Valentlikning har qanday turi — til birliklarining sintaktik, leksik, semantik imkoniyatlari ifodasining namunasidir. Shu jihatdan, so‘z birikmasi sathidagi valentlik haqida so‘z yuritilganda, biz turli leksik-grammatik guruhlar, so‘z turkumlariga qarashli so‘z va so‘z shakllarining o‘zaro birikuvini tushunamiz. Bu birikuv asosida til tizimining yanada yuqoriroq sathiga oid yanada murakkabroq mazmunga ega bo‘lgan yangi nominativ birlik hosil bo‘ladi. So‘z birikmasining valentlikka oid xususiyatlarining bu ko‘rinishda talqin qilinishi uning tarkibiy qismlari — alohida leksik birliklarning lisoniy tabiatini aniqroq tasavvur qilish imkoniyatini yaratadi. So‘z birikmasining alohida til birligi sifatida qaralishi, bir qadar mavhumdir, chunki lug‘atlarda ko‘proq so‘z formasi kiritiladi va izohlanadi. Hatto izohli lug‘atlar mualliflari ham so‘zlarning grammatik xususiyatlarini yoritishayotib, ularning birikish imkoniyatlarini e’tiborga olishga majbur bo‘ladilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |