarning yonish issiqligi o‘rtacha 31,5-38 MJ/m3 ni tashkil qiladi. Ko‘p miqdorda og‘ir uglevodorodlarga ega tabiiy gazlarning yonish issiqligi 49 MJ/kg ga teng bo‘lishi mumkin.
Tabiiy gazlar yer qobig‘ininng tog‘ jinslarida to‘planib, gaz qatlamlarini hosil qiladi. Bunday jinslar g‘ovak tuzilishda bo‘ladi (qumtosh, ohaktosh va boshqalar). Gaz qatlamlarini usti va tagi gaz o‘tkazmaydigan jinslar bilan chegaralangan buladi. Ko‘p hollarda gaz konlari yer qobig‘nning qat-qatini qavarig‘i yuqoriga qaratilgan buladi: bunda gaz gumbazning yuqori qismida, 4,9-5,9 MN/m2 va undan ham yuqori bosim ostida to‘planib turadi.
Gazni qazib olish uchun, gaz qatlamigacha quduq burg‘ulanadi. Bunda xuddi neftning olinishidek quduqni burg‘ilash usullari qo‘llaniladi. Burg‘ilangan quduq, yuqorida berkitish armaturasi bilan ta’minlangan quvurlar bilan jihozlanadi. Qatlamli bosim ta’sirida gaz favvoralanadi va maxsus tashish yo‘llari bilan tozalash va quritishga, so‘ng gaz quvurlari va iste’molchilarga yuboriladi.
Yo‘ldosh gazlar yer ostidan neft bilan birga olinadi va undan bosqichli sensratorlar yordamida neft traplari, kolonkalar va gaz seperatorlarda ajratiladi.
Respublika gaz qazib chiqarish sanoatida tabiiy gazni va gaz kondensatini qayta ishlash bilan bog‘lik ishlab chikarishlarni rivojlantirishga katta umid bog‘lanmoqda.
Eng yirik gaz konlari Janubiy-g‘arbiy Hisor va Buxoro – Xiva neft va gazli mintaqalarida joylashgan bo‘lib, bular Shurtan va Muborak guruhlariga kiruvchi konlardir.
Qazib olinayotgan gazlar tarkibida etan, propan, butan va boshqa unsurlar mavjud bulib, ular polimer materiallar – polietilen, polivinilxlorid va boshqa moddalarni olish uchun yaroqlidir. Bundan tashqari, Shurtangazkimyo kompleksidan olinayotgan propandan nitrilakril kislotasi olinib, undan nitron tolasi ishlab chiqarish mumkin.
Gazni va gaz kondensatini qayta ishlash bo‘yicha ishlab turgan va loyihalashgirilayotgan obyektlarning hammasida oltingugurtli birikmalardan foydalanish nazarda tutilgan.
Tabiiy gaz yoqilg‘ilar orasida eng arzon yoqilg‘i hisoblanadi. Uning qazib olish uchun sarflangan mablag‘lar ko‘mirnikiga qaraganda 12 baravar, neftnikiga qaraganda 2,5 baravar kam. Tabiiy gazning yonish issiqligi yuqori bo‘lgani uchun issiqlik elektr stansiyalarida va bug‘ generator qurilmalarining o‘txonalarida energetikaviy yoqilg‘i sifatida keng ko‘lamda ishlatilinib kelinmoqda. Energetika sohasida tabiiy gaz mavsumiy yokilg‘i bo‘lib ishlatiladi, ayniqsa yoz paytida, chunki bu vaqtda gazning maishiy iste’mol qilinishi kamayadi. Yuqori texnika – iqtisodiy samaradorligi bilan tabiiy gaz domnali ishlab chiqarishda texnologik jarayonlarida, pulatni ishlab chiqarishda, oyna va sementni tayyorlashda va boshqalarda ishlatiladi. Tabiiy gaz ko‘p miqdorda kommunal maishiy maqsadlari uchun ham sarflanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |